Shavkat Mirziyoev Andijon va Farg`ona viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi

02:02, 02 noyabr

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev 1 noyabr kuni Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Uchrashuvni O`zLiDePning Shahrixon tumani kengashi raisi Qahramon Sarimsoqov ochdi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev o`z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so`zladi. 

Dasturda davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh etish, iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlik va izchil o`sish sur`atlarini ta`minlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, mamlakatimizdagi tinchlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash, aholi bandligini ta`minlash, er va suv resurslaridan oqilona foydalanish, xususiy mulk va tadbirkorlik rivoji yo`lidagi to`siqlarni bartaraf etish, hududlarni kompleks va izchil rivojlantirish, xalqimiz turmush darajasi va hayot sifatini yuksaltirish kabi muhim masalalarga alohida e`tibor qaratilgan. 

Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Andijon viloyati ham yuqori sur`atlar bilan rivojlanmoqda. Buning tasdig`ini 2010 yildan buyon viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 1,7 barobar o`sgani misolida ko`rish mumkin. Viloyatda sanoat mahsulotining 95 foizdan ortig`i avtomobilsozlik, engil sanoat, kimyo, neft-kimyo, oziq-ovqat sanoati kabi zamonaviy tarmoqlarda ishlab chiqarilmoqda. 

Viloyatdagi 140 qo`shma korxonaning yarmidan ko`pi oxirgi 5 yil mobaynida, ilgari bunday korxonalar bo`lmagan tumanlarda tashkil etilgan. Andijonning eksport hajmi hozirgi kunda qariyb 160 million dollarga etgan va bu 2011 yilga nisbatan 6 barobar ko`pdir. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari keng qo`llab-quvvatlanayotgani samarasida ularning soni va viloyat iqtisodiyotidagi salmog`i tobora ortib borayotir. Keyingi besh yilda viloyatda 10 mingdan ziyod yangi kichik biznes sub`ekti tashkil etilib, ularning umumiy soni deyarli 2,5 barobar ko`paygan. Mehnat bilan band aholining 84 foizi shu sohada faoliyat ko`rsatib, daromad topmoqda. 

Uchrashuv videokonferensiya tarzida o`tkazildi. Andijon shahri va barcha tuman markazlarida yig`ilgan saylovchilar bilan ochiq va jonli muloqot bo`ldi. 

Xonobod shahridan O`zLiDeP faoli Sh.Alimov, Izboskan transport kasb-hunar kolleji o`quvchisi O.Tojiddinova, Andijon davlat tibbiyot instituti talabasi I.Abdumalikov, Oltinko`l tumanidagi «Baxt imkon chorvasi» fermer xo`jaligi rahbari F.Ismoilov, Marhamat tumanidagi «Feruz» fermer xo`jaligi rahbari G`.Karimov, Shahrixon tumanidagi «Ishkomli hamkor» fermer xo`jaligi rahbari A.To`raqulov, Asaka tumanidan «GM O’zbekiston” aksiyadorlik jamiyati xodimi B.Usmonov va boshqalar dasturda belgilangan vazifalar ijrosi mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga xizmat qilajagini ta`kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik ko`rish, uni o`tkazish bilan bog`liq jarayonlar milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillarga to`la mos ravishda o`tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 4 dekabr kuni bo`ladigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi. 
 

* * *

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev shu kuni Farg`ona viloyati saylovchilari bilan ham uchrashdi. 

Uchrashuvni nomzodning ishonchli vakili, O`zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzaaliev ochdi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev uchrashuvda nutq so`zladi va o`zining saylovoldi dasturida belgilangan asosiy yo`nalishlar haqida batafsil to`xtaldi. 

Nomzodning dasturida millatlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, aholi farovonligini har tomonlama oshirish, sanoatni modernizasiya va diversifikasiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji yo`lidagi to`siqlarni bartaraf etish, erlarning unumdorligini oshirish va ekin maydonlari tarkibini optimallashtirish, ijtimoiy infratuzilmalarni takomillashtirish, bandlikni ta`minlash kabi masalalarga alohida e`tibor qaratilgan. 

Mamlakatimizda barcha hududlarni rivojlantirishga qaratilayotgan e`tibor tufayli Farg`ona viloyati ham izchil taraqqiy etmoqda. O`tgan yili viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 8 foiz o`sdi. Farg`ona viloyatini 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida sanoat, qishloq xo`jaligi, xizmat ko`rsatish va servis yo`nalishlarida 3 ming 881 loyiha amalga oshirilib, 23 mingdan ziyod yangi ish o`rni yaratildi. Barcha manbalar hisobidan 584 milliard so`mlik investisiyalar o`zlashtirildi. 

Ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikka keng erkinlik berish hisobiga joriy yilda 2 ming 260 yangi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ekti tashkil etilib, ularning soni 18 ming 775 taga etdi. 

Videokonferensiya tarzida o`tgan ochiq muloqotda mehnat faxriysi O.Hoshimov, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo`limi rahbari, O`zbekiston xalq shoiri E.Siddiqova, Farg`ona kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kolleji o`quvchisi M.G`afforjonova va boshqalar mamlakatimizning o`z taraqqiyot yo`li – “o`zbek modeli” barcha sohalarda ulkan samaralar berayotganini qayd etdi. Saylovoldi jarayonlari milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillar asosida o`tayotganini ta`kidladi. Saylovchilarni 4 dekabr kuni bo`ladigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi. 

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!