O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Xatamjon Ketmonovning saylovoldi dasturi

12:13, 02 noyabr

Dasturda O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga qat`iy amal qilish, milliy manfaatlarga sodiqlik, mamlakat mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligini ta`minlash, fuqarolararo va millatlararo hamjihatlik, ijtimoiy barqarorlikni saqlash orqali O`zbekistonning bosh strategik maqsadi – rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo`shilish, jahon hamjamiyatida munosib o`rin egallashga qaratilgan ezgu maqsadlar mujassam.

Ushbu dastur O`zbekiston Xalq demokratik partiyasining g`oya va dasturiy maqsadlariga, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zbekiston Xalq demokratik partiya­si fraksiyasining Parlamentdagi ko`pchilik — demokratik kuchlar Blokiga nisbatan o`zini muxolifat, deb e`lon qilgani, buning natijasida muxolif fraksiya sifatida ilgari surgan qator g`oyalariga asoslanadi. Bular, eng avvalo:

— mamlakatning ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti asosida, o`sib borayotgan iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, aholining barcha qatlamlari, eng avvalo, kam ta`minlangan qatlami turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlash;

— eng kam iste`mol xarajatlari (iste`mol savatchasi) standartlarini belgilashning asoslangan va zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish hamda joriy qilish;

— aholiga kommunal xizmatlar ko`rsatish tariflarining davlat tomonidan tartibga solinishini takomillashtirish orqali kommunal xizmatlar narxlarini maqbullashtirish;

— aholi bandligini ta`minlashning mutlaqo yangi va zamonaviy usullarini joriy qilish, ish o`rinlarini tashkil etish dasturining so`zsiz bajarilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish;

— muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning asosiy mezoni ularni hayotga tatbiq qilish orqali yaratiladigan barqaror ish o`rinlari soni bilan o`rta maxsus va oliy ta`lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishning o`zaro bog`liqligini ta`minlash, demakdir.

Biz uchun asosiy ustuvor yo`nalish, avvalambor, aholining davlat va jamiyat tomonidan qo`llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilish hisoblanadi.

Bu maqsadni samarali amalga oshirish uchun qator ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga alohida e`tibor qaratish lozim, deb hisoblaymiz. Jumladan, aholining ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilish, turmush darajasini yaxshilashning eng muhim sharti bu – ularning bandligini ta`minlashdir. Buning uchun, avvalo, mehnatga layoqatli kishilarning munosib haq to`lanadigan ish o`rinlariga ega bo`lishini, fuqarolarning shaxsiy tashabbuskorligi va ishbilarmonligini qo`l­lab-quvvatlash va rag`batlantirish zarur, deb bilamiz.

Mustaqil hayotga kirib kelayotgan yoshlarga ularning ijtimoiy kelib chiqishidan qati nazar, kasb tanlash, ta`lim olish va o`quv muassasalarini bitirgach, ish o`rniga ega bo`lishlari uchun adolatli, teng va ijtimoiy jihatdan maqbul shart-sharoitlarni yaratishga eng muhim masala sifatida qaraymiz.

Ijtimoiy himoya borasida pensionerlar, nogironlar, ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar va aholining mehnatga layoqatsiz bosh­qa ijtimoiy guruhlari hayotiy ehtiyojlari to`liq qondirilishini kafolatlovchi pensiya ta`minoti va ijtimoiy nafaqalarning samarali tizimini shakllantirish bilan bog`liq masalalarni qamrab oluvchi kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish lozim, deb hisoblaymiz. Shuningdek, ijtimoiy va kommunal xizmatlarning sifatliligini va aholining qo`llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari uchun maqbulligini ta`minlash tarafdorimiz.

Bizning asosiy shiorimiz «Maqsadimiz — xalqimiz turmush darajasini yanada oshirish!».

Bunday keng qamrovli, ijtimoiy yo`naltirilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida quyidagi ustuvor yo`nalishlarni belgilab olganmiz:

I. Biz aholi bandligini ta`minlash tizimini zamonaviy usullarni joriy qilish orqali doimiy takomillashtirib borish zarur, deb hisoblaymiz. Bu yo`nalishdagi vazifalarning samarali amalga oshirilishi uchun «Aholi band­ligini ta`minlash — eng asosiy burchimiz», «Aholi bandligi – ijtimoiy himoyaning eng maqbul yo`li!», «Har bir inson uchun munosib ish o`rni!», «Har bir inson uchun munosib ish haqi!» shiorlarini ilgari suramiz. Ushbu maqsadda quyidagilarni taklif etamiz:

— ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish davomida bar­qaror ish o`rinlarini yaratish ko`rsatkichlari mazkur dasturlarning muhim mezonlaridan bo`lishini ta`minlash;

 — ishchi kuchi chetga chiqib ketishining oldini olish, buning uchun har yili qabul qilinadigan ish o`rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta`minlash Davlat dasturi ijrosida yangicha yondashuvlarga o`tish. Bunda asosiy e`tiborni mehnat bozoridagi talab-taklifni to`liq o`rganish, hisobga olish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini tuzishda joriy va istiqboldagi rivojlanish yo`nalishlarini to`g`ri va aniq belgilash;

— munosib ish haqi to`lanadigan barqaror ish o`rinlarini taklif etayotgan, birinchi navbatda zaminimizdagi boy mineral xomashyo resurslari va qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni ta`minlovchi yuqori texnologik tarmoq korxonalari, xizmat ko`rsatish va servis sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarda mehnatga layoqatli aholi bandligini ta`minlash bo`yicha sa`y-harakatlarni faollashtirish, ushbu sohalarga mamlakatda mavjud bo`lgan bo`sh mehnat resurslarini faol jalb etish;

 — kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining mustaqil o`zini o`zi ish bilan ta`minlash hamda yakka tartibdagi mehnat va tadbirkorlik ­faoliyatini rag`batlantirish uchun maqbul sharoitlar yaratish maqsadida imtiyozli mikrokreditlar ajratish amaliyotini kengaytirish, o`z biznesini ochishda belgilangan yig`imlardan, faoliyatini to`liq yo`lga qo`ygunga qadar soliqlardan ozod qilish muddatini uzaytirish;

— istiqbolli ishlab chiqarishni rivojlantirish bo`yicha investisiya dasturlarini ishlab chiqishda ularning o`rta maxsus va oliy ma`lumotli mutaxassislar tayyorlash dasturlari hamda hududiy bandlik dasturlari bilan o`zaro bog`liqligini ta`minlash;

— korxona va ish beruvchilarning tegishli hududlardagi kasb-hunar kollejlariga biriktirilishi hamda muntazam harakatdagi «kollej-korxona» aloqalarini yo`lga qo`yish;

— muhim ijtimoiy-iqtisodiy das­turlar bilan bog`liq ravishda zamonaviy kasbga ega bo`lgan kadrlar tayyorlash masalasi hal qilinishiga erishish;

— tegishli mutaxassislarga bo`lgan ehtiyojidan kelib chiqib, kadr­lar tayyorlash uchun oliy o`quv yurtlari talabalarining ta`lim shartnomalari to`lovlarini to`layotgan korxonalar va tashkilotlarni rag`batlantirish amaliyotini takomillashtirish;

— munosib ish haqi va mehnat sharoitiga ega bo`lgan, qo`shimcha barqaror ish o`rinlari yaratayotgan tadbirkorlik sub`ektlariga imtiyozlar yaratish va ularni rag`batlantirish maqsadida soliqqa tortish tizimini takomillashtirish;

— oliy va o`rta maxsus ma`lumotga ega mutaxassislar tayyorlash yo`nalishlarini belgilashda korxona va tashkilotlarning kadrlarga bo`lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olish tizimini takomillashtirish;

— kichik biznes, uy mehnati, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali xotin-qizlar bandligini ta`minlash samaradorligini oshirish. Mehnat qonunchiligida ayollarga berilgan huquq va qo`shimcha imtiyozlardan keng foydalanishlari uchun yanada maqbul sharoitlarni yaratish;

— mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta`minlash, bir martalik vaqtincha ish bilan band bo`lgan shaxslar mehnat faoliyatining qonuniy asoslarini takomillashtirish, ularning pensiya ta`minoti va ijtimoiy sug`urtasi bilan bog`liq masalalarni hal qilishning me`yoriy-huquqiy asoslarini ishlab chiqish va amaliyotga kiritish;

