Xiyonat sabab parokanda bo`lgan oila

11:47, 02 noyabr

Ushbu muxlisamizning boshidan kechirganlari ko`pchilikka saboq bo`lishi mumkin. Kimlar uchundir hayotini yo`lga qo`yishda, qadamidan toymaslikda asqotar. Mushtariylarga foydam tegsa xursand bo`laman, deb murojaat qilgan voqeamiz qahramoni o`z ismini sir tutdi...

Yoshim o`ttiz uchda. To`rt ukam, bir singlim bor. Oilada to`ng`ichman. Bolalikdan ota-onam doim bizni mehnatga o`rgatdi. Otam cho`ldan er olgandi. Dehqonchilikda hikmat ko`pligini yillar davomida anglab katta bo`ldik. Aslo kam bo`lmadik. Avvaliga mollarimiz ko`paydi, keyin qo`ylar...

— Yozda hammamiz cho`lga ketamiz. Mol-qo`ylar ham o`sha erda bo`ladi. Kichiklar ularni boqadi. Biz — kattalar dehqonchilikka qaraymiz, — dedi otam bir yili.

Shu bilan yozni dehqonchilik qiladigan joyimizda o`tkazadigan bo`ldik. “Kuch birlikda” deganlari rost ekan. O`sha yili hosilimizni sotib, “Damas” avtomashinasini oldik. Endi uyga kelib-ketishga aslo qiynalmasdik. Hamma bizning oilaga havas qilardi:

— “Mehnatning tagi rohat”, deb shuni aytadi-da! Hamma ham mehnatkash bo`lsa ekan...

— Bolalari ham mehnatga o`rgandi. O`zining omadi chopdi, hech narsadan kami yo`q!

— Dehqonchilikdan ham boyib ketish mumkinligini isbotladi!..

Bu odamlarning tunu-kun biz haqimizdagi aytgan gaplari. Biz qishloqning eng old xonadoniga aylangandik. Shu sababli meni kelin qilaman, ukamga qizini beraman, deguvchilar ko`p edi. Ukalarim o`zini yosh hisoblagani, men esa o`qishni istaganim uchun turmush qurishni rad etardik. Endi angladimki, o`qishning erta-kechi yo`q ekan, oilali bo`lishni ortga surib bo`lmaskan. Men shunda xato qildim. Sovchilarni qaytaraverdim. Afsuski, ularning keladigan vaqti bo`larkan. Vaqt o`tgach... O`zimcha, “o`qishga kira olmadim-ku, endi turmush qursam bo`lar”, deganimda so`rab kelguvchilarning oyog`i uzilgandi.

— Qizim, xafa bo`lmasang, ukangni uylantirsak... — dedi bir kuni mung`ayibgina onam.

— Nega xafa bo`laman, oyi, uylantiravering. Mening ham peshanamga yozilgani bo`lar... — dedim ichimdan bir nima uzilgandek.

O`zimni xursand ko`rsatganim bilan odamlarning gap-so`zi baribir qalbimni yaralardi.

— Seni uzatmay turib ham, ukangga qiz izlashayotgan ekanmi? — xuddi atay qilgandek, hayron bo`lib so`rashardi ular. Axir, “menga sovchi kelmayapti-da”,  deya olmayman-ku!

Shunday qilib, katta ukamni uylantirdik. So`ng kichigi ham uylandi. Oilamiz kengaydi, yanada ko`proq mehnat qildik. Natijasi yomon bo`lmadi. Mollarimiz soni yigirmadan oshdi. Qo`yimiz uch yuzta bo`ldi. Otam ikkita traktor sotib oldi. Ukalarimning farzandlari dunyoga keldi. Xullas, hammasi havas qilgulik edi. Toki...

Afsuski, mana shu voqea sodir bo`lmaganda edi.

Kutilmaganda ikki yil burun otam eri o`lgan bir ayolning “qopqoni”ga tushdi. Avvaliga biz buni sezmadik. Bilganimizda esa kech edi. Qo`limizdan hech narsa kelmadi. Nima ham kelsin? Biz farzandlar padarimizga bu borada bir nima deyishga jur`at eta olarmidik?! Onam zor qaqshab yig`ladi:

— Otasi, endi yosh bola emasmiz. Meni o`ylamang! Mayli, men uchun hech nima qilmang! Ammo odamlar... Quda-andali, nevarali odamsiz. Iltimos, el-yurt oldida sharmanda qilmang! Farzandlaringizning kelajagini o`ylang! Axir, qizlaringizni turmushga berishingiz, qolgan o`g`illaringizni ham uylashingiz kerak.

— O`chir ovozingni! Ayol boshing bilan menga aql o`rgatyapsanmi? Nima qilishni o`zim bilaman! — o`sha zahotiyoq otam onamning so`zini bo`lardi.

Biz esa u kishining xurmatini qilib bir og`iz gapirmadik. Oilada otaning o`rni juda katta ekan. Shu paytgacha oilamiz sha`nini, g`ururini, qudratini gard yuqtirmay turgan otam bitta ayol uchun... Bu voqea bizni dovdiratib qo`ydi. Afsuski, bu ko`rgilik hali boshlanishi bo`lib chiqdi. Odamlar otamning hurmati uchun doim bizga ortiqcha gap qilmasligi o`shanda tushundim. Otamning uylanishi darrov oilamizga o`z ta`sirini o`tkazdi. Birinchi navbatda kelinimiz ukamni mensimay qo`ydi:

— Bir kun kelib siz ham otangizga tortasiz-da, qaerga borasiz! — deydi ikki gapining birida.

Natijada ikkalasi jiqqamusht bo`lib urishadi. Bora-bora ular umuman kelisholmay qoldi. Shu darajaga borib etishdiki, bolalarini ham o`ylab o`tirmay ajrashishdi. Ukam g`ururli bo`lib o`sgan emasmi, bolalarining etim bo`lgani, “xotini pisand qilmay qo`ydi”, degan gapga chidayolmay, qo`shni davlatga ishlagani ketdi.

Bu oilamizga kelgan birinchi ko`rgilik ekan. Doim tinch, osoyishta, farovon bo`lgan xonadonimiz shu tarzda parokanda bo`la boshladi. Otamning uyda ko`p bo`lmasligi, onamning g`amdan e`tiborsiz bo`lib qolgani ikkinchi ukamga ham ta`sir qildi. Puli borligini bilib bezori bolalar o`zlariga sherik qilishgan ekan. Buni opa bo`lib men ham sezmabman. Har kuni uyga kech keladi, kelib xotinini kaltaklaydi...

— Bir kuni meni adoyu tamom qilasizlar, — zor qaqshab yig`laydi onam sho`rlik.

“Qozonga yaqinlashsang, qorasi yuqar” deganlari haqiqat ekan. Ukam o`sha sheriklari bilan o`g`irlik qilibdi. Uyushgan jinoyatchilik deya uni... Ukamning qamalishi haqidagi hukm o`qilishi bilan onam o`zidan ketdi.

— E`tiborli bo`lingizlar, yuragi pand beribdi, — dedi shifokor.

Shu bilan onam ham yarimjon bo`lib qoldi. Bu ham etmaganidek men... xotini bilan ajrashgan bir erkak bilan tanishdim.

— Sizni sevib qoldim. Meni oilangiz haqidagi hech narsa qiziqtirmaydi. Agar ota-onangiz uylanganimga ko`z yumishsa, ertaga siz yuzimga solmasangiz, albatta uylanaman, — dedi u.

Boshidan shuncha ko`rgilik o`tgan, o`ttiz yoshdan oshib ham turmushga chiqmay yurgan qiz uchun bu bir baxt edi. U har kuni qo`ng`iroq qilar, sevishini tinmay aytardi. Men ham uni sevib qoldim. Turmushga chiqishga va`da berdim. Axir “o`tirib” qolgan qizining baxti ochilsa, onam ham xursand bo`lardi-da...

Shularni o`ylab unga yomon gapirmadim. O`zimdan uzoqlashtirishni o`ylamadim ham. Bizning tinimsiz suhbatlarimiz uchrashuvlarga ulandi. Ana shunday diydor ko`rishganimizning birida...

— Nega xafa bo`lasan? Men seni sevaman! Baribir uylanaman, xotinim bo`lasan-ku, nimadan qo`rqasan? — deb ovutdi u.

Ming afsuslar bo`lsinki, o`sha voqeadan keyin uchrashuvimiz va uning qo`ng`iroqlari kamaya boshladi. Avvaliga e`tibor qilmagan ekanman. Mendan o`zini olib qochayotganini to o`zim yo`qlamasam esiga ham olmasligini sezdim. Hozir esa u hayotimda yo`q.

— Meni unut! Boshqa bir qizni sevib qoldim. O`shanga uylanaman, — dedi yuzsizlarcha.

— Men-chi? — oyog`imdan jon ketgandek erga o`tirib qoldim va yig`lab yubordim. — Endi men qayoqqa boraman?

— Nima qilay? Ayb mendami? O`zing xohlagansan! Qarshilik ko`rsatsang, men hech narsa qilmasdim. Agar yana telefon qilsang, borib onangga “qizingizni yig`ishtirib oling, menga osilyapti”,  deyman!

Bu gapdan keyin qo`limdan nima ham kelardi. O`zimni o`zim el oldida sharmanda qilishni, onamni qora go`rga tiqishni istamayman-ku!

Shunday kunlarning birida ikkinchi ukamning xotini kasal bo`lib qoldi. Jigari xasta ekan. Operasiya qildirdik. Uyam endi parvarishga mujtoj. Men esa qaysi biriga bo`lay? Kasalmand onam va kelinimgami, ukam yoki singlimgami? Ukamning bolalari ham katta bo`lyapti, ularga ham e`tibor kerak. Otasi qamoqda, onasi kasal... Xullas, dunyoga sig`may qoldim. Bu dardlar menga og`irlik qilyapti. Birgina otamning yo`qligi oilamizni shu ahvolga olib keldi. Ba`zan otamni ko`chada uchrataman. Hammasini aytgim, uyga qatishini yalinib so`ragim keladi, ammo otam salomimga alik olishni ham istamaydi. Yuzini burib o`tayotgan, ko`rishni istamagan odamdan qanday qilib yordam so`rash mumkin? U kishi o`sha ayolni deb hamma-hammasidan voz kechdi. Yillar davomida misqollab yig`gan obro`-e`tibor, xotirjamlik, boylik, farovonlik — barchasini boy berdik. Esiz, shuncha mehnatimiz...

Hozir bizda hech biri yo`q. Avval bizni havas bilan tilga olgan bo`lishsa, mana, bir yildirki, g`iybatning eng saralariga sababchi bo`lyapmiz. Shularni o`ylaganim sari dunyo ko`zimga tor ko`rinadi. Jonimdan kechsammi, deyman. Biroq uyda shuncha odamga kerakman. Ularga suyanch bo`lmog`im zarur.

Taqdirning sinovlarini boshimdan o`tkazib anglaganim shu bo`ldiki, halollik hamma narsaning boshi ekan. Otam shuncha yil halol yashadi, mehnat qildi. Afsuski, anglabmi, anglamaymi, harom sari qadam tashladi, o`sha ayolning pinjiga kirdi... Mening haqiqatim shuki, baxtga ham, omadga ham, xotirjamlikka ham olib boruvchi birgina yo`l, bu — halollik!

Nargiza TURDIBEK qizi yozib oldi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!