Narimon Umarov Namanganga “tadbirkorlik rivojlangan hudud” deya ta`rif berdi

17:23, 04 noyabr

4 noyabr kuni O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Tadbirda asosiy uchrashuv zali hamda tuman, shaharlardagi uchrashuv joylaridan jami 2800 nafarga yaqin saylovchi ishtirok etdi. Zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalari orqali amalga oshirilgan jonli muloqotda jamoatchilik vakillari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faollari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiyaning viloyat, tuman va shahar kengashlari a`zolari, jurnalistlar qatnashdi.

Tadbirni Namangan davlat universitetining katta o`qituvchisi Sh.Bannaev olib bordi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakili O`zbekiston “Adolat” SDP Namangan viloyati Kengashi raisi O.Maqsudov yig`ilganlarga N.Umarovning tarjimai holi haqida batafsil ma`lumot berdi.

Prezidentlikka nomzod dastavval bugungi kunda yurtimizda kechayotgan keng ko`lamli islohotlar hamda bunyodkorlik ishlarida namanganliklarning ham alohida hissasi borligini ta`kidlab o`tdi. Viloyatda shahar va qishloqlar infratuzilmasi zamonaviy qiyofa kasb etib, odamlarning turmush farovonligi yuksalayotgani, o`tgan yillarda hududning o`ziga xos xususiyatlari hamda ishlab chiqarish salohiyatidan kelib chiqib amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar samarasida Namangan bugun industrial viloyatga aylanib borayotganini e`tirof etdi. Bunga misol sifatida birgina 2015 yilda viloyatdagi sanoat korxonalari tomonidan qariyb 2,7 trillion so`mlik mahsulot ishlab chiqarilganligiga to`xtaldi.

Uchrashuvda N.Umarov o`z Saylovoldi dasturining asosiy yo`nalishlari haqida batafsil so`z yuritib, bunda ham viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir g`oya va takliflarini bildirdi. Xususan, nomzod o`tgan yillarda Namangan viloyatining sanoat tarmoqlariga mutlaqo yangi ilg`or texnologiyalar, ishlab chiqarishga import o`rnini bosuvchi, raqobatdosh mahsulotlar kirib kelganligi, mahalliylashtirish dasturining amaliyotga samarali tatbiq etilishi natijasida yuqori bosimli gaz ballonlari, ilgari noyob qurilish ashyosi hisoblangan shifer, respublikamizga import sifatida keltirilgan sport jihozlari, avtomobil faralari, dori vositalari singari yuzdan ortiq mahsulotlar endilikda viloyat korxonalarida ishlab chiqarilayotganligiga saylovchilar e`tiborini qaratdi. Ayni paytda Prezidentlikka nomzod ham o`z dasturida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini amalga oshirish masalalariga, avvalambor, mamlakatimizda eksportga yo`naltirilgan iqtisodiyotni rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning jahon va mintaqaviy bozorlardagi raqobatdoshligini oshirish, eksport va import miqdori orasidagi muvozanatni saqlash nuqtai nazaridan yondashishini ma`lum qildi.

Shu bilan birga, N.Umarov hududda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi, yangidan-yangi ishlab chiqarish korxonalarining ishga tushirilayotgani hamda aholi soni ko`payib borayotgani o`z-o`zidan elektr energiyasiga bo`lgan talabning ortib borishiga sabab bo`layotganligi xususida to`xtaldi. 

Bu borada nomzod energiya sarfini iqtisod qilishni rag`batlantirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni keng miqyosda joriy etish, mavjud muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish orqali raqobatdosh energiya bozori yaratilishini rag`batlantirish masalalariga alohida e`tibor qaratatishini qayd etdi. Viloyatining Pop tumanida ishga tushirilgan quyosh fotoelektr stansiyasi misolida sohaning istiqboli baland ekanligiga ishonch bildirdi. Shuningdek, mazkur sohadagi qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish partiya deputatlik korpusi oldidagi ustuvor vazifalardan biri ekanligini qayd etdi.

Qolaversa, N.Umarov Namangan viloyati tadbirkorlik sohasi rivojlangan hudud ekanligini ta`kidlar ekan, tadbirkorlik sub`ektlari va ularning qo`l ostidagi xodimlar o`rtasida qonun buzilishligiga yo`l qo`ymaslik, ayniqsa xodimlarning haq-huquqlarini to`laqonli ta`minlash, ular bilan mehnat munosabatlarini rasmiylashtirmagani, xodim mehnatiga haq to`lash, ijtimoiy sug`urta qilish, pensiya ta`minoti talablariga rioya qilmagani va ularni buzganligi uchun ish beruvchilar javobgarligining kuchaytirilishi tarafdori ekanligini bildirdi.

Uchrashuvda Uchqo`rg`on tuman 6-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta`lim maktab-internatining ilmiy bo`lim mudiri N.Tursunov, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali direktori A.Ermetov, Uchqo`rg`on shahar “Sanoat” mahalla fuqarolar yig`ini raisi O.Nabiev, xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi deputati Sh.Davranov va boshqalar Prezidentlikka nomzodning dasturini qo`llab-quvvatlab so`zga chiqdilar.

Uchrashuvda viloyat aholisi nomzodning Saylovoldi dasturi yuzasidan o`z mulohaza hamda takliflarini bildirib o`tdi. O`z navbatida, Narimon Umarov uchrashuvlar ishtirokchilarining ko`plab savollariga javob berdi va ularga e`tibor hamda ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!