Xatamjon Ketmonov poytaxtlik saylovchilar bilan uchrashdi

13:42, 07 noyabr

2016 yil 7 noyabr kuni  O`zbekiston Respublikasi prezidentligiga O`zbekiston XDPdan ko`rsatilgan nomzod Xatamjon Ketmonov Toshkent shahrida saylovchilar bilan uchrashdi.

Muhtasham «Turkiston» saroyining katta majlislar zalida  bo`lib o`tgan uchrashuv  bir vaqtning o`zida poytaxtning barcha tumanlaridagi saylovchilar bilan onlayn ko`prik xosil qiluvchi video-konferensiya shaklida tashkil etildi.

Tadbirni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Abdug`affor Kirg`izbaev ochdi va olib bordi.

Dastavval, nomzodning ishonchli vakili Xaydar Boboxonov so`z olib, Xatamjon Ketmonovning tarjimai holi bilan yig`ilganlarni tanishtirdi.

Shundan so`ng,  so`z O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosari, partiya fraksiyasi rahbari Xatamjon Abdurahmanovich Ketmonovga berildi.

Xatamjon Ketmonov dastlab, poytaxt va poytaxtliklar haqida so`z olib, «Sharq darvozasi», «Tinchlik elchisi», «Do`stlik shahri», «Xalq¬aro anjumanlar markazi» kabi nomlar bilan e`tirof etilayotgan ko`hna va navqiron Toshkent - Markaziy Osiyoning madaniy va tarixiy markazi sifatida obro`-e`tibor qozonganini faxr bilan tilga oldi. Shu bilan birga, Toshkentning mamlakatimiz iqtisodiyotida tutgan o`rniga ham alohida to`xtalib, bugun respublikamiz yalpi ichki mahsulotining 17 foizga yaqini, sanoat ishlab chiqarishning 18 foizdan ortig`i, investisiyalarning  18 foizga yaqini, savdo aylanmasining 21 foizdan, xizmatlarning 30,0 foizdan, tashqi savdo aylanmasining 37 foizdan, eksportning 28 foizdan ortig`i poytaxt hissasiga to`g`ri kelishini ta`kidladi.

Nomzod, shahar aholisining siyosiy ongi va tafakkuri,  madaniyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan daxldorlik tuyg`usi nihoyatda yuksak ekanligini ham alohida ta`kidlab, bu  huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etishning eng muhim sharti hisoblanib, ayniqsa saylovlar jarayonida muhim ahamiyat kasb etadigan asosiy omil ekanligini aytib o`tdi.

Nomzod o`z Saylovoldi dasturi bilan yig`ilganlarni tanishtirar ekan, unda avvalo, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga qat`iy amal qilinishi, milliy manfaatlarga sodiqlik, mamlakat mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligini ta`minlash, fuqarolararo va millatlararo hamjihatlik, ijtimoiy barqarorlikni saqlash orqali O`zbekistonning bosh strategik maqsadi – rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo`shilish, jahon hamjamiyatida munosib o`rin egallashga qaratilgan ezgu maqsadlar mujassamligini tilga oldi. 

U o`z ma`ruzasi orqali saylovoldi dasturining asosiy yo`nalishlari yuzasidan yig`ilganlarga batafsil ma`lumot berdi. 

Jumladan, nomzod o`z dasturida ilgari surilayotgan istiqbolli ishlab chiqarishni rivojlantirish bo`yicha investisiya dasturlarini ishlab chiqishda ularning o`rta maxsus va oliy ma`lumotli mutaxassislar tayyorlash dasturlari hamda hududiy bandlik dasturlari bilan o`zaro bog`liqligini ta`minlash masalasiga saylovchilarning alohida e`tiborini qaratdi. Shuningdek,  ishchi kuchi chetga chiqib ketishining oldini olish, buning uchun har yili qabul qilinadigan ish o`rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta`minlash Davlat dasturi ijrosida yangicha yondashuvlarga o`tishda  asosiy e`tiborni mehnat bozoridagi talab-taklifni to`liq o`rganish, hisobga olish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini tuzishda joriy va istiqboldagi rivojlanish yo`nalishlarini to`g`ri va aniq belgilash zarurligini ta`kidladi.

Ayniqsa, poytaxt ahli uchun muhim bo`lgan masala - aholiga kommunal xizmatlar ko`rsatish tariflarining davlat tomonidan tartibga solinishini takomillashtirish orqali kommunal xizmatlar narxlarini maqbullashtirish, aholi bandligini ta`minlashning mutlaqo yangi va zamonaviy usullarini joriy qilish, ish o`rinlarini tashkil etish dasturining so`zsiz bajarilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish,  muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning asosiy mezoni ularni hayotga tatbiq qilish orqali yaratiladigan barqaror ish o`rinlari soni bilan o`rta maxsus va oliy ta`lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishning o`zaro bog`liqligini ta`minