Tuxum ham, po`stlog`i ham koni foyda!

16:06, 04 noyabr

Nonushtaga quymoq pishirasizmi, tort uchun krem tayyorlaysizmi, xullas, nimaga ishlatsangiz ham tuxumning po`stlog`ini tashlab yuborasizmi? Chakki qilasiz! Chunki u talay foydali xususiyatlarga ega. Qolaversa, tuxumning o`ziga ham faqat ozuqa mahsuloti sifatida qarash noto`g`ri.

Soch uchun oziqlantiruvchi niqob
Buning uchun bitta tuxum (agar sochlar uzun va qalin bo`lsa, ikkita), 2-4 osh qoshiq suv kerak. Tuxumni suv bilan yaxshilab aralashtirib, bosh terisiga va sochlarga surting. 3-5 daqiqa o`tgach, ozgina limon sharbati qo`shilgan iliq suv bilan yuvib tashlang. Suv juda issiq bo`lmasin, aks holda boshingizdagi tuxumning oqi «pishib qoladi». Bu niqobni haftada bir marta qilib tursangiz, bosh terisi yaxshi oziqlanadi va sochlar yaltiraydi.

Yuz terisini taranglashtirish uchun…
Agar yuzingiz terisi quruq bo`lsa, tuxumning faqat sarig`ini ishlating. Agar yog`li bo`lsa, oqiga bir necha tomchi limon sharbati va 1 choy qoshiq asal qo`shib ishlatasiz. Agar teringizning yog`lilik darajasi o`rtacha bo`lsa, tuxumni butunicha ishlatsangiz ham bo`ladi.

Tuxumni yaxshilab ko`pirtirasiz. Yuzingizga surtib qo`yib, yarim soat yo osmonga qarab o`tirasiz yoki yotasiz — mushaklaringiz bo`shashi kerak. Yarim soatdan keyin niqobni iliq suv bilan yuvib tashlab, oziqlantiruvchi krem surting.

Tuxum po`stlog`idan skrab
Tuxumning po`stlog`ini yupqa pardasidan tozalab oling-da, qahvamaydalagichda kukun holiga keltiring. Oz miqdorda dush uchun mo`ljallangan gel yoki boshqa suyultirilgan yuvinish vositasidan qo`shing. Tuxum po`stlog`i terini o`lik hujayralardan avaylab tozalaydi. Bu skrabni nafaqat yuz, balki butun tana uchun qo`llasa bo`ladi.

Soch va tirnoqlarni mustahkamlashda…
Tuxum po`stlog`i organizm uchun juda zarur kalsiy manbaidir. Sochlaringiz va tirnoqlaringiz go`zal jilolanib, mustahkam bo`rishini istasangiz, haftada hech bo`lmasa bir marta 1/3 choy qoshiq tuxum po`stlog`i kukunini 2 dona baliq moyi kapsulasi bilan iste`mol qilib turishni unutmang.

Po`stloq bilan davolash
Tuxum po`stlog`i suvni zararli aralashmalardan tozalab, unga ishqorli xususiyat baxsh etadi. Bunday suvni iste`mol qilgan kishi oshqozon og`rig`idan xalos bo`ladi, yaralar va kuygan joylar esa bunday suv vositasida tezroq tuzaladi.

Uni tayyorlash juda oson: 1 choy qoshiq maydalangan tuxum po`stlog`i ustiga 1 litr qaynatib-sovutilgan suv quying va 5 soat tindirib qo`ying. So`ng shu suv bilan moychechak, qizilpoycha (zveroboy) va zubturum (podorojnik) damlamalarini tayyorlab (har bir o`tning quritilganidan 1 choy qoshiqdan olinadi), bir hafta davomida kuniga 3 martadan ichib turish kerak.

Sifatli elim
Tuxum oqi juda zo`r elimdir. U qog`oz va yupqa kartonni yaxshilab yopishtirish xususiyatiga ega. 

Teridan ishlangan buyumlarni yaltiratish uchun…
Agar teridan ishlangan buyumlaringizni yaltiratishni istasangiz, yumshiq lattani ko`pirtirilgan tuxum oqiga botirib olib, ularni arting. Loklangan poyabzal yoki qo`lqoplarni yaltiratish uchun bitta tuxum sarig`ini 1 osh qoshiq o`simlik moyi va 3 osh qoshiq skipidar (o`tkir hidli suyuq modda, dorixonalardan so`rang) bilan aralashtiring va hosil bo`lgan aralashama bilan ohorini yo`qotgan buyumingizni yaxshilab arting.

Poyabzalni yangilash
Agar poyabzalingizning yuzasi biroz yorilgan, ammo o`z hali bus-butun bo`lsa, uni avval vazelin, so`ng esa xom tuxum oqi bilan arting. Oxirida paxmoq mato bilan yaltiraguncha ishqalang.

Ko`mir va qurumdan tozalash
Kiyimga tekkan qorakuya va ko`mir dog`larini tuxum sarig`i va skipidar aralashmasi (bitta tuxum sarig`iga 3 osh qoshiq skipidar) yaxshi tozalaydi. Aralashma bilan qora dog`ni yaxshilab arting, so`ng kiyimni kir sovun bilan yuvib, obdan chayib oling.

Choyshablarni oqartirish uchun
Oq tuxumning po`stlog`i oqartiruvchi xususiyatga ega. Tuxum po`stlog`ini hovonchada tuyib oling, oq chit matoga yaxshilab o`rang va avtomat kir yuvish mashinasiga boshqa yuviladigan buyumlarga qo`shib soling. Ham kir yuvish kukunini kamroq ishlatasiz, ham kutilgan natijaga erishasiz.

O`simliklar uchun o`g`it
Tuxum po`stlog`ini tuyib, ustidan suv quying. Bir sutka o`tgach, shu suv bilan xona gullarini va tomorqadagi ekinlarni sug`oring. Tuxum po`stlog`i tarkibidagi foydali moddalar — ajoyib o`g`itdir.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!