O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

09:39, 02 noyabr

31 oktyabr kuni Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori imzolandi.

Qaror aholi va tibbiyot muassasalarining arzon va sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta`minlanganlik darajasini yanada oshirish, ularning narxini belgilash bo`yicha ochiq-oshkora mexanizmni joriy etish, mamlakatimizda arzon va sifatli preparatlar bo`lishiga qaramasdan tashxis qo`yish va davolash standartlarida ko`zda tutilmagan hamda asosan qimmat import dori-darmon vositalarini tavsiya etish kabi nomaqbul amaliyotning oldini olish va kelgusida bunday holatlarga yo`l qo`ymaslik maqsadida qabul qilindi.

1. 2017 yilning 1 yanvaridan:

chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni etkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat`i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo`lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo`llanilgan holda amalga oshiriladi;

1-ilovada qayd etilgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini belgilangan narxlarda sotish;

1-ilovaga muvofiq ro`yxatda qayd etilgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini chetdan xarid qilish O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan har bir nomdagi dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun belgilanadigan kvotalar doirasida mamlakatimizda tegishli faoliyat bilan shug`ullanish lisenziyasiga ega bo`lgan ulgurji va ulgurji-chakana kompaniyalar o`rtasida tender o`tkazish asosida amalga oshirilishi belgilansin.

2. Davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni tizimli asosda nazorat qilish uchun Respublika komissiyasi 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

mamlakatimiz farmasevtika bozorining, jumladan, respublikamizda ishlab chiqarilgan asosiy dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlanganlik darajasini tizimli tahlil etish va shu asosda dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari turlarini diversifikasiya qilish hamda ichki bozorimizni yanada boyitishga doir takliflar ishlab chiqish, aholini dori-darmonlar bilan ta`minlashga mas`ul davlat organlari faoliyatini takomillashtirish;

ro`yxatga kiritilgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun qayd etilgan narxlarni belgilash hamda ularni dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari sotadigan tashkilotlarga etkazishni tashkil etish;

ro`yxatga kiritilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari narxlariga rioya etilishini nazorat qilish tadbirlarining amalga oshirilishini monitoring qilish;

qayd etilgan narxlar belgilanadigan ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ro`yxatiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish, tashxis qo`yish va davolash standartlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilgan taqdirda qarorlar qabul qilish;

mamlakatimiz farmasevtika sanoatiga etakchi xorijiy kompaniyalar va investorlarni yanada keng jalb etish bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

vazirlik va idoralar, ulgurji savdo tashkilotlari rahbarlarining dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash masalasi, shuningdek, aholi va tibbiyot muassasalarining, jumladan, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlariga bo`lgan ehtiyojini qondirishga oid amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to`g`risidagi hisobotlarini muntazam eshitish.

3. Tibbiyot muassasalari va aholini dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni nazorat qilish bo`yicha Respublika komissiyasi to`g`risidagi Nizom 3-ilovaga muvofiq;

dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari narxini tartibga solish to`g`risidagi Nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi zimmasiga ro`yxatga kiritilgan import dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid qilish uchun tender savdolari o`tkazish vazifasi yuklansin.

Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi:

dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining jahon narxlari kon`yunkturasini tahlil qilish asosida Respublika komissiyasiga har chorakda ro`yxatda ko`zda tutilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun yo`l qo`yilishi mumkin bo`lgan cheklangan shartnoma qiymatini belgilashga doir takliflar kiritsin, qiymati ushbu ko`rsatkichdan yuqori bo`lgan tender takliflari ko`rib chiqilmaydi;

Sog`liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda 2016 yil 1 dekabrgacha ro`yxatga kiritilgan import dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid qilish uchun tender savdolari o`tkazish to`g`risidagi Nizomni belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

5. Belgilab qo`yilsinki, davlat sog`liqni saqlash tizimidagi barcha tibbiyot muassasalari ro`yxatda ko`zda tutilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini o`rnatilgan tartibda Respublika komissiyasi tomonidan belgilangan ulgurji narxlardan oshmaydigan narxda sotib oladi.

