Sarvar Otamuratov: Qoraqalpog`istondagi madaniy meros ob`ektlari YuNESKO Butunjahon merosi ro`yxatiga kiritiladi

16:36, 02 noyabr

2 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratovning Qoraqalpog`iston Respublikasida saylovchilar va keng jamoatchik bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi. 

Uchrashuvda turli sohalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, mahalla faollari, partiya a`zolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.

Uchrashuv Qoraqalpog`iston Respublikasining barcha tuman va shaharlarining saylovchilari bilan onlayn video konferensiya orqali muloqot tarzida bo`lib o`tdi. 

Uchrashuvda nomzodning ishonchli vakili Tajibay Romanov ishtirokchilarga Sarvar Otamuratovni tanishtirdi va uning tarjimai holiga to`xtalib o`tdi. 

Prezidentlikka nomzod S.Otamuratov so`zga chiqib, saylovchilarni saylovoldi Dasturida belgilangan ustuvor vazifalar bilan tanishtirdi.

Nomzod “Milliy tiklanish – avvalambor milliy o`zlikni anglash demakdir”, “Milliy manfaatlar va milliy qadriyatlarimiz himoyasi – bosh vazifamiz”, “Farzandlari sog`lom va barkamol yurt qudratli bo`lur”, “O`z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo`q”, “Barkamol avlod – millat tayanchi” tamoyili ostida ma`naviy-ma`rifiy, siyosiy va sud-huquq, iqtisodiyot, ijtimoiy, axborot, sport va tashqi siyosat sohalarida bir qator vazifalar belgilanganini aytib o`tdi.

Xususan, saylovoldi Dasturda madaniy meros ob`ektlarini himoya qilishga alohida e`tibor qaratilgan. Ma`lumki, Qoraqalpog`iston Respublikasida tarixiy obidalar va ziyoratgohlar juda ko`p. Ular qatorida Beruniy tumanidagi Sultan Uvays qal`ani, Xo`jayli tumanidagi Mizdakxon arxeologiya yodgorligini, Ellikqal`a tumanidagi To`proq qal`ani va boshqa madaniy meros ob`ektlarini aytish mumkin. 

Shuningdek, I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san`at muzeyi va Qoraqalpoq davlat “O`lkashunoslik” muzeyida juda qimmatli qo`lyozmalar, eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlari saqlanmoqda. Qoraqalpog`iston Respublikasida bunday ulug`vor tarixiy merosni asrab-avaylash va hisobga olish bo`yicha muayyan ishlar qilingan. Ammo O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog`iston Respublikasi kengashi va Jo`qorg`i Kengasdagi fraksiyasi a`zolari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi O`zMTDP guruhlarining nazorat-tahlil faoliyati shuni ko`rsatdiki, hali bir qator madaniy meros ob`ektlar hisobga olinmagan, eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlari to`liq toifalashtirilmagan.

Ana shulardan kelib chiqib, Qoraqalpog`iston Respublikasidagi madaniy meros ob`ektlarini to`liq xatlovdan o`tkazib, hisobga olish ishlarini takomillashtirish zarur. Muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros ob`ekti belgilariga ega bo`lgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarining to`liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish lozim. Kerak bo`lsa, ularning YuNESKO Butunjahon merosi ro`yxatiga kirmaganlarini unga kiritishda faollik ko`rsatish – asosiy vazifamizdir, - dedi nomzod.

Sarvar Otamuratov e`tirof etib o`tganidek, mamlakatimizda yoshlar masalasiga davlat siyosati darajasida e`tibor berib kelinmoqda. Ertamiz egalarining jismonan sog`lom avlod bo`lib voyaga etishlari, ularning kelajagi haqida qayg`urgan nomzod saylovoldi Dasturida sportning barcha turlari, ayniqsa olimpiada o`yinlari dasturidan o`rin olgan hamda milliy turlarini har tomonlama qo`llab-quvatlashni, bolalar sportini rivojlantirishni o`z oldiga maqsad qilgan.

Shuningdek, nomzod uchrashuvda saylovoldi Dasturning boshqa sohalari xususida ham atroflicha to`xtalib o`tdi. S.Otamuratov ilgari surayotgan vazifalar saylovchilarda katta qiziqish uyg`otdi.

Uchrashuvda ishtirokchilar nomzodning saylovoldi Dasturiga o`z munosabatlarini bildirdilar. Saylovchilar aytib o`tganlaridek, Qoraqalpog`iston Respublikasida madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish, ayniqsa chekka va olis hududlarda bu borada o`z echimini kutayotgan masalalarning mavjudligi ayni haqiqat. Nomzod ilgari surayotgan chora-tadbirlarning hayotga tatbiq etilishi, Qoraqalpog`iston Respublikasida tarixiy-madaniy qimmatga ega bo`lgan ob`ektlarni davlat hisobiga olish, moddiy madaniy meros ob`ektlarining davlat kadastrini va nomoddiy madaniy meros ob`ektlarining ro`yxatini yuritishga xizmat qiladi.

Uchrashuv ishtirokchilari nomzodning sportning milliy turlari hamda bolalar sportini rivojlantirish borasidagi fikrlarini qo`llab-quvvatladilar. Qoraqalpog`istonlik ko`p ming sonli yoshlar va sportchilar uchun milliy qadriyatlarimiz, matonat, jasorat, vatanparvarlik va insonparvarlik asoslarini o`zida yorqin mujassam etgan va bugun dunyoning 130 ga yaqin mamlakatida kurash federasiyalari tashkil etilganligini hisobga olib o`zbek kurashini Olimpiya o`yinlari qatoriga kiritish maqsadida xalqaro Kurash federasiyasi, Xalqaro va milliy Olimpiya Qo`mitasi bilan aloqani har taraflama mustahkamlash dolzarb vazifa ekanligini e`tirof etdilar.

Nomzodning saylovoldi Dasturini qo`llab-quvvatlab Qorao`zak tumani Xalq ta`limi muassasalari faoliyatini metodik ta`minlash va tashkil etish bo`limi xodimi Q.Razbekov, Mang`it iqtisodiyot kolleji o`qituvchisi M.Yusupova, Nukus shahridagi 31-sonli maktab direktori V.Kalenova va boshqalar so`zga chiqdilar.

Uchrashuv so`ngida S.Otamuratov ishtirokchilar tomonidan uning tarjimai holi va saylovoldi Dasturi yuzasidan berilgan bir qator savollarga javob berdi.

Uchrashuvda nomzodning ishonchli vakili va so`zga chiqqanlar saylovchilarni Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratovga ovoz berishga chaqirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!