— turli imtiyozlar berish orqali ish beruvchi va xodim o`rtasidagi norasmiy mehnat munosabatlarini qonunchilikka kiritish. Mehnat muhofazasi qoidalarini buzganlik uchun tadbirkorlarning mas`uliyatini va javobgarligini oshirish hamda davlat tomonidan qattiq nazorat o`rnatish;

— nogironlar mehnat qilishi uchun ixtisoslashgan korxonalarni tashkil etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish, jumladan, ushbu maqsadda davlatning markazlashgan sarmoya­lari hisobidan bunday korxonalar tarmog`ini rivojlantirish;

— yirik korxonalarga kasanachilik ish joylarini tashkil etish bo`yicha majburiy kvotalar belgilash orqali jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar (nogironlar)ni kasanachilik faoliyatiga jalb qilishni kengaytirish lozim.

II. Iqtisodiy siyosatdagi asosiy ustuvor vazifalarimiz, bu — davlatimizning moliyaviy-iqtisodiy qudratini oshirishni kuchli ijtimoiy siyosat bilan uyg`unlashtirish orqali aholining, xususan, uning ehtiyojmand qatlamlarining turmush darajasini yanada yaxshilashga yo`naltirishdan iboratdir.

Xalqimizning hayotiy manfaatlari bilan bog`liq «Iqtisodiy islohotlarga — ijtimoiy samaradorlik!» shiori mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga yondashuvimizning tub mohiyatini o`zida aks ettiradi.

O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi aholining xarid qobiliyatini oshirish ichki talabning ortishiga xizmat qiladi, deb hisoblaydi. Bu esa iqtisodiy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi va iqtisodiyotning real sektori o`sish sur`atlarini izchil oshirib borishning mustahkam asosidir.

Biz iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda quyidagilarni taklif etamiz:

— byudjet mablag`lari, ayniqsa, ijtimoiy sohaga yo`naltiriladigan mablag`larning maqsadli ravishda sarflanishi ustidan qat`iy nazoratni kuchaytirish;

— davlatning o`sib borayotgan iqtisodiy imkoniyatlaridan aholining barcha qatlamlari, eng avvalo, kam ta`minlangan qatlamining turmush darajasini yaxshilashda foydalanish;

— zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish asosida xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovarlar va xizmatlar sifatini oshirish, tannarxini pasaytirish, shuningdek, ularning eksport imkoniyatlarini kengaytiruvchi va aholining xarid qobiliyatini oshirishga xizmat qiluvchi raqobat muhitini shakllantirish masalalariga e`tiborni kuchaytirish;

— to`g`ridan-to`g`ri chet el investisiyalarini jalb qilish orqali zamonaviy texnika va texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish;

— tijorat banklarining investisiyaviy loyihalarni moliyalashtirishdagi ishtirokini yanada kengaytirish, xo`jalik yurituvchi sub`ektlarni kreditlash tizimini soddalashtirish, makroiqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, foiz stavkalarini minimal darajada belgilash, muammoli qarzlar yuzaga kelishiga yo`l qo`ymaslik va bank xizmatlari sifatini yaxshilash orqali ularning investisiyaviy faolligini kuchaytirish;

— turli mahsulot etkazuvchilarga o`zaro erkin raqobatlashishiga imkon beradigan ochiq va oshkora elektron savdolar yo`nalishini kengaytirish orqali davlat xaridlarini amalga oshirish tizimini takomillashtirish.

Istiqbolli korxonalar va ishlab chiqarish komplekslarining rivojlanishi uchun bo`sh mehnat resurslarini jalb qilish iqtisodiy o`sishning barqaror yuqori sur`atlarini ta`minlashda muhim ahamiyatga ega.

Buning uchun quyidagilar taklif etiladi:

— mahalliy xomashyo va materiallarni qayta ishlash korxonalarining ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh, yuqori qo`shimcha qiymatga ega iste`mol tovarlari ishlab chiqarishini moliyaviy va iqtisodiy rag`batlantirish, imtiyozli kreditlash samaradorligini oshirish;

— o`zi ishlab chiqargan mahsulot hisobiga ichki bozorni to`ldirish, narx-navo oshishining oldini olishga qaratilgan tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni rivojlantirishning hududiy dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mas`uliyatini kuchaytirish;

— mamlakatda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rag`batlantirish;

— mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan kichik korxonalarning yiriklashishini rag`batlantiruvchi soliq siyosatini yuritish, korxonalarning tasnifiga «o`rta korxona» tushunchasini kiritish, ya`ni yirik, o`rta va kichik korxonalar mezonlarini belgilash, kichik korxonalarning yiriklashishi va yanada rivojlanishiga xizmat qiladigan soliq va imtiyozlar tizimini ishlab chiqish.

Bundan tashqari, iqtisodiyotning jadal rivojlanishi va yangi ish o`rinlari yaratishning muhim omili sifatida qurilish sohasini modernizasiya qilish, qurilish tashkilotlarini keng rivojlantirish, zamon talabiga javob beradigan mutaxassislar, texnik vositalar bilan ta`minlanish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:

— qurilish tashkilotlarining moddiy-texnik ta`minotini yaxshilash, sohaga yangi texnologiyalarni joriy qilish, malakali mutaxassislarni yollashga imkoniyat beruvchi sharoitlar yaratish maqsadida soliq yukini kamaytirish;

— sobiq tuzum davridan buyon foydalanib kelinayotgan eskirgan qurilish standartlari, norma va qoidalari o`rniga butun dunyoda amal qilib kelinayotgan evrokodlar tizimiga o`tish;

— qurilish sohasi rivojlanishi istiqbollariga muvofiq etarli darajada malakali mutaxassislarni tayyorlash masalasiga e`tibor qaratish, mutaxassislarning xorijiy davlatlarda malaka oshirishlarini tizimli yo`lga qo`yish;

— yangi innovasion texnologiyalarni va materiallarni qo`llash, qurilish xizmati bozorlarida mamlakatimiz mutaxassislarining raqobatbardoshligini ta`minlash orqali o`zbek kompaniyalarining xorijiy qurilish va xizmat bozorlariga chiqishlariga sharoit yaratish.

III. Kam ta`minlangan oilalar, keksalar va nogironlarni ijtimoiy himoya qilish samaradorligini yanada oshirish lozim. Bu yo`nalishda biz «Kam ta`minlanganlarning kuchli ijtimoiy himoya­si uchun kurashamiz!» shiorini ilgari suramiz.

Buning uchun quyidagilar taklif etiladi:

— ijtimoiy qo`llab-quvvatlash tizimini aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlari o`rtasida boqimandalik kayfiyatini bartaraf etishga qaratish, ularning mehnat va tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash, tashabbuskorligini rag`batlantirish. Bizning fikrimizcha, ijtimoiy ko`mak — tashabbuskorlikka yo`l ochmog`i darkor!;

— nafaqalar va moddiy yordamni asosan, kam ta`minlangan oilalar, moddiy yordamga muhtoj keksalar va bolalarga yo`naltirish;

— ijtimoiy adolat, mehr-oqibat, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida mahallaning aholini ijtimoiy himoya qilish markazi sifatidagi rolini oshirib borish chora-tadbirlarini ko`rish;

— o`z biznesini tashkil etishga intiluvchi mehnatga layoqatli fuqarolarga imtiyozli kreditlar va foizsiz ssudalar ajratish amaliyotini yanada rivojlantirish;

— kam ta`minlangan oilalarga har oyda to`lanadigan moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalarni, o`z biznesini tashkil etishi uchun maqsadli foydalanish sharti bilan, tegishli davrda to`lanadigan mablag`lar summasini bir martalik to`lov shakliga o`tkazish mexanizmini joriy etish;

— ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar va xizmatlar narxini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazorati samaradorligini yanada oshirish orqali narxlar va tariflarning o`sishi inflyasiya darajasidan yuqori bo`lmasligini ta`minlash;

— uy-joylarning ijtimoiy maqbulligini ta`minlash maqsadida, davlat mulkini xususiylashtirishdan olinadigan mablag`larning bir qismini turarjoy fondini shakllantirishga yo`naltirish mexanizmini takomillashtirish;

— mamlakatimizda avtotransport vositalarining ko`payib borayotganligi natijasida yo`llar, katta shaharlarning ko`chalarida tirbandliklar vujudga kelishiga barham berish maqsadida tegishli infratuzilmani doimiy takomillashtirib borish, piyodalar yo`laklarini kapital ta`mirlash, ekologik toza, sog`lom turmush tarziga zamin yaratuvchi veloyo`laklarni qurish;

— kommunal xizmatlar ko`rsatishning tarmoq muhandislik infratuzilmasi bilan bog`liq bo`lmagan kamxarj avtonom (lokal) shakllarini rivojlantirish orqali aholiga ko`rsatiladigan xizmatlar narxini maqbullashtirishga erishish;

— tabiiy monopoliya sub`ektlari tomonidan aholiga ko`rsatiladigan kommunal xizmatlar (gaz, elektr va issiqlik ta`minoti, kanalizasiya, maishiy chiqindilar va h.k.) narxlari va tariflarini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish;

— kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlash, mazkur ustuvorlikka amal qilgan holda, etakchi ijtimoiy sohalarning tijoratlashuvini cheklash, jamiyatning barcha a`zolarining ishonchli ijtimoiy kafolatlari ta`minlanishi masalalarida biznes mas`uliyatini oshirish. Bu vazifani ro`yobga chiqarishda biz«Kuchli ijtimoiy himoya — asosiy maqsadimiz!» ­shioriga tayanamiz;

— «Keksalarimiz uchun munosib pensiya ta`minoti!», «Biz keksalarimizning farovon hayoti uchun mas`ulmiz!» shiorlari negizida mamlakatimiz ravnaqi, ulg`a­yib kelayotgan yosh avlodga ozod va obod Vatan qoldirish borasidagi ishlarga o`z hissasini qo`shgan keksa avlod uchun munosib turmush sharoitini yaratish g`oyasi turibdi.

Bugungi kunda jismoniy imkoniya­ti cheklangan shaxslar jamiyatimiz ijtimoiy hayotida to`laqonli ishtirok etishlarini ta`minlash asosiy vazifalarimizdandir. Shuning uchun ularga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ijtimoiy ob`ektlarda nogironlar uchun maxsus kirish yo`lagi – panduslar hamda ularga moslashtirilgan piyodalar yo`lakchalari bo`lishini ta`minlash darkor. Biz mavjud barcha bino va inshootlarni nogironlar kira olishlari nuqtai nazaridan xatlovdan o`tkazish, yo`lakchalarni nogironlarga moslash bo`yicha maxsus davlat dasturini qabul qilish lozim, deb hisoblaymiz.

IV. Aholiga yuqori sifatli ta`lim olish va maqbul tibbiy xizmatdan foydalanish imko­niyat­larini kengaytirish masalasi ham doimo diqqat markazimizdadir. Shundan kelib chiqqan holda, quyidagilarni amalga oshirish lozim, deb hisoblaymiz:

Ta`lim sohasida:

— jamiyatning barcha qatlamlariga erkin va teng ta`lim olish imkoniyatlarini yaratish maqsadida mintaqalardagi demografik o`zgarishlarni hisobga olgan holda, maktabgacha, o`rta, o`rta maxsus va oliy ta`lim muassasalarini oldindan barpo etish amaliyotini yanada rivojlantirish;

— bepul va imtiyozli to`lovlar asosida faoliyat ko`rsatadigan davlat maktabgacha ta`lim muassasalari tarmog`ini kengaytirish;

— kollejlar va akademik liseylarni o`quv adabiyotlari bilan to`liq ta`minlash choralarini ko`rish;

— korxona va tashkilotlarning ehtiyojidan kelib chiqib, texnik va texnologik mutaxassisliklar bo`yicha oliy o`quv yurtlariga maqsadli qabul qilish masalasini rag`batlantirish;

— nogiron bolalarni zarur maxsus adabiyot va qo`llanmalar bilan ta`minlashni o`z ichiga oladigan inklyuziv ta`lim tizimini yanada rivojlantirish va soha o`qituvchilariga imtiyozlar berish, jismoniy imkoniyatlari cheklangan (nogiron) talabalarning oliy o`quv yurtlarida ta`lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish;

— pedagogik ma`lumotga ega, lekin bola tarbiyasi bilan mashg`ul bo`lgani bois vaqtincha ishlamaydigan ayollarning oilaviy maktabgacha ta`lim tarbiyachisi sifatidagi uy mehnatini tashkil etishning qonuniy asoslarini yaratish.

Sog`liqni saqlash sohasida:

— aholi, ayniqsa, olis qishloq hududlarida birlamchi tibbiy yordamdan qulay va tez foydalanish imkoniyatini ta`minlovchi qishloq vrachlik punktlari tarmog`ini kengaytirish;

— imtiyozli va bepul asosda malakali tibbiy-sanitariya yordami ko`rsatilishini tartibga soluvchi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan tizimli nazoratni kuchaytirish;

— farmasevtika korxonalari va dorixona muassasalari faoliyati hamda dori-darmon vositalari narxi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, dori vositalari reklamasini cheklash;

— asosiy dori vositalari ro`yxatidagi dori vositalarining davlat tibbiyot muassasalarida mavjud bo`lishi va ayrim toifadagi shaxslarga dori vositalarining imtiyozli berilishini ta`minlash ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.

V. Demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirish asosiy vazifa hisoblanadi. Ushbu maqsadda quyidagilar taklif etilmoqda:

— ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni tartibga soluvchi qonunlarni ishlab chiqishda qonun normalarining bevosita ta`sir etishiga, ya`ni havolaki normalarsiz qabul qilinishiga erishish;

— qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa qonun hujjatlari, davlat bosh­qaruvi organlari faoliyati natijalarini oshkora va konstruktiv muhokama etishda fuqarolik jamiya­ti institutlari ishtirokini ta`minlash amaliyotini izchil rivojlantirish;

— aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga manzilli ijtimoiy yordam ko`rsatish to`g`risidagi, shuningdek, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda katta qiziqishga sabab bo`ladigan masalalar bo`yicha qarorlarni qabul qilishdan avval ushbu masalalar yuzasidan jamoatchilik maslahatlashuvlarini o`tkazishning majburiyligini belgilash;

— joylardagi doimiy elektorat manfaatlariga aloqador bo`lgan dolzarb iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarning hal etilishiga ta`sir ko`rsatish masalalarida siyosiy partiyalar va ularning deputatlik birlashmalari huquq va vakolatlarini yanada oshirish;

— aholiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari asosida Yagona interfaol davlat xizmatlari portalidan erkin foydalanishni taqdim etuvchi punktlar tarmog`ini rivojlantirish bo`yicha chora-tadbirlar ko`rish;

— davlat va fuqarolik jamiyati instituti o`rtasidagi ijtimoiy sheriklik amaliyotini keng rivojlantirish;

— fuqarolar huquqlarini himoya qilishning sud mexanizmlari ommabopligini kengaytirish va mazkur masalalarda sud nazoratini kuchaytirish hisobiga sud qarorlari ijrosi sifatini oshirish bo`yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish;

— sudlarda ishlarni ko`rib chiqish jarayoniga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng tatbiq etish. Fuqarolarning sudga murojaat qilishi va sud hujjatlarini olishining elektron tizimini keng joriy qilish.

VI. Tashqi siyosiy faoliyat masalalarida quyidagilar taklif etilmoqda:

— qo`shni mamlakatlarga nisbatan ochiq va pragmatik siyosat yuritish, ular bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda o`zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish;

— mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar suv resurs­laridan oqilona foydalanish masalalari bo`yicha xalqaro tashabbuslarni ilgari surish;

— tashqi siyosatda O`zbekistonning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashdagi faol ishtirokini ta`minlash. Shundan kelib chiqib, Markaziy Osiyo mamlakatlari, dunyoning boshqa davlatlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, odam savdosi va boshqa tahdidlarga qarshi kurash masalalari bo`yicha hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish va kuchaytirish zarur.

***

Dasturda qayd etilgan ustuvor yo`nalishlarni amalda ro`yobga chiqarish mamlakatni har tomonlama taraqqiy ettirish, olib borilayotgan barcha yo`nalishdagi islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish, demokratik o`zgarishlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!