Bosh prokuratura tadbirkorlikning rivojlanishiga to`siq bo`layotgan muammolarni bartaraf etadi

11:31, 05 noyabr

Bosh prokuratura tomonidan tadbirkorlikning rivojlanishi yo`lidagi to`siqlarni bartaraf etish bo`yicha tuzilgan maxsus ishchi guruh faoliyati doirasida Savdo-sanoat palatasi hamda Adliya vazirligi bilan hamkorlikda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil qilindi.

Uchrashuvlardan ko`zlangan maqsad – tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan tizimli muammolarni va mavjud huquqiy bo`shliqlarni aniqlash, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash bo`yicha takliflarni yig`ish va umumlashtirish, tadbirkorlik sub`ektlariga amaliy yordam ko`rsatishdan iborat bo`ldi.

O`tkazilgan uchrashuvlarda kapital qurilish, ulgurji va chakana savdo, xizmatlar ko`rsatish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, fermerlik, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, zaxiraga g`amlash va eksport qilish, engil va poyafzal sanoati, qurilish materiallari va texnologik uskunalari shlab chiqarish, moliya va bank xizmatlarini ko`rsatish, zargarlik sanoati va boshqa sohalarda faoliyat yuritib kelayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi.

Uchrashuvlar davomida ishtirokchilarga amaldagi qonunchilik me`yorlari, ularni yaqinda qabul qilingan qonun hujjatlaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish istiqbollari tushuntirildi, shuningdek tadbirkorlar o`rtasida anonim so`rovnoma o`tkazildi.

Mazkur tadbirlar yakuniga ko`ra tadbirkorlar tomonidan qayd etilgan muammolarning ro`yxati tuzilib, ular tarmoqlar va sohalar bo`yicha tizimlashtirildi, ularni bartaraf etish bo`yicha tahlillar amalga oshirilmoqda hamda takliflar ishlab chiqilmoqda.

O`tkazilgan uchrashuvlar tadbirkorlar bilan to`g`ridan-to`g`ri muloqotni yo`lga qo`yishga xizmat qilib, bu o`rinda suhbatlar davomida ular tadbirkorlik sub`ektlarining huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish borasida ko`rilgan choralar, xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.10.2016 yildagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta`minlashga, xususiy mulkni har tomonla mahimoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi PF-4848-son Farmonini ijobiy baholashlarini ta`kidladilar.

Hozirda Bosh prokuratura tomonidan tadbirkorlikning rivojlanishiga to`siq bo`layotgan muammolarni, keyinchalik ularni bartaraf etish maqsadida aniqlash borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.

Shu munosabat bilan, Bosh prokuratura barcha tadbirkorlarga biznes yuritishning normativ-huquqiy va tashkiliy-amaliy asoslarini takomillashtirish, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishga oid takliflarini* (fikrlari)ni qoldirishni taklif etadi.

Eng yaxshi taklif mualliflari o`z takliflarini amalga oshirish borasidagi aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishda bevosita qatnashishlari mumkin bo`ladi.

Darvoqe, qoldirilgan takliflar (fikrlar) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toifasiga kirmaydi. Individual tusdagi murojaatlar mavjud bo`lgan taqdirda, belgilangan tartibda Bosh prokuraturaning Murojaatlarni telefon orqali qabul qilish markaziga (1007) murojaat qilish lozim bo`ladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!