Jakarta shahrida O`zbekiston Prezidenti saylovini o`tkazishga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tdi

11:40, 05 noyabr

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining axborotiga ko`ra Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tdi.

Tadbirda Indoneziyaning ko`zga ko`ringan siyosiy, jamoat va ilmiy arboblari, mamlakat parlamenti vakillari, shu jumladan Indoneziya Ombudsman ofisi, Gunadarma universiteti vakillari ishtirok etdilar.

Ishtirokchilar O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan S.Otamuratov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Sh.Mirziyoev, O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan H.Ketmonov, O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan N.Umarov ro`yxatga olinganligi haqida xabardor qilindi.

Saylov kampaniyasi milliy saylov qonunchiligiga va MSK tomonidan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha asosiy tadbirlar dasturiga, shuningdek ochiq-oshkoralik demokratik prinsiplariga to`la muvofiq holda davom etayotgani, ommaviy axborot vositalarining saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga doir axborotdan keng foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratilgani, bugungacha mamlakatimiz va xorijiy axborot vositalarining 1000 dan ortiq vakili akkreditasiyadan o`tkazilgani ta`kidlandi.

Davra suhbati ishtirokchilari, shuningdek unda qatnashish uchun O`zbekistonga taklif etilgan kuzatuvchilar Prezident sayloviga tayyorgarlik ko`rish yuzasidan  O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli ishlarga yuqori baho berdilar, bunday muhim siyosiy tadbirda ishtirok etish ularga mamlakatni yanada demokratlashtirishga va saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar olib borish borasida O`zbekistonda to`plangan tajriba bilan yaqindan tanishish imkonini berganligini ta`kidladilar.

Indoneziya Xalq vakillari palatasining qishloq xo`jaligi, o`rmonshunoslik, baliqchilik va aholini oziq-ovqat bilan ta`minlash masalalari qo`mitasi a`zosi Maxfuza Sidikning so`zlariga ko`ra O`zbekiston rivojlangan demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo`lidan ishonch bilan bormoqda. U bo`lajak Prezident sayloviga rejali va har tomonlama tayyorgarlik ko`rilayotganligi bundan darak berayotganligini, bu jarayon haqida ular bugungi tadbir tufayli xolis axborot olganliklarini qayd etdi.

Shuningdek u O`zbekistonda o`tkazilgan saylovda kuzatuvchi sifatida ikki marta ishtirok etganligini va har safar saylov tizimi bosqichma-bosqich rivojlanib borayotganligiga guvohi bo`lganligini ta`kidladi. 2014–2015 yillarda o`tkazilgan parlament va prezident saylovi haqida so`z yuritayotib, u saylov tashkil etilishiga va komissiya a`zolarining faoliyati uchun ham, saylovchilarning konstitusiyaviy huquqini amalga oshirish uchun ham saylov uchastkalari zarur shart-sharoitlar va qulayliklar bilan jihozlanganligiga yuqori baho berdi. “O`zbekistondagi saylov jarayoni eng demokratik an`analarni va ilg`or xorij tajribasini qo`llash orqali muntazam takomillashib bormoqda. Bunga bir necha bor guvohi bo`lganman”– deydi M.Sidik.

“O`zbekistonda ushbu muhim siyosiy tadbirni demokratik prinsiplarni ta`minlagan holda o`tkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlar va huquqiy poydevor yaratilgan” – deb ta`kidladi Indoneziya Ombudsman instituti raisi Amzulian Rifai. 2016 yil 20-21 oktyabr kunlari Toshkentda o`tkazilgan “O`zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta`minlash milliy tizimi: mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar” deb nomlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etish doirasida u O`zbekistonda qonunchilik sohasida olib borilayotgan islohotlar, shuningdek ushbu sohada mamlakat tomonidan erishilgan yutuqlar bilan tanishishga muvaffaq bo`lganini qayd etdi.

A.Rifai saylov sohasida to`plangan katta tajriba va amaliyot, shuningdek qabul qilingan mustahkam huquqiy baza O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini muvaffaqiyatli o`tkazishning garovi bo`lishini ta`kidladi.

Gunadarma universitetining rektori Eko Shri Margianti xonim bo`lajak O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatning huquqiy va saylov sohasini takomillashtirish yo`lidagi yana bir qadam bo`lishini qayd etdi.

U O`zbekistonda saylovchilarning saylovda erkin va faol ishtirok etishini kafolatlovchi saylov tizimini izchil va bosqichma-bosqich takomillashtirishga alohida e`tibor berilayotganligini ta`kidladi.

E.Margianti O`zbekiston va Indoneziya o`rtasidagi do`stona va yaqin ikki tomonlama munosabatlarga alohida urg`u berdi. “O`zbekiston va Indoneziya o`rtasidagi hamkorlik ko`pchilik sohalarda faol rivojlanib bormoqda. Hamkorligimiz o`zaro hurmatga asoslangan. Mamlakatlarimiz o`rtasida ta`lim va fan sohalaridagi aloqalarning yanada rivojlantirilishi ikki xalq manfaatlariga xizmat qilishi shubhasiz” – deb qayd etdi u.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!