Isroillik ekspertlar O`zbekistonda bo`lib o`tadigan saylov haqida fikr bildirmoqda

11:42, 05 noyabr

Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati xabar berishicha, joriy yilning 4 dekabrida bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi xalqaro jamoatchilikning diqqat markazida turibdi. Xorijiy mamlakatlarda mamlakatimizda bo`lib o`tadigan muhim siyosiy voqeaga bag`ishlangan turli tadbirlar, shu jumladan brifinglar, konferensiyalar, davra suhbatlari bo`lib o`tmoqda.

Isroil ommaviy axborot vositalari ham O`zbekistonda bo`lib o`tayotgan voqealarni, bo`lajak Prezident saylovini yoritib berishni davom ettirmoqda. Yaqinda Isroilning REKA davlat radiokanalidagi yangilik bloklaridan biri O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mavzusiga bag`ishlandi.

Jurnalist Svi Zilberning 2016 yil 1 noyabr kuni soat 18:30 efirga uzatilgan “Xaritadagi nuqta” deb nomlangan mualliflik dasturida so`z respublikadagi joriy vaziyat va saylovga tayyorgarlik ko`rish jarayoni haqida bordi. Studiyaga taklif etilgan isroillik ekspertlar saylovni tashkil etish, Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari va faoliyati, siyosiy partiyalarning davlat boshqaruvi tizimidagi roli, parlamentarizm rivojlanishi, shuningdek fuqarolar huquqlarining, jumladan saylovchilarning o`z xohish-irodasini bemalol bildirishga doir huquqlarining konstitusiyaviy kafolatlari yuzasidan fikr almashdilar.

Bar-Ilansk universiteti o`qituvchisi, siyosatshunos Zeev Xanin:

O`zbekiston – geosiyosiy joylashuvi va inson resurslari, shuningdek iqtisodiy salohiyati nuqtai nazaridan Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim mamlakatdir. Respublika mustaqillikka erishgan davrdan buyon mintaqaviy xavfsizlik tizimida hal qiluvchi rol o`ynab kelmoqda. Sanab o`tilgan omillarni inobatga olgan holda mamlakatdagi holat xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida turibdi.

Ta`kidlash lozimki, ayrim G`arb siyosatshunoslarining respublikadagi vaziyat nobarqarorlikka yuz tutishi mumkinligi haqidagi taxminlari o`zini oqlamadi. Mamlakatdagi holat barqarordir, buning aksini ta`kidlash uchun zarracha ham asos yo`q.

O`zbekiston Respublikasining mustaqilligi yillarida kuchli hokimiyat shakllandi, davlat qurilishi demokratik prinsiplarga asoslandi, konstitusiyaviy islohotlar amalga oshirildi, parlamentarizmni rivojlantirish jarayonlari ham doimiy xususiyat kasb etdi.

“Isroil-O`zbekiston” savdo palatasi raisi Sari Svi:

O`zbekistondagi saylov kampaniyasi faol bosqichga kirdi. Prezident saylovi muqobillik asosida o`tkazilmoqda, eng yuksak davlat lavozimiga mamlakatning barcha siyosiy partiyalaridan to`rtta nomzod da`vogarlik qilmoqda.

Saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish uchun javobgar organ sifatida Markaziy saylov komissiyasi chet davlatlardan va xalqaro tashkilotlardan ko`p sonli kuzatuvchilarni taklif qildi. Bu saylov jarayonining ochiq-oshkoraligini ta`minlash bosh maqsad ekanligining ko`rsatkichidir.

O`zbek xalqi birinchi navbatda tinchlik va barqarorlikni xohlaydi. Tinchlik va barqarorlik O`zbekiston barcha sohalarda erishgan yutuqlarning eng asosiy kafolatidir. O`zbekiston tutgan yo`lidan izchil borishini, ya`ni mamlakat iqtisodiy islohotlar va demokratik yangilanishlar, huquqiy davlat hamda kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo`lidan borishni davom ettirishini e`lon qildi.

Amnon Koen, Knessetning sobiq deputati:

O`zbekiston ijtimoiy davlat qurilishi bosqichidan muvaffaqiyatli o`tdi. Mamlakatda qonun ustuvorligini va hokimiyat tarmoqlari o`rtasida muvozanatni ta`minlovchi samarali model yaratildi. Konstitusiyaviy islohotlar tadrijiy davom etdi va uzluksiz xususiyatga ega bo`ldi. Mustaqil taraqqiyot yillarida yuksak xalqaro standartlar va demokratik prinsiplarga javob beradigan saylov tizimini takomillashtirish sohasida katta islohotlar amalga oshirildi.

Nafaqat respublikaning kelajagi, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining bundan buyongi taraqqiyoti 2016 yil 4 dekabrda O`zbekistonda bo`lib o`tadigan Prezident saylovi natijasiga bog`liqdir.

Markaziy saylov komissiyasi saylovni yuqori tashkiliy saviyada ochiq-oshkoralik prisiplari asosida o`tkazishiga uning ishonchi komil. Uning tasdiqlashicha, O`zbekistonda Prezident saylovi Konstitusiya doirasida qonunga, demokratiya prinsiplariga va asosiy erkinliklarga rioya etilgan holda bo`lib o`tadi.

Eslatib o`tamiz, bugungacha Qoraqalpog`iston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida 14 ta saylov okrugi tuzildi, 9 378 ta saylov uchastkasi, shu jumladan xorijdagi diplomatik vakolatxonalar huzurida 44 ta saylov uchastkasi tashkil etildi.

Saylov uchastkalari barcha zarur aloqa, kompyuter va texnika vositalari, huquqiy adabiyotlar bilan ta`minlandi. Maxsus ajratilgan joylarda yashirin ovoz berish uchun kabinalar, saylov qutilari, onalar va bolalar xonalari, shuningdek tibbiyot kabinetlari o`rnatildi.

Saylovchilarning umumiy soni 21 435 000 kishini tashkil etadi, ularning yarmi, ya`ni 10 825 641 nafari xotin-qizlardir.

To`rtta siyosiy partiya – O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi va O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o`z nomzodlarini ko`rsatdi.

Prezident saylovi borishini kuzatish uchun EXHT DIIHB, MDH Ijroqo`mi, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti va Butunjahon saylov organlari uyushmasidan iborat nufuzli xalqaro tashkilotlarning xorijlik kuzatuvchilari va vakillari O`zbekistonga taklif etildi. Ta`kidlash lozimki, EXHT DIIHBning saylovni kuzatish bo`yicha missiyasi joriy yilning 2 noyabr kuni o`z ishiga kirishdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!