Sarvar Otamuratov Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

01:53, 02 noyabr

O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov 1 noyabr kuni Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Uchrashuvni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi 12-Xorazm okrug saylov komissiyasining raisi R.Jabborov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili M.To`raboeva yig`ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. 

Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov o`z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so`zladi. 

Caylovoldi dasturida ma`naviy-ma`rifiy sohaga alohida e`tibor qaratgan nomzod o`zligini anglagan, qadriyat va an`analarini e`zozlagan, tarixiy xotirasini asragan xalq iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar taraqqiyotga yuz tutishini ta`kidladi. Madaniy meros ob`ektlarini to`liq xatlovdan o`tkazish, hisobga olish ishlarini takomillashtirish, muzey, arxiv, kutubxona va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros ob`ekti belgilariga ega bo`lgan eksponatlar, kolleksiya va arxiv hujjatlarini to`liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratdi. 

O`zbekiston, jumladan, Xorazm ko`p asrlik tarix va nodir madaniy-tarixiy merosga ega. Bularning hammasi mamlakatimizda ulkan salohiyati to`liq ishga solinmagan turizm industriyasini rivojlantirish va yurtimizni jahon turizm markazlaridan biriga aylantirish imkonini beradi. 

Turizm iqtisodiyotni yanada rivojlantirishning muhim omili sifatida iqtisodiy va ijtimoiy muammolar echimiga, qo`shimcha ish o`rinlari yaratilishiga, aholi bandligini oshirishga xizmat qiladi. Iqtisodiy faoliyatning o`zaro bog`liq qator tarmoqlari infratuzilmaning rivojlanishiga turtki bo`lib, yanada ommaviylashadi. Turizm ayni paytda fuqarolik jamiyatining ma`naviy asoslarini shakllantirishda kuchli vosita bo`lib xizmat qiladi. Sayyohlik infratuzilmasining yanada rivojlanishini, sayyohlar uchun mo`ljallangan ob`ektlarning har tomonlama maqbul bo`lishini, transport va mehmonxona xizmatlari hamda sayyohlik logistikasini takomillashtirishni, sayyohlik industriyasi bilan bog`liq xizmatlarning turli sohalariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishni ta`minlash lozim. 

Aholi turmush sifati, darajasi va farovonligini oshirish – ijtimoiy sohadagi strategik maqsad ekani qayd etildi. Dunyoda dolzarb ahamiyat kasb etayotgan oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan davlat dasturini qabul qilish va unda aholining ovqatlanish xilma-xilligini kengaytirish, mamlakatimizda sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko`paytirish va bunda genlarni modifikasiya qilish usulidan foydalanishni cheklash, shu bilan birga, aholining ovqatlanish madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi. 

Uchrashuvda O`zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Shovot tumani kengashi raisi I.Boltaev, Qo`shko`pir tumani “Hayot ko`zgusi” gazetasi bosh muharriri M.Tillaeva va boshqalar o`z fikr-mulohazalarini bildirib, ushbu dasturda qayd etilgan ustuvor yo`nalishlarni amalga oshirish mamlakatni ijtimoiy rivojlantirish, demokratik o`zgarishlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta`kidladi. Saylovchilarni 2016 yil 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!