Narimon Umarov Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

23:34, 02 noyabr

O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 2 noyabr kuni Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Uchrashuvni “Adolat” sosial-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi vazifasini bajaruvchi R.Raupov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili K.Saxatov yig`ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o`z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so`zladi. 

Dasturda ijtimoiy himoya va uning amalda qo`llanilishiga doimiy e`tibor qaratish ko`zda tutilgan. Huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish, davlat va jamiyat boshqaruvida aholining munosib ishtirokini ta`minlash, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat hayotidagi o`rni va rolini yanada kuchaytirish, energiya sarfini iqtisod qilishni rag`batlantirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, “Yashil iqtisodiyot”ga va unga mos texnologiyalarga o`tishni davlat tomonidan keng rag`batlantirish kabi g`oyalar ilgari surilgan. 

Mamlakatimizdagi makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash, iqtisodiy o`sish sur`atlarini davom ettirish, byudjet hamda milliy valyutamiz barqarorligini ta`minlash, bank va sug`urta tizimlarini takomillashtirish borasidagi siyosatni izchil davom ettirish nomzodning dasturidan alohida o`rin olgan. 

Dasturda xodimlar va ish beruvchilar o`rtasidagi ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, korxonalarda xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi keng ko`lamli islohotlarni bosqichma-bosqich davom ettirish kabi masalalarga ham alohida e`tibor qaratilgan. 

Uchrashuvda xalq deputatlari Qarshi shahar Kengashi deputati A.Boboev, Qarshi davlat universiteti qoshidagi malaka oshirish va qayta tayyorlash markazi direktorining ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari I.Rajabova, Qarshi tibbiyot kolleji o`qituvchisi N.Mamadiev, Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasi radio guruhi muharriri Z.Bobonazarova va boshqalar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko`ppartiyaviylik asosida o`tayotgani mamlakatimizda demokratik tamoyillarga to`la amal qilinayotganidan dalolat ekanini ta`kidladi. Saylovchilarni 2016 yil 4 dekabr kuni o`tkaziladigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!