Sarvar Otamuratov Andijon viloyatidagi saylovchilar va keng jamoatchik bilan uchrashdi

16:46, 03 noyabr

3 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratovning Andijon viloyatidagi saylovchilar va keng jamoatchik bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi. 

Uchrashuvda turli sohalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, mahalla faollari, partiya a`zolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.

Uchrashuv Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarining saylovchilari bilan onlayn video konferensiya orqali muloqot tarzida bo`lib o`tdi. 

Uchrashuvda nomzodning ishonchli vakili Sadbar Mamitova ishtirokchilarga Sarvar Otamuratovni tanishtirdi va uning tarjimai holiga to`xtalib o`tdi. 

Prezidentlikka nomzod S.Otamuratov so`zga chiqib, saylovchilarni saylovoldi Dasturida belgilangan ustuvor vazifalar bilan tanishtirdi.

Avvalo nomzod O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining maqsadi – milliy tiklanishdan milliy yuksalishga erishish g`oyasini amalga oshirish, ichki siyosatda iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi, xalqimizning farovonligini oshishi, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, tashqi siyosatda milliy manfaatlarni himoyalash va maqsadli ilgari surish, O`zbekiston xalqining milliy-madaniy va ma`naviy-axloqiy qadriyatlari, urf-odatlarini saqlash va boyitishdan iborat ekanligini alohida e`tirof etdi.

Shundan kelib chiqqan holda saylovoldi Dasturda milliy o`zlikni anglash, milliy g`urur va qadr-qimmat tuyg`usini mustahkamlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi turmush sifati, darajasi va farovonligini oshirish bo`yicha Davlat dasturlari qabul qilish hamda Kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish belgilangan.

Ayniqsa, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va oilaviy tadbirkorlik yaxshi yo`lga qo`yilgan Andijon viloyatida ishlab chiqarishni texnik va texnologik modernizasiya qilish, ishlab chiqarishga yo`naltirilmagan xarajatlarni qisqartirish, yangi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, istiqbolli ishlab chiqarish bilan shug`ullanayotgan korxonalarga soliq va majburiy to`lovlarda imtiyozlar berish yo`li bilan mahalliy sanoat samaradorligini yanada oshirish muhim masaladir.

Milliy bozorni sifati past, xalqaro andozalarga mos kelmaydigan mahsulotlardan muhofaza etish, qulay va jozibador sarmoya muhitini shakllantirishning huquqiy asoslarini kuchaytirish, davlat kompaniyalari va davlat ulushi ustunlik qiladigan korxonalarning moliya-xo`jalik faoliyati shaffofligini ta`minlash orqali ularning faoliyat samaradorligini oshirish, ichki xususiy investisiyalarni milliy iqtisodiyotga yo`naltirishni yanada kengaytirishni har tomonlama qo`llab-quvvatlash Sarvar Otamuratov saylovoldi Dasturida ustuvor vazifa etib belgilangan.

Bular bugungi kunda 47 ta yirik sanoat korxonalariga ega bo`lgan Andijon viloyati uchun juda muhimdir. Xorijiy investisiya ishtirokidagi korxonalardan 38 tasi engil sanoatda, 18 tasi avtomobilsozlikda, 17 tasi xizmat ko`rsatishda, 5 tasi oziq-ovqat sohasida, 4 tasi elektrotexnika, 4 tasi kimyo sohasida, 5 tasi poyabzal, 12 tasi savdo, 5 tasi farmasevtika sohalarida faoliyat yuritmoqda. Andijon viloyatida joriy yil birinchi yarim yilligida yalpi hududiy mahsulot 95,5 foizga, hududiy sanoat 137,3 foizga o`sgan. Shunday ekan, istiqbolli ishlab chiqarish bilan shug`ullanayotgan korxonalarga soliq va majburiy to`lovlarda imtiyozlar berishni yanada kengaytirish vaqti keldi, - dedi S.Otamuratov.

Shuningdek, Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov Zaxiriddin Muhammad Bobur, Nodira, Abdulhamid Cho`lpon, Saida Zunnunova, Komil Yashin, Muhammad Yusuf kabi buyuk darg`alarga beshik bo`lgan Andijon viloyatida davlat tili masalasini ko`tardi.

Nomzod ta`kidlab o`tganidek, til millatning eng oliy qadriyatidir. Shundan kelib chiqib, qadimiy va boy tarixga ega bo`lgan, mustaqillik tufayli qadr-qimmati tiklangan, hozirda kechayotgan globallashuv davrida zamonaviy taraqqiyotning barcha sohalari talablariga javob beradigan darajada imkoniyatga ega bo`lgan tilimiz rivojini yangi bosqichga ko`tarish uchun davlat tilini boyitish, yanada takomillashtirishga, davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash va uning to`la amal qilishiga erishish, til madaniyatini yanada yuksaltirishga yo`naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish zarur.

Xususan, Andijon viloyatida ham davlat tilining qo`llanilishi va uning qoidalariga rioya etilishida muammolar bor. Buni partiya viloyat tashkiloti va partiya guruhi hamkorligida viloyatda “Davlat tili to`g`risida”gi qonunning ijrosini o`rganish natijasida aniqlangan kamchiliklarda ko`rish mumkin. Ko`chalarda joylashtirilgan tashqi yozuvlarda, reklama va e`lonlarda, mahalliy ommaviy axborot vositalarida hali hamon o`zbek adabiy tili me`yor va qoidalari qo`pol buzilmoqda.

Albatta, uchrashuvda nomzod Dasturidagi vazifalar, u tomonidan bildirilgan fikrlar ishtirokchilarni befarq qoldirmadi. Birin-ketin so`z so`rab chiqqan andijonlik saylovchilar saylovoldi Dastur yuzasidan o`z munosabatlarini bildirdilar. 

Saylovchilar qayd etib o`tganidek, nomzod ilgari surayotgan til madaniyatini yanada yuksaltirishga yo`naltirilgan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi. Buning natijasida fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikasiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o`ta muhim tarmoqlarda o`zbek tili o`zining haqiqiy o`rnini egallaydi. Shuningdek, S. Otamuratovning zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lug`atlar yaratish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish taklifi ham dolzarb vazifalardan biridir.

Uchrashuvda nomzodning saylovoldi Dasturini qo`llab-quvvatlab Bo`z tumanidagi 1-umumta`lim maktabi direktori Yu.Azimova, Andijon bank kolleji direktori o`rinbosari K.Zaynabiddinov va boshqalar so`zga chiqdilar.

Uchrashuv so`ngida S.Otamuratov ishtirokchilar tomonidan saylovoldi Dastur yuzasidan berilgan barcha savollarga javob berdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!