6. O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi:

eng ilg`or xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda asosiy kasalliklarga tashxis qo`yish, ularni davolash va klinik protokollar standartlarini qayta ko`rib chiqish jadvalini ikki hafta muddatda tasdiqlasin, bunda uch oy muddatda tashxis qo`yish, davolash va klinik protokollarning yangilangan standartlari tasdiqlanishini, shuningdek, zarur hollarda amaldagi tashxis qo`yish, davolash hamda klinik protokollarni qayta ko`rib chiqishni nazarda tutsin;

tasdiqlangan tashxis qo`yish, davolash standartlari va klinik protokollarga muvofiq har yili Respublika komissiyasiga ro`yxatni o`zgartirish bo`yicha, birinchi navbatda, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarining ko`payishiga qarab ulardan foydalanishni ko`zda tutadigan takliflar kiritsin;

tashxis qo`yish, davolash va klinik protokollarning yangilangan standartlarini barcha tibbiyot muassasalariga, jumladan, foydalanish uchun ochiq bo`lgan axborot tizimlari orqali o`z vaqtida etkazishni ta`minlasin hamda ularga rioya etilishini qat`iy nazorat qilsin;

bir oy muddatda eng muhim dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining barcha dorixonalar uchun majburiy yangilangan minimal ro`yxati, shuningdek, shifokor reseptisiz beriladigan dori-darmon vositalari ro`yxatini tasdiqlasin, unga zarurat tug`ilganda belgilangan tartibda har yili o`zgartish va qo`shimchalar kiritsin;

yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibi qo`pol buzilganligi uchun lisenziyani bekor qilish shartlari, shuningdek, minimal ro`yxat bo`yicha majburiy talablarni nazarda tutgan holda, bir oy muddatda Farmasevtika faoliyati to`g`risidagi lisenziya shartnomasiga qo`shimchalar kiritsin;

shifokorlarning dori-darmon vositalarini tavsiya etish va dorixonalarda dori-darmon vositalarini berish tartibi to`g`risidagi nizom loyihasini ikki oy muddatda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin va unda belgilangan tartib buzilishiga yo`l qo`ygan shaxslarga nisbatan qat`iy javobgarlik choralarini nazarda tutsin;

o`z rasmiy veb-sayti, shuningdek, dorixonalar rasmiy veb-saytlarida ro`yxatga kiritilgan barcha dori-darmon vositalari bo`yicha belgilangan narxlar to`g`risida muntazam yangilanadigan axborot e`lon qilinishini ta`minlasin.

7. O`zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi va uning hududiy bo`limlari zimmasiga dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug`ullanuvchi tashkilotlar ularning narxini davlat tomonidan belgilangan tartibga rioya etishini tizimli asosda nazorat qilish vazifasi yuklansin.

8. “O`zfarmsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 16 sentyabrdagi “2016-2020 yillarda respublika farmasevtika sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to`g`risida”gi PQ-2595-sonli qaroriga muvofiq ro`yxatda ko`zda tutilgan import o`rnini bosadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish bilan respublika ehtiyojini maksimal darajada qoplash bo`yicha muhim choralarni ko`rsin.

9. O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank, Iqtisodiyot vazirligi yillik, choraklik moddiy va qiymat balansini shakllantirishda Sog`liqni saqlash vazirligi va “O`zfarmsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan asoslangan tayyor dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini, shuningdek, ularni mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarish uchun xomashyoni chetdan olib kelishga bo`lgan ehtiyojni hisobga olsin.

10. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 14 yanvardagi “Dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari sotishni tartibga solish to`g`risida”gi 19- va 2000 yil 5 avgustdagi “Ichki bozorni dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 307-sonli qarorlari 2017 yilning
1 yanvaridan o`z kuchini yo`qotgan, deb hisoblansin.

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan o`zgartish va qo`shimchalar to`g`risida takliflar kiritsin.

11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari R.Azimov va Bosh vazir o`rinbosari A.Ikromov zimmasiga yuklansin.

O`zbekiston Respublikasi

Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2016 yil 31 oktyabr

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!