Shavkat Mirziyoev Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

20:22, 02 noyabr

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev 2 noyabr kuni Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni O`zLiDePning Namangan viloyati kengashi raisi S.Mo`minov ochdi.

Yig`ilish avvalida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasi yod etildi. Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan keng ko`lamli islohotlar tufayli mamlakatimizning barcha hududlari qatori Namangan viloyati ham izchil rivojlanmoqda. Sanoat tarmoqlari kengayib, tumanlarda yangi zamonaviy korxonalar ishga tushirilmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari keng qo`llab-quvvatlanayotgani samarasida ularning viloyat iqtisodiyotidagi salmog`i tobora ortmoqda. Yangi uy-joy va ijtimoiy ob`ektlar bunyod etilib, shaharu qishloqlar qiyofasi tubdan o`zgarib bormoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev o`z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so`zladi.

Dasturda davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh etish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlik va izchil o`sish sur`atlarini ta`minlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, mamlakatimizdagi tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash, aholi bandligini ta`minlash, er va suv resurslaridan oqilona foydalanish, xususiy mulk va tadbirkorlik rivoji yo`lidagi to`siqlarni bartaraf etish, hududlarni kompleks va izchil rivojlantirish, xalqimiz hayot sifati va farovonligini yuksaltirish kabi muhim masalalarga alohida e`tibor qaratilgan.

Uchrashuvda videokonferensiya orqali Namangan shahri va barcha tuman markazlarida yig`ilgan saylovchilar ishtirok etdi.

Mehnat faxriysi Sh.Nuriddinov, «Afro`z Kamol Nabi» mas`uliyati cheklangan jamiyatining tijorat ishlari bo`yicha direktori S.No``monov, «Istiqlol tekstil dizayn» mas`uliyati cheklangan jamiyati direktori B.Umarov, Namangan viloyati qirg`iz milliy madaniy markazi raisi M.Istamqulova, «Imron tekstil grup» xususiy korxonasi rahbari I.Qutfiddinov, mehnat faxriysi I.Bo`stonov, Pop tumanidagi 29-maktab o`qituvchisi Z.Haydarova, Chust tumani hokimi o`rinbosari, tuman xotin-qizlar qo`mitasi raisi N.Bozorova, Kosonsoy tumanidagi «Qo`qimboy» qishloq fuqarolar yig`ini raisi S.Qosimova va boshqalar dasturda belgilangan vazifalar mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga xizmat qilishini ta`kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik, uni o`tkazish bilan bog`liq jarayonlar milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillarga to`la mos ravishda o`tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 4 dekabr kuni bo`ladigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!