Sarvar Otamuratov Farg`ona viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashdi

12:17, 04 noyabr

4 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratovning Farg`ona viloyatidagi saylovchilar va keng jamoatchik bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi. 

Uchrashuvda turli sohalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, mahalla faollari, partiya a`zolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.

Uchrashuv Farg`ona viloyatining barcha tuman va shaharlarining saylovchilari bilan onlayn video konferensiya orqali muloqot tarzida bo`lib o`tdi. 

Uchrashuvni O`zMTDP Farg`ona viloyat kengashi a`zosi Ma`murjon Atajonov ochib berar ekan, mamlakatimizning ertangi kuni, porloq kelajagiga mas`ullik har bir fuqaroning burchi ekanligini, saylovlar esa odamlarning yurt taqdiriga daxldorlik tuyg`usini ifoda etishini alohida e`tirof etib o`tdi.

Shundan so`ng partiyadan Prezidentlikka nomzodning Farg`ona viloyatidagi ishonchli vakili Umid Jabborov ishtirokchilarga Sarvar Otamuratovni tanishtirdi va uning tarjimai holiga to`xtalib o`tdi. 

S.Otamuratov so`zga chiqib, saylovchilarni saylovoldi Dasturida belgilangan vazifalar bilan tanishtirdi. Nomzod ta`kidlaganidek, saylovoldi Dastur ettita ustuvor yo`nalishlardan iborat. Unda asosan ma`naviy-ma`rifiy sohada erishilgan yutuqlarni mustahkamlash va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xalqimizning betakror va ulug`vor tarixiy, madaniy va intellektual merosi, madaniyati va an`analarini asrab-avaylash va boyitish, uning yutuqlarini navqiron va barkamol avlod orasida keng targ`ib qilishga alohida urg`u beriladi.

Biz doimo milliy o`zlikni anglash, milliy g`urur va qadr-qimmat tuyg`usini mustahkamlash masalalariga ustuvor ahamiyat berganmiz va bundan buyon ham ushbu hayotiy masalalar diqqat markazimizda bo`ladi, - dedi uchrashuvda Prezidentlikka nomzod S.Otamuratov.

Nomzodning fikricha «O`z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo`q» tamoyili asosida xalqimiz tarixini xolis va tizimli o`rganish, bu borada o`zbek xalqining tarixiy o`tmishi va bugungi kunini baholashda bir yoqlama yondashuvlarga, noxolislikka yo`l qo`ymaslik, O`zbekiston tarixining buzib, soxtalashtirib talqin etilishiga qarshi kurashish milliy o`zlikni anglashning muhim tamoyillaridan biridir.

Kino, teatr va estrada san`atida xalqimizning boy va betakror tarixi, madaniyati, an`analari va ilg`or urf-odatlarini ta`sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etadigan asarlarning yaratilishi yoshlar ongini xalqimizga yot bo`lgan «ommaviy madaniyat»ning salbiy ta`siridan muhofaza qilish, ularning qalbi va ongiga milliy tiklanish g`oyasini singdirish, kelajagimiz egalarini milliy ma`naviyat va qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Sarvar Otamuratov bu boradagi fikr-mulohazalari bilan o`rtoqlashar ekan, respublikamizning boshqa hududlari kabi Farg`ona viloyatida ham ma`naviy-ma`rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish lozimligini ta`kidlab o`tdi.

Zero, bugungi kunda Farg`ona viloyatidagi mavjud Farg`ona san`at saroyi, Yusufjon Shakarjonov nomli viloyat dramma teatri, “Xamza” nomli Qo`qon dramma teatri, viloyat rus dramma teatri, viloyat milliy qo`g`irchoq teatri, Al Farg`oniy nomli viloyat kutubxonasi hamda viloyat O`lkashunoslik muzeyi kabi ma`naviyat o`choqlariga yoshlarni keng jalb etish, ularning ma`naviyatini yuksaltirish, dunyoqarashini o`stirish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biridir, - dedi Sarvar Otamuratov.

Shuningdek, Prezidentlikka nomzod davlat tili masalasini ko`tardi. Dasturda til millatning eng oliy qadriyatidir deb belgilangan. Shundan kelib chiqib, qadimiy va boy tarixga ega bo`lgan, mustaqillik tufayli qadr-qimmati tiklangan, hozirda kechayotgan globallashuv davrida zamonaviy taraqqiyotning barcha sohalari talablariga javob beradigan tilimiz rivojini yangi bosqichga ko`tarish, davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash va uning to`la amal qilishiga erishish, til madaniyatini yanada yuksaltirishga yo`naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish zarur deb ta`kidlandi.

Mavjud davlat va siyosiy tizimni yanada mustahkamlash, milliy g`oya, jamiyatimizning axloqiy va ma`naviy asoslari ustuvorligini ta`minlash, jamiyatda hukm surayotgan va xalqimizga xos bag`rikenglik, millati, dini, ijtimoiy holati va kelib chiqishidan qat`i nazar, O`zbekiston xalqi, barcha fuqarolarning birdamligi va hamjihatligini mustahkamlash Dasturda ilg`or vazifalar qatorida turadi.

Dunyo bozorida raqobatbardosh hamda milliy iqtisodiyotimiz timsoliga aylanadigan transmilliy kompaniyalarni shakllantirish, turizmni rivojlantirish hamda mamlakatimizning ishonchli, siyosiy va savdo-iqtisodiy sohalarda mas`uliyatli sherik sifatida xalqaro miqyosdagi imijini mustahkamlash kabi vazifalar ham Dasturda o`z aksini topgan.

Nomzod qayd etib o`tganidek, bu maqsadlarni amalga oshirishda mehnatsevar Farg`ona xalqi albatta, eng asosiy kuch va tashabbuskor bo`ladi.

Uchrashuvda ishtirokchilar so`zga chiqib, nomzodning saylovoldi Dasturiga o`z munosabatlarini bildirdilar. Ular tomonidan bildirilgan fikrlarning xilma-xilligi, saylovchilar va nomzod o`rtasida savol-javob tarzida kechgan muzokaralarning qizg`inligi odamlarning nomzod dasturiga befarq emasligidan dalolat beradi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!