Shavkat Mirziyoev Navoiy va Buxoro viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi

22:53, 04 noyabr

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev 4 noyabr kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Uchrashuvni “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi" aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Q.G`aniev ochdi. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan iqtisodiy dasturning amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizning barcha hududlari qatori Navoiy viloyati ham izchil rivojlanib bormoqda. Joriy yilning 9 oyida viloyatda yalpi hududiy mahsulot qariyb 6 foiz o`sdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari keng qo`llab-quvvatlanayotgani samarasida ularning safi kengayib, viloyat iqtisodiyotidagi salmog`i tobora ortmoqda. Yangi uy-joylar va ijtimoiy ob`ektlar bunyod etilmoqda. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev o`z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so`zladi. 

Dasturda davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh etish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlik va izchil o`sish sur`atlarini ta`minlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, mamlakatimizdagi tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan. Unda ijro hokimiyati faoliyati samaradorligini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirish, sud hokimiyatining mustaqilligini va odil sudlovni ta`minlash, iqtisodiyotni modernizasiya va diversifikasiya qilish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish, xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish, ozuqabop va eksportbop ekinlarni ko`paytirish, aholi bandligini ta`minlash, hayot sifati va farovonligini yuksaltirish kabi muhim masalalar o`z ifodasini topgan. 

Uchrashuv videokonferensiya shaklida o`tdi. Navoiy shahri va viloyatning barcha tumanlari markazidan saylovchilar nomzodning dasturi yuzasidan o`z fikrlarini bildirdi. 

Mehnat faxriysi H.Mamatov, "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" davlat korxonasi "Navoiy mashinasozlik zavodi" ishlab chiqarish birlashmasi direktori N.Lakkay, Navoiy shahridagi "Ekspress-servis" mas`uliyati cheklangan jamiyati direktori Sh.Ismoilov, Uchquduq qurilish va uy-joy kommunal xizmat kasb-hunar kolleji o`quvchisi S.Ravshanova, Tomdi tumani xalq ta`limi muassasalari faoliyatini metodik ta`minlash va tashkil etish bo`limi mudiri T.Medetov, Navbahor tumanidagi "Sarbozor" mahalla fuqarolar yig`inining diniy-ma`rifat va ma`naviy-axloqiytarbiya masalalari bo`yicha maslahatchisi N.Qo`ldosheva va boshqalar dasturda belgilangan vazifalar mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga xizmat qilishini ta`kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlari milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillarga to`la mos ravishda o`tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 4 dekabr kuni bo`ladigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi. 

* * *

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev 4 noyabr kuni Buxoro viloyati saylovchilari bilan ham uchrashdi. 

Uchrashuvni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi F.Aminov ochdi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev o`z saylovoldi dasturi yuzasidan ma`ruza qildi. 

Dasturda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sanoatga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, investisiyaviy muhitni yanada yaxshilash va eksport hajmini ko`paytirish, xususiy mulk va tadbirkorlik sohasini keng rivojlantirish, fermerlik harakatini yangi bosqichga ko`tarish, aholi bandligini ta`minlash, hayot sifati va darajasini izchil yuksaltirish, barcha davlatlar bilan o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish kabi muhim masalalarga alohida e`tibor qaratilgan. 

Dasturda mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishida katta ahamiyatga ega bo`lgan turizm sohasini jadal rivojlantirish bo`yicha dastur qabul qilish nazarda tutilgan. Sohadagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, turistlar uchun viza berish va ro`yxatga olish tartib-taomillarini soddalashtirish, yangi sayyohlik marshrutlarini yaratish, turizm infratuzilmasining izchil rivojlanishini ta`minlash, sohaga xorijiy investisiyalarni jalb etish, turizmni rivojlantirish bo`yicha maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etish zarurligi qayd etilgan. 

Butun mamlakatimizda bo`lgani kabi Buxoro viloyatida ham barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Joriy yilning o`tgan davrida viloyat sanoat salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan umumiy qiymati 142,5 milliard so`mlik 470 loyiha amalga oshirildi, 7 mingdan ziyod ish o`rni yaratildi. Qishloqlarda namunaviy loyiha bo`yicha qurilgan 900 dan ortiq uy-joy foydalanishga topshirildi. 

Markaziy Osiyodagi yirik ishlab chiqarish majmualaridan biri bo`lgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi boshlandi. Majmua tarkibiga yiliga 8,1 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash quvvatiga ega zavod, shuningdek, 114 qazish qudug`i, 11 maxsus maydon va 4 yig`uv punktini o`z ichiga olgan tabiiy gazni to`plash tizimi kiradi. Mazkur loyiha O`zbekiston gaz konlarini o`zlashtirishni yangi bosqichga ko`taradi. Zavodda 2 mingdan ziyod doimiy ish o`rni yaratiladi. 

Videokonferensiya tarzida o`tkazilgan yig`ilishda viloyatning barcha shahar va tuman markazlaridagi saylovchilar bilan ochiq muloqot bo`ldi. 

Mehnat faxriysi B.Jumaev, Peshku tumanidagi “Malishoyak” fermer xo`jaligi rahbari S.Jumaeva, mehnat faxriysi M.Rafiqov, Olot tumanidagi "Himmat" fermer xo`jaligi rahbari Q.Xudoev va boshqalar tarixan qisqa davrda mamlakatimiz har tomonlama rivojlanayotgan zamonaviy davlatga aylangani, odamlarning hayot darajasi, dunyoqarashi va madaniyati tobora yuksalib borayotganini faxr bilan ta`kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik ko`rish jarayonlari milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillarga mos ravishda o`tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 4 dekabr kuni bo`ladigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi. 

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!