Markaziy saylov komissiyasida EXHT DIIHBning O`zbekiston Prezidenti saylovini kuzatish bo`yicha missiyasi rahbari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi

14:29, 02 noyabr

2 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining (DIIHB) O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo`yicha missiyasi rahbari Yoxan Peter Traugott Teyler boshchiligidagi kuzatuvchilar bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov Komissiyaning EXHT DIIHB bilan hamkorligi samarali rivojlanib borayotgani va ijobiy natijalar berayotganini ta`kidladi. DIIHB rasmiy veb-saytida joriy yilning 21 oktyabrida e`lon qilingan hisobotida aytilganidek, O`zbekistonda saylov kampaniyasining barcha bosqichlari qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha asosiy tadbirlar dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Hisobotda 2015 yilning mart oyida o`tkazilgan prezidentlik saylovi yakunlariga ko`ra o`sha yilning dekabr oyidayoq “Markaziy saylov komissiyasi to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonunlarga hamda boshqa normativ hujjatlarga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilgani ijobiy baholandi. Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok eta olishini engillashtirish maqsadida prezidentlikka nomzod ko`rsatish uchun zarur bo`ladigan imzolar sonining qisqartirilgani, saylovoldi tashviqoti tushunchasi, uni o`tkazish shakllari, turlari va usullari to`g`risidagi normaning mustahkamlab qo`yilgani, qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalari tuzilishi, muddatidan oldin ovoz berish muddatlari, tartibi va jarayoni mustahkamlab qo`yilgani, ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida “sukunat kuni” o`rnatilishi hamda boshqa o`zgartish va qo`shimchalar alohida qayd etilgan.

Markaziy saylov komissiyasi saylovchilar ro`yxatini tuzish tartibi, nomzodlar ko`rsatish va ularni qo`llab-quvvatlab to`plangan imzo varaqalari to`g`ri to`ldirilganligini tekshirish tartib-taomilini, saylovoldi tashviqoti tashkil etilishini hamda saylov kampaniyasi moliyalashtirilishini, shikoyat va arizalar ko`rib chiqilishini, shu jumladan ma`muriy huquqbuzarliklar rasmiylashtirilishini, shuningdek kuzatuvchilarning huquqlari hamda burchlariga oid masalalarni tartibga solib turuvchi hujjatlarni yangiladi.

Uchrashuvda EXHT DIIHB missiyasi faoliyati, uning O`zbekistonda saylovni kuzatish bo`yicha Markaziy saylov komissiyasi bilan o`zaro hamkorligini tashkil etish masalalari xususida fikr almashildi.

Ta`kidlash lozimki, Byuroning saylovni kuzatish bo`yicha missiyasi tarkibiga asosiy guruh bilan birga 20 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar, ovoz berish kuni saylov uchastkalarida kuzatuvni amalga oshiradigan 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilar kiritilgan.

Shu yilning 5 noyabr kuni mamlakatimizga keladigan uzoq muddatli kuzatuvchilarning vazifasi yurtimizda saylov jarayonining turli bosqichlarini kuzatishdan iborat. Kuzatuv natijalari Byuroga saylov jarayoni haqida to`laligicha hisobot tuzish imkonini beradi.

Shuningdek, joriy yilning 2-6 dekabr kunlari faoliyat yuritishi nazarda tutilgan qisqa muddatli kuzatuvchilarning vazifalari ularga biriktirilgan hududda saylov kuni kuzatuvni amalga oshirish, o`z xulosalari natijalarini Byuroning qarorgohiga etkazishdan iborat.

Ta`kidlash lozimki, saylovni kuzatish bo`yicha to`liq tarkibdagi missiya Markaziy saylov komissiyasining taklifi hamda mamlakatimiz mazkur muhim siyosiy tadbirni xalqaro standartlarga muvofiq ochiq va oshkora o`tkazishga tayyorligi e`tiborga olinib, O`zbekistonga ilk marotaba yuborilmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!