Toshkentda o`tgan X Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperasiya birjasida 1,3 mingdan ortiq xorijiy kompaniya qatnashdi

15:26, 03 noyabr

Forumda Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston kabi davlatlardagi firma va kompaniyalarning 1 ming 300 dan ortiq vakili qatnashib, O`zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qilish bo`yicha shartnomalar tuzdi. 

Bu erda o`zaro manfaatli bitimlar tuzish imkoniyati mavjudligi bois o`tgan yilgi forumda sanoat kooperasiyasi asosida mahsulot xarid qilish bo`yicha 11,8 trillion so`mlik, eksport bo`yicha 8,3 milliard dollarlik shartnomalar tuzilgan edi. Joriy yilda mahsulot sotib olish bo`yicha shartnomalar qiymati o`tgan yilgi ko`rsatkichdan qariyb 1,16 marta oshdi. Bu mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga xalqaro miqyosda talab ortib borayotganidan dalolatdir. 

Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperasiya birjasi ikki bosqichda o`tkazildi. Joriy yilning mart-iyun oylarida hududlarda tashkil etilgan o`n uchta ana shunday tadbirda 5 mingdan ortiq sanoat korxonasi qatnashdi. Ular o`rtasida mahsulot etkazib berish hamda sanoat kooperasiyasi borasida miqdori bir trillion so`mlikdan ko`proq shartnomalar imzolandi. Tog`-kon uskunalari, bog`dorchilikka mo`ljallangan mini-traktorlar, elektr generatorlari, tibbiyot jihozlari, yuqori sifatli moy va keramika mahsulotlari va boshqa takliflar qatnashchilarda katta qiziqish uyg`otdi.

Ikkinchi bosqichda mamlakatimizning qariyb uch mingdan ortiq korxona, kompaniya va tashkilotlari tomonidan mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektr texnikasi, qurilish, metallurgiya, kimyo, neft-gaz, oziq-ovqat, engil sanoat, farmasevtika va boshqa tarmoqlarning 22 mingdan ziyod nomdagi tayyor mahsulotlari, butlovchi buyumlar va materiallari taqdim etildi. Ularning mingdan ziyodi yangi o`zlashtirilgan. 

Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperasiya birjasi yakunida korxona, kompaniya va tashkilotlarning taqdimotlari turli nominasiyalar bo`yicha baholanib, faol ishtirokchilar esdalik sovg`alar bilan taqdirlandi. 

Hududlarning eng yaxshi taqdimoti nominasiyasida Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari peshqadamlik qilgan bo`lsa, eng yaxshi taqdimot o`tkazgan tashkilot sifatida Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati e`lon qilindi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!