Ortiqcha vazndan aziyat chekayotgan ayollar uchun O`zbekistondagi birinchi raqamli dietologdan tekin maslahatlar

15:36, 02 noyabr

Ortiqcha vazn ayol uchun nimaligini boshiga tushgan biladi. U turli nashrlarda yoki internetda uchragan har parhezga haloskor deb yopishadi. Barini ketma-ket qo`llab, taomnoma va kun tartibini o`zgartirsa-da, natija o`sha-o`sha... Yomoni, bonus sifatida yana 2 kg orttirib oladi. Vaqt, sog`liq, asab va mablag`ni shamolga sovurganingiz qoldi-ku, dugonajon! 

O`zbekiston Respublikasi bodibilding va fitness federasiyasi bosh shifokori, oliy toifali vrach-dietolog Dmitriy VDOVIN mavzuga doir savollarimizga javob beradi.

–  Ortiqcha vazn to`plashning asosiy sabablari nimada? 

–  Kamharakatlilik va noto`g`ri ovqatlanish 50 foiz holatlarda semizlikka sabab bo`ladi. Bundan tashqari yurak, oshqozon-ichak, endokrin hamda jinsiy xastaliklar ham vazn ortishiga olib kelishi kuzatiladi. Kasallikni davolab, ortiqcha kilogrammlardan xalos bo`lish mumkin. 

–  Bir zumda tayyorlanadigan ovqatlarning sog`liqqa zararligi qanchalik isbotlangan? 

–  Turli usullarda tayyorlanadigan zamonaviy oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida har xil qo`shimchalar, mahsulotning yaroqlik muddatini uzaytiruvchi konservantlar mavjud, ularning 50 foizi organizmga nojo`ya ta`sir qilishi mumkin. Saraton hujayralarining rivojlanishi, oshqozon-ichak tizimi yallig`lanishi va tana zaharlanishiga aynan shular sababchi. Eng asosiysi, organizmda moddalar almashinuvi buziladi. Natijada tanada ortiqcha kilogrammlar to`planib qoladi. Fast-fud taomlari zararli, buni inkor etib bo`lmaydi. Lekin bir zumda tayyorlanadigan sho`rva, bo`tqa, lag`monlar bu borada ularni dog`da qoldiradi. Odatda, bunday oziq mahsulotlari faqatgina uglevod va yog`lardan tarkib topgan bo`ladi, ularda oqsil yo`q. Aynan shuning uchun narxi arzon, tez tayyorlanadi, uzoq saqlanadi va yaxshigina semirtiradi. Oqsil organizmdagi yog`larni parchalaydi, u bo`lmagan taqdirda oz miqdordagi yog` ham saqlanib qoladi. Sabzavot va mevalar tarkibida oqsil moddasi kam bo`lgani uchun ularga asoslangan parhezlar deyarli foyda bermaydi.

–  Ortiqcha vazn to`plash oson, ozish esa katta muammo hisoblanadi. Nima uchun?

–  So`nggi vaqtlarda bu masala meni ham ko`p o`ylantiradi. Odamlar bilan suhbatlashib, buning sababini o`rganishga qiziqdim. Ozish istagi bo`lmagan bir qancha ayollardan uch sutkalik kun tartiblari va taomnomalarini batafsil yozishlarini so`radim. Bo`yi 170 sm, vazni 45–50 kg bo`lgan ozg`in qizlar bir sutkada 3,5–4 ming kkal ozuqa iste`mol qilishlarini bildim. Bu erkak bodibilder sport ustasi uchun kundalik me`yor hisoblanadi. Mazkur ayollarning salomatligida muammosi yo`q, ammo semirishmaydi. Yana bo`yi 160 sm, vazni 80–90 kg atrofida, ya`ni semiz ayollar kun davomida 2–2,5 kkal ozuqa eyishini aniqladim. Lekin mana shu miqdor kamaytirilganda ham ular ozmadi. Bu izlanishlardan so`ng shunday xulosaga keldim: barchasiga moddalar almashinuvi sabab. 

–  Ortiqcha vazndan aziyat chekkan ayol ma`lum darajada ozdi, qomatidan ko`ngli to`q. Endi semizlik haqida butunlay unutsa ham bo`ladi, to`g`rimi? 

–  Noto`g`ri. Bir marta ortiqcha vazn to`plagan inson, keyinchalik ozgan taqdirda ham, umri davomida o`zini me`yorda ushlab turishi lozim. Ozgina bee`tiborlik, tartibsizlik yana semirishga sabab bo`lishi mumkin. Endi bu ayol butun umr qomatini saqlash uchun o`z organizmi bilan kurashib boradi. Avlodida semizlikka moyillik kuzatilsa, suzish, engil atletika va raqs bilan shug`ullanishlari mumkin. Albatta, avval shifokor bilan maslahatlashish kerak. Shuningdek, tartibli va to`g`ri ovqatlanishga ham e`tibor berish zarur. 

–  Tartibli va to`g`ri ovqatlanish deganda nimani nazarda tutyapsiz?    

–  Och yurmaslik, qorin to`yganini sezgan hamon ovqatlanishni to`xtatish oltin qoidalar hisoblanadi. Ko`pincha biz ishtaha bilan ochlik hissini adashtiramiz. Ochlik xabarini oshqozon yuboradi, ishtahani esa miya boshqaradi. Ana shu hislarni ajratib olish kerak. 

–  Homiladorlikdan keyingi ozish jarayoni ayollarni doim tashvishga soladi. Bolani emizib turib ozish mumkinmi?

–  Emizish davrida parhez qilishni tavsiya etmagan bo`lardim. Bu vaqtda tabiiy yo`l bilan, masalan, ko`p harakat qilish hisobigagina vazn tashlash mumkin. Parhez saqlash bilan ona organizmini toliqtirishi va emizish jarayoniga salbiy ta`sir ko`rsatish ehtimoli bor.

–  Menopauza davrida semirib ketgan ayollar haqida ko`p eshitamiz. Bunga nima sabab?

–  Bu davrdagi semizlikning sababini endokrin tizim va ginekologik muammolardan izlash lozim. Dietologiya bu holatda ikkinchi o`rinda turadi. Avvalo, aniqlangan kasalliklarni davolash kerak. 

–  Qorin, son kabi muammoli tana hududlaridagi yog`larni ketkazish qiyin. Tananing bu joylaridagi ortiqcha kilogrammlar nima uchun parchalanmaydi? 

–   Inson tanasida yog` yig`ilishiga moyil hududlar mavjud. Erkaklarda bunday joy qorin, ayollarda esa son va bo`ksa hisoblanadi. Parhez bilan ozish vaqtida tananing hamma joyidan birdek yog` yo`qoladi. Lekin avvaldan yog` ko`p to`planib turgan hududlarning ozishi biroz qiyinroq kechadi.  

–  E`lonlar va internetni kuzatsak, bir haftada 5 kg vazn tashlashga yordam beradigan dorilar, vositalar reklamasiga ko`zimiz tushadi. Ularning aksariyati mashqlarsiz va parhezsiz ozish mumkinligiga ishontirmoqchi. Bu haqiqatmi?

–  Bir haftada 5 kg ga ozish mumkin, taomnomadan uglevod va yog`larni olib tashlash bilan bunga oson erishsa bo`ladi. Oqsil bilan oziqlanish ortiqcha vazndan qutulishga yordam beradi. Lekin bu reklamalarda ana shu birinchi haftadan keyin nima bo`lishi aytilmaydi. Birinchi haftada 5 kg, keyinchalik esa haftasiga 700-500 gr vazn tashlanadi. Bunday ozish usullari shirinxo`rlarga tez ta`sir etadi. Go`sht mahsulotlarni ko`p iste`mol qiladigan insonlarda esa natijasi deyarli ko`rinmaydi. Reklama qilinadigan dorilar yog` parchalovchi hisoblanadi. Ularning bir qancha turlari bor. Kofein asosidagi vositalar yurak faoliyatini tezlashtiradi. Bu esa moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Tez ozish mumkin. Bu dorini faqatgina shifokor tavsiyasi va nazoratida qabul qilish kerak. Organizmni bunday toliqtirish turli kasalliklarga sabab bo`lishi mumkin. Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ishlab chiqarilgan vositalarning ham ikki turi mavjud. Birining tarkibini giyohlar tashkil etadi. Ular xavfsiz, lekin yaxshi samara bermaydi. Ikkinchisining asosida gelment lichinkalari bo`ladi. Organizmga tushganidan so`ng gijjalar ozishga sabab bo`lishidan tashqari, bir qancha kasalliklarni ham keltirib chiqaradi. Kimyoviy vositalar, jumladan, Ksenikal, Lindaksa, Alay, Elkornitin kabi dorilar ozishda qo`llaniladi, ammo shifokor tavsiyasi bilan qabul qilish lozim.  Bu dorilar yog`larning ichak devorlariga so`rilishiga yo`l qo`ymaydi. Natijada organizmdan yog`lar chiqib ketadi. Lekin uni ham sog`liqqa zarar etkazmaydi deyish qiyin. Uzoq muddat qo`llamagan ma`qul. 

–  Inson o`ziga mos parhez turini mustaqil aniqlashi mumkinmi yoki albatta dietologga murojaat qilishi shartmi? 

–  Ozish masalasiga jiddiy yondashgan ma`qul. Hammaning organizmi o`ziga xos bo`lgani uchun individual parhezdan foydalanishni tavsiya etgan bo`lardim. Qaerdadir o`qigan yoki dugonasidan eshitgan usulga ko`r-ko`rona amal qilish zararli bo`lishi ham mumkin. Dietologga murojaat qilinsa, bemorning uch kunlik taomnomasi o`rganiladi. So`ng ba`zi mahsulotlardan voz kechish yoki boshqa biror ozuqa bilan almashtirish buyuriladi. Menimcha, dietolog bilan maslahatlashib, to`g`ri tavsiya olish turli parhezlarni qo`llab ko`rgandan ancha arzonroq. 

–  Bunga imkoniyati bo`lmaganlarga tavsiya bera olasizmi?

–   Dietologga borishni istamaganlar yoki shunchaki vaznini me`yorda ushlab turish niyatidagilar mashhur dietolog Robert Shvarsning tavsiyalariga amal qilishlari lozim. Bu shifokor bir necha yillar davomida ozg`in insonlarning kun tartibini o`rganadi. Uning xulosasiga ko`ra, oriq insonlar qachon va qancha xohlasa eyaverarkan. Ular ovqatlanish tartibi, parhez degan narsalarga ahamiyat berishmaydi. Faqat qorin to`yganini his qilgan zahoti ovqatlanishni to`xtadi. Mana shu prinsipga amal qilish ortiqcha vazndan qutulishda yaxshi yordam beradi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!