Shahzoda Matchonovaning jo`natilmagan maktubi

14:22, 04 noyabr

«Kinoda o`ynashni istaysanmi, qizaloq?» Bu filmni hoynahoy siz ham ko`rgansiz. Qarangki, qahramonimiz hayotida ham xuddi shunday voqea yuz bergan. Shahzoda Matchanova dugonasi bilan teatr ostonasida zamonamizning eng kuchli rejissyorlaridan birini uchratib qoladi. Zulfiqor Musoqov «Kinoda rol o`ynashni istaysizmi?», deya so`raydi. Va ota-onasidan ruxsat olib, rasmini «O`zbekfilm»ga olib borishini aytadi. O`zbekiston, Qoraqalpog`iston va Boshqirdiston xalq artisti Bayram Matchanovning nevarasi, bir paytlari aktrisa bo`lish istagida san`at institutida o`qigan, ammo orzularini farzandlari kelajagida ko`rgan ayolning tortinchoq qizalog`i Shahzoda Matchanova kinoga tasodifiy, shu bilan birga, kutilmagan uchrashuv sabab kirib keladi. 

— Va nihoyat, oradan 7 yil o`tib, rejissyor Zulfiqor Musoqov bilan suratga olish maydonchasida — «Novda»da uchrashdingiz.

— Menimcha, yuqoridagi uchrashuvni Zulfiqor aka unutib ham yuborgan bo`lsa kerak. Men esa hamon hayajon bilan xotirlayman. Haddan ziyod tortinchoqligim sabab kinoda rol o`ynash istagi ko`nglimda pinhonligicha qolib ketadi, deb o`ylardim-da. Yo`q, qarangki, tasodiflar sabab insonning istaklari, baribir, yuzaga qalqib chiqarkan. 

Zulfiqor aka bilan ilk bor «Novda» filmida birga ishladim. Avvaliga cho`chiganman. Professional rejissyor, buning ustiga, jamoa ham kuchlilardan tashkil topgan. Lekin suratga olish ishlari davomida qiyinchilik sezmadim. Chunki Zulifiqor Musoqov juda ochiqko`ngil inson. Aktyorni doim rag`batlantirib, «Zo`r», deya maqtab turadi. Boshqalarni bilmadim-u, men ish jarayonidagi maqtovlardan kuch olaman, yanada rolimni yaxshi ijro etishga harakat qilaman. 

— Ijodiy tanaffusdan keyin filmografiyangiz ancha boyidi, nazarimda. «Kuzda gullagan daraxt», «Novda», «Balli, Kamoliddin», «Mehmonxona» seriali. 

— Ro`yxatda hali ekranga chiqmagan «Eh, Salima, Salima» kartinasi va «Ustyurt yo`llari» nomli badiiy film ham bor. Siz sanab o`tgan filmlar o`tgan ikki yil davomida tomoshabinlarga namoyish etilgani bois xuddiki tanaffussiz ishlagandek tuyulishim mumkin. Ammo aslida, ularning barchasi turli vaqtlarda suratga olingan. Bundan tashqari, rejissyor Yolqin To`ychievning «Suv parilari uchun uy» filmida ham suratga tushdim. 

— Xo`sh, Yolqin To`yichev bilan hamkorlik ijodingizda yangicha burilish yasay oldimi? 
 

— Albatta! Yolqin To`ychievni juda hurmat qilaman. U nafaqat iste`dodli rejissyor, o`z dunyoqarashi va fikriga ega shaxs. Bu inson bilan hamkorlik meni yangicha ampluada kashf qilibgina qolmasdan, kinoga bo`lgan qarashlarimni kengaytirdi. Yolqin To`ychievning taklifini aktyorlar ssenariyni o`qimasdanoq qabul qilishlari sababini ham tushundim. Kartina ikkita xalqaro kinofestivalda namoyish etildi. Eng muhimi, men o`z filmografiyamda bu film va Yolqin aka bilan birga ishlaganimni alohida belgilab qo`ydim.

— Shahzoda, sizni kino olamida nimalar ushlab turibdi?

— Ijod zavqi! Shu sohaga bo`lgan muhabbatim! «Kino domiga tushganlar hech qachon undan chiqib keta olishmaydi», deganlari to`g`ri ekan. Men ham kelajagimni kinoda ko`rayapman!

— Xalqaro munosabatlar yo`nalishida tahsil olgansiz. Diplomatiya yo`nalishini majburan tanlaganmidingiz? 

— Yo`q, men doim o`z istaklarim bilan yashayman. Bolaligimdan dunyo kezishni istardim. Davlatlar poytaxtlarini yod olardim. Xaritadan mamlakatlarni topish, siyosat, elchilar hayoti, davlat hukmdorlari faoliyati menga qiziq edi. Aqlimni taniy boshlagach, menga nimalar yoqishini va qiziqishlarimni tahlil qildim. Kimnidir himoya qilish, kimgadir nimalarnidir isbotlash fe`lim bor. Shungami, avvaliga huquq yo`nalishi bo`yicha o`qishni istadim. O`qituvchilarimdan biri meni kuzatib yurarkan, «Diplomatiyaga topshirib ko`rsang ham bo`ladi», deb qoldi. Va men xalqaro munosabatlar yo`nalishini tanladim. Hozir ham bu yo`nalishni kuzataman, fikr almashaman. 

— Sir emaski, siz domiga tushgan bu olamning shunday to`lqinlari borki, o`zni, asliyatni, shaxsiyatni asrash oson emas. Shaxsiy hayotini mashhurlik yo`lida boy berganlar talaygina. Siz gap-so`zlar, shov-shuvlardan qanday himoyalanayapsiz?

— Avvalo, men o`zimni «yulduz», deb his qilmayman. Mashhurligidan kibrlanadiganlarni esa hurmat ham qilmayman, ular bilan munosabat ham o`rnatmayman. Qolaversa, o`zimning hurmatimni bilaman. Onam doim bir gapni ta`kidlaydi: «Qancha yuqoriga chiqsang, shuncha kamtar bo`l», deya. Menimcha, siz nazarda tutayotgan gap-so`zlar, shov-shuvlar, shaxsiy hayotdagi bo`shliqlar kibr-havoning natijasi. Yana inson o`zini ko`nglida nimalar kechayotganini tahlil qilishi kerak.  

— Siz uchun do`stlikning sharti? 

— Samimiyat va oxirigacha do`st tutinganning yonida tura olish. Ko`pchilik, negadir, shou-biznes ayollari hech qachon bir-biriga do`st bo`lolmaydi, deyishadi. Bu noto`g`ri fikr. Meni dugonalarim aktrisa sifatida emas, inson sifatida yaxshi ko`rishadi. Men ham ular taniqli xonandalar bo`lgani uchunmas, dunyoqarashlarimiz, fikrlarimiz bir nuqtada kesishgani uchun o`zimga yaqin tutaman. 

— Men esa do`stni xatolari bilan qabul qila olish kerak, deb o`ylayman. 

— To`g`ri. Chunki bu — tushunish hosilasi. Nazarimda, biz atrofdagilarni avvalo boricha qabul qila olsak, ular bilan munosabatlarda keyingi bosqichlarga o`ta olamiz. Yana unutmasligimiz kerakki, hech kim xatolardan, nuqsonlardan xoli emas. Shuning uchun kimnidir o`zimizga moslashtirishga, uni istaganimizdek o`zgartirishga harakat qilishimiz noto`g`ri. 

— Sevgi-chi? Sevish, bu — hammasiga ko`z yumish deganimi? 

— Muhabbatning yozilmagan qonuni ham aslida shu emasmi? Bu to`g`rimi yoki noto`g`ri, bunisi boshqa masala.

— Sizni ko`chpilik juda zamonaviy va rus tabiatli qiz deya ta`riflaydi. Fotosessiya jarayonida kuzatsam, tortinchoq ekansiz. 

— Oxirgi ikki-uch yil meni ancha o`zgartirdi. Atrofdagilar bilan muloqot qilishni, davralarga qo`shilishni o`rgandim. Avvallari juda uyatchan edim. Bolaligimda ham shu sabab faol bo`lmaganman. Eslasam, doim onamning panasiga yashirinib yurgan ekanman. Talabalik yillarimda ham darslarda o`rnimdan turib, javob berish men uchun juda qiyin edi. O`qituvchilarimdan doim iltimos qilardim, «Birinchi partada o`tirib, gapiradiganlarimni yozib bera qolay. Hech nimadan ko`chirmayman», deya. Avvalari hatto suratga olish maydonchasida jamoa bilan birga ovqatlanib, gaplashishga ham tortinardim. 

— Shahzoda, ulg`ayganingizni qachon his qilgansiz? 

—  O`zingizdan qolar gap yo`q, bizda «Endi katta qiz bo`lding», degan so`zni tez-tez aytishadi. Katta bo`lish gapining ma`nosini o`zingiz anglamaguncha tushunmas ekansiz. O`tgan yil, 8 avgustda yana bir tug`ilgan kunimni qarshi olgan tongimda xayolimga bir fikr chaqindek urildi. «Yana bir yilni yashab o`tdim. Nima qilayapman men, nimalarga erishdim?» — xullas, savollarga ko`mildim. Yashash mas`uliyati, o`z hayotimni o`zim istagandek qurish maqsadi — hammasi o`z bo`ynimda va qo`limda ekanligini tushundim. Shu paytgacha qaysidir ma`noda mas`uliyatni ota-onamning gardaniga yuklab kelayotgan ekanman. 

— Ko`p davlatlarga sayohat qilgansiz. Istaklaringiz va imkoniyatlaringizni bir nuqtada qanday kesishtirasiz? Moddiy tomonlama mustaqillikka erishganmisiz? 

— Onam bolaligimdan «Istaklaringni amalga oshirishing uchun, avvalo, o`zingni ta`minlay olishing kerak», deydi. To`g`risi, hisob-kitobga juda ustamasman. Ammo rejalarimni amalga oshirish uchun pul jamg`arishni uddalayman. Va pulni to`g`ri sarflashga harakat qilaman. Keyin mening sayyohatlardan aniq maqsadim bor — boshqa mamlakatlar madaniyatini o`rganish, tarixiy joylar, muzeylarini ko`rish. Bu esa shoping, qimmat restoranlarda ovqatlanishdek ko`p mablag` talab qilmaydi. 

— Yuziga tig` tekkizmagan kam sonli aktrisalarimizdan birisiz.

— Fikrimcha, aktrisa uchun tabiiylik juda muhim. Chunki katta ekran soxtaliklarni sotib qo`yadi. Axir doim olifta qizlar, nozikoyim kelinchaklar rolini ijro etavermaymiz. Shishirilgan lab bilan ma`suma qiz obrazini tasavvur qilib ko`ring bir. Men yoshlikning o`zi go`zallik deb hisoblayman. Balkim qirq-elliklarimda biror-bir sun`iy usulga murojaat qilarman, ammo hozirmas. Buning ustiga, ukoldan juda qo`rqaman. 

— Sizni qaerda uchratmaymiz? 

— Oshxonada. Negadir qiziqishim yo`q. «Men hamma taomlarni tayyorlab bilaman, pishir-kuydirga ustaman», deb aldashim mumkin. Ammo yolg`on gapirib, nima qildim? Oilali bo`lgach, oshxona qozon-tovoq bilan do`stlasharman. 

— Bolajonmisiz?

— Judayam. Akamning uch farzandi bor, ular meni shunaqa yaxshi ko`radiki, mehrlaridan hayotga zavqim oshadi. O`zimni oq kelinlik libosida emas, chaqaloqlarimni bag`rimga bosib turgan qiyofada ko`proq tasavvur qilaman. 

— Ertaklar ham o`qib turasizmi? 

— Albatta. Ertaklar hayotni oydinlashtiradi, deb o`ylayman. Insonlar bolalarcha beg`uborlikni yo`qotmasliklari uchun ham ertak o`qib turishlari kerak, menimcha. 

— Kitob javoningizda qayta o`qish uchun o`zingizda kuch topolmaydigan asarlar ham bormi? 

— «Yolg`izlikning yuz yili» asarini takror mutolaa qilolmasam kerak. Men uchun mutolaa jarayoni eng og`ir kechgan asar. O`qib bo`lgach, o`zimni juda, juda yolg`iz his qilganman. Umuman olganda, inson umri davomida bir bor bo`lsa-da yolg`izlikni his qilishi kerak...

— Qaysi badiiy asar qahramoniga xat yozishni istardingiz? 

— So`zsiz, Otabekka. Jur`ati, muhabbati uchun minnatdorchilik bildirardim.

— Xotirangizdagi eng yorqin voqea? 

— Eng yorqin voqealar ko`p. Ammo xayolimga kelgan birinchisi — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o`qishga qabul qilingan kunim. Imtihon javoblarini bilish uchun o`zim borganman. Universitet hovlisiga ilingan taxtachadagi qog`ozdan DTMimning raqamlarini topganimda, xursandligimdan rosa yig`lagandim. Bir yil davomida har sahar turib, o`qishga tayyorlanardim, qo`shimcha darslarga qatnardim. O`z kuchim bilan erishgan ilk katta g`alabam edi-da bu. 

—  Sizningcha, hayotning eng katta haqiqati? 

— Yaxshi savol berdingiz. Men uchun ishonch — hayotning eng katta haqiqati. Insonning Yaratganga ishonchi, hayotga ishonchi, o`ziga ishonishi, yaxshiliklarga va yaxshi insonlar borligiga ishonishi — dunyoni ushlab turishga qodir kuch deb o`ylayman. Axir ishonch bor joyda, aldovlar, xiyonatlar, sotqinliklar, urushlar bo`lmaydi... Yana men o`zimni aldab yashashdan qo`rqaman va inson ko`ngliga quloq tutishi kerak, deb o`ylayman...

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!