Toshkentda moda haftaligi bo`lib o`tadi

15:15, 03 noyabr

Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasida mazkur moda haftaligi oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Toshkent moda haftaligi modeler va dizaynerlarning ijodiy izlanishlariga qanot bag`ishlash, ularning eng sara to`plamlari bilan xalqimiz, xorijlik mehmonlarni yaqindan tanishtirish, liboslar sohasida mehnat qilayotgan ijodkorlarning o`zaro fikr va tajriba almashishi uchun imkon yaratishda o`ziga xos maydonga aylanishi shubhasiz. 

O`zbekiston libos dizaynerlarining ijod namunalari, nafis va betakror milliy matolarimiz xorijiy davlatlarda o`tkazilayotgan moda namoyishlarida yuksak e`tiborga sazovor bo`lmoqda. Moda haftaligida Italiya, Polsha, Latviya, Xitoy, Janubiy Koreya, Kuvayt kabi davlatlardan mutaxassislar ishtirok etishi kutilmoqda. 

Haftalik doirasidagi tadbirlar qamrovi keng va rang-barang. O`ziga xos moda marafoni tarzidagi ushbu loyiha o`zbek milliy matolari va an`anaviy liboslariga bag`ishlangan to`qimachilik ko`rgazmasi bilan ochiladi. Xorijlik mutaxassislar ishtirokida o`tkaziladigan ilmiy-amaliy anjumanda moda sanoatiga innovasion texnologiyalarni joriy etish, “Lux” toifasidagi liboslarni ishlab chiqarish va takomillashtirish, o`zbek modasining rivojlanish tendensiyalari, moda biznesi, bu borada odamlar ehtiyoj va talablari kabi masalalar muhokama etiladi. 

Yosh dizaynerlar namoyishi moda sohasida izlanayotgan yigit-qizlar uchun o`z salohiyati, ilk ijodiy qadamlarini namoyish etish uchun qulay imkoniyat bo`lsa, mualliflik ko`rigida yurtimiz va xorijning mohir dizaynerlarining eng yaxshi kolleksiyalaridan bahramand bo`lish mumkin. Haftalik tadbirlaridagi kolleksiyalarni tomoshabinlar e`tiboriga havola etishda yurtimizning barcha hududlaridan yoshlar ishtirok etadi. 

Mahalliy va xorijiy moda mutaxassislarining mahorat saboqlarida yosh dizaynerlarning didini yuksaltirish, ko`rkam liboslar yaratish, ularni keng omma e`tiboriga havola etish jarayoniga to`g`ri yondashuvni shakllantirish kabi jihatlarga katta ahamiyat qaratiladi. Haftalik dasturidan o`rin olgan Milliy libos festivali mamlakatimiz dizaynerlik sohasida izlanayotgan iste`dodlarga boy ekanini ishtirokchilariga yana bir karra namoyon etadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!