Xatamjon Ketmonov Toshkent viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashdi

16:53, 02 noyabr

Bugun O`rtachirchiq tumanidagi Toshkent viloyat ma`naviyat-ma`rifat markazi majlislar zalida O`zbekiston Respublikasi prezidentligiga O`zbekiston XDPdan ko`rsatilgan nomzod Xatamjon Ketmonov Toshkent viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuv bir vaqtning o`zida Onlayn video-konferensiya shaklida Toshkent viloyatining barcha tuman va shaharlaridagi olti minga yaqin saylovchilarni qamrab oldi.

Mazkur uchrashuvda dastavval nomzodning ishonchli vakili Xatamjon Ketmonovning tarjimai holi bilan yig`ilganlarni tanishtirdi. Shundan so`ng, so`z O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – Xatamjon Abdurahmanovich Ketmonovga berildi.

Xatamjon Ketmonov o`z chiqishida saylov – xalqning xohish-irodasini ro`yobga chiqarishning oliy ifodasi, davlat hokimiyati organlarini demokratik tarzda tashkil etishning asosi ekanini alohida ta`kidlab, o`zi ilgari surayotgan saylovoldi dasturining mazmun-mohiyati haqida qo`yidagilarni aytib o`tdi:

– Dastur O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining Parlamentdagi ko`pchilik – demokratik kuchlar Blokiga nisbatan o`zini muxolifat deb e`lon qilgani, buning natijasida muxolif fraksiya sifatida ilgari surgan qator g`oyalarga asoslanishini hamda mamlakatning ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti asosida o`sib borayotgan iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, aholining barcha qatlamlari, eng avvalo, kam ta`minlangan qatlamining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlash, eng kam iste`mol xarajatlari (iste`mol savatchasi) standartlarini belgilashning asoslangan va zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish hamda joriy qilish, aholiga kommunal xizmatlar ko`rsatish tariflarining davlat tomonidan tartibga solinishini takomillashtirish orqali kommunal xizmatlar narxlarini maqbullashtirish, aholi bandligini ta`minlashning mutlaqo yangi va zamonaviy usullarini joriy qilish, ish o`rinlarini tashkil etish dasturining so`zsiz bajarilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning asosiy mezoni ularni hayotga tatbiq qilish orqali yaratiladigan barqaror ish o`rinlari soni bilan o`rta maxsus va oliy ta`lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishning o`zaro bog`liqligini ta`minlash masalalaridir.

Uchrashuv davomida nomzod ma`ruzasi bo`yicha bir qator ishtirokchilar so`zga chiqdilar. Ular o`z chiqishlarida nomzod dasturida ilgari surilayotgan - mamlakatning ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti asosida, o`sib borayotgan iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, aholining barcha qatlamlari, eng avvalo, kam ta`minlangan qatlami turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlash g`oyasini qo`llab-quvvatlab saylovchilarni saylov kuni Xatamjon Ketmonovga ovoz berishga chaqirishdi.

Uchrashuv so`ngida saylovchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakillaridan atroflicha javob olish imkoniga ega bo`ldilar.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!