Mahallaning saylov jarayonidagi ishtiroki yuzasidan respublika seminari o`tkazildi

13:05, 05 noyabr

Joriy yil 5 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazida «Mahalla» fondi respublika boshqaruvi tomonidan Markaziy saylov komissiyasi, Adliya vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish davrida saylovchilarning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo`yicha mahallalarda targ`ibot tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish masalalariga bag`ishlangan respublika seminari o`tkazildi.

Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti, O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi, «Kamolot» Yoshlar ijtimoiy harakati, «Nuroniy» jamg`armasi, Kasaba uyushmalari Federasiyasi, Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi, Milliy g`oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Matbuot va axborot agentligi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi, «Jahon» axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniya, «Mahalla» fondi mas`ul xodimlari, fuqarolar yig`inlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov, «Mahalla» fondi respublika boshqaruvi raisi J.Inog`omov va boshqalar yurtimizda O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, mamlakatimiz hayotining barcha sohasini tubdan yangilash hamda modernizasiya qilish borasida amalga oshirilgan islohotlar jarayonida fuqarolarning o`z xohish-irodasini erkin bildirishi, saylash va saylanish bo`yicha konstitusiyaviy huquqlari to`liq ro`yobga chiqaralishini ta`minlayotgan, demokratik standartlarga mos bo`lgan saylov tizimi yaratilganligini qayd etishdi.

Jamiyatimiz siyosiy-iqtisodiy va ma`naviy hayotining ajralmas qismi sifatida mahalla institutining huquqiy asoslarini yaratish, ularning zamon talablariga mos holda takomillashtirib borilishi natijasida bugungi kunda fuqarolar yig`inlari tomonidan ilgari mahalliy davlat hokimiyati organlariga taalluqli bo`lgan 30 dan ziyod vazifalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotganligi, mahallalar aniq yo`naltirilgan asosda aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markazlariga aylanayotganligi, shuningdek, ularning davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati samarali olib borilayotganligi e`tirof etildi.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2016 yil 7 oktyabrda tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo`yicha o`tkaziladigan tadbirlar dasturi ijrosini ta`minlash maqsadida mahallalarda fuqarolarga istiqlol yillarida yaratilgan milliy saylov tizimi, «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi Qonun, unga so`nggi yillarda kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalarning mazmun-mohiyati hamda saylovchilarning qonunlarda mustahkamlab qo`yilgan huquq va erkinliklarini keng tushuntirish ishlari olib borilayotganligi alohida aytib o`tildi.

Jamiyatni yanada yangilash va demokratlashtirish fuqarolarning saylov huquqi amalga oshirilishi bilan ham uzviy bog`liq. Shu bois saylov jarayonining barcha bosqichlaridan saylovchilar xabardor bo`lishi, ularning huquqiy madaniyatini, shu jumladan, aholining ijtimoiy faolligini oshirish muhim hisoblanadi. Bu esa ularning saylov to`g`risidagi qonun hujjatlariga to`laqonli rioya etishlari va saylov kuni o`z xohish-irodalarini erkin ifoda etishlarini ta`minlaydi.

Bugungi kunda yuqorida zikr etilgan Dastur doirasida ishlab chiqilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish davrida saylovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo`yicha mahallalarda targ`ibot tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish bo`yicha chora-tadbirlar rejasiga binoan, aholining huquqiy va saylov madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tashviqot ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, ularning saylov jarayonidan xabardorlik darajasini yanada oshirish maqsadida mahallalarda «Men shaxsan o`zim ovoz beraman», «Bizning oilamizda har birimiz o`z ovozimizga egamiz», «Mening ovozim Vatan kelajagiga daxldor», «Biz tanlash huquqiga egamiz», «Saylovchilar ro`yxatida bormisiz» degan mavzularda targ`ibot tadbirlari o`tkazilmoqda.

Seminarda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha amalga oshiriladigan tadbirlarda fuqarolar yig`inlari raislari va jamoatchilik komissiyalarining o`rni, «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining mohiyati va ahamiyati, uchastka saylov komissiyalari ishini samarali tashkil etishda mahalla faollarining roli kabilar haqida atroflicha so`z yuritildi.

Tadbirda saylovga tayyorgarlik ko`rish davrida saylovchilarning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo`yicha mahallalarda targ`ibot tadbirlarini aholi o`rtasida, oilalarda izchil davom ettirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha amalga oshiriladigan tadbirlarda aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish bo`yicha targ`ibot ishlarining izchil olib borilishi, ularning o`z ovozi davlatimiz va jamiyatimizning kelgusi taraqqiyoti uchun g`oyat muhim ahamiyatga ega ekanliklarini anglab etishlariga xizmat qilishi e`tirof etildi.

Seminar qatnashchilari o`zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari, Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha respublika kengashi raisi A. Aripov ishtirok etdi va so`zga chiqdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!