Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida ilmiy-amaliy seminar bo`lib o`tdi

10:34, 05 noyabr

Milliy olimpiya qo`mitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi bugungi kunda eng so`nggi rusmdagi yuqori zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan bo`lib, u Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Xususan, markazda doping-nazorat bo`yicha labaratoriya, zamonaviy bioximiya labaratoriyasi, sport jarohatlari va xastaliklarining funksional diagnostika bo`limi, shuningdek nur tashhisi bo`limi faoliyat ko`rsatmoqda.

Markazning barcha bo`limlari yagona axborot tizimiga birlashtirilgan. Oxirgi ikki yil davomida mamlakatimiz olimpiyachilari va sportchilariga yuqori malakali tibbiy xizmatlarni ko`rsatish maqsadida markazda bir qator o`ziga xos usullar qo`llanildi. Tadqiqotlarning klinik bahosi markazni respublikamizda birinchi bo`lgan magnit-rezonansli tomografiyaning to`liq raqamli sistemasi, yuqori tezlikdagi multispiral kompyuter tomografi, shuningdek oliy toifadagi raqamli rentgengrafiya va ultratovushli sistemalar bilan jihozlash hisobiga oshirildi.

Bugun, 3 noyabr kuni esa O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi “Philips Healthcare” (Gollandiya) kompaniyasi bilan hamkorlikda “Kardiologiyada kompyuter va magnit rezonansli tomografiyaning klinik qo`llanilishi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o`tkazdi. Ushbu tadbir doirasida rossiyalik etakchi olim Vladislav Kurbatov taklif etildi. Mutaxassis kardiologik xastaliklar tadqiqotida yangi usullarning qo`llanilishiga bag`ishlangan ilmiy ma`ruzalari bilan ishtirok etdi. Nazariy va amaliy mashg`ulotlar bilan bir qatorda V. Kurbatov bizning shifokorlarimiz uchun magnit-rezonansli va kompyuter tomografiyasining klinik amaliyotda qo`llashning yangi texnologiyalari bo`yicha master-klass (mahorat darslari) o`tkazdi.

Seminarga shuningdek “Philips Healthcare” kompaniyasi mintaqaviy vakolatxonasining turli yo`nalishlar bo`yicha rahbarlari Anna Lerman, Vladimir Berejnoy va Elena Dizendorflar ham taklif etilishgandi. Ular ham o`z navbatida tibbiyot sohasidagi eng zamonaviy, yangi avlod texnik uskunalaridan foydalanish borasida nutq so`zlashdi. Seminar ishida O`zbekiston Respublikasining turli tibbiyot muassasalaridan saksondan ziyod mutaxassislar ishtirok etishdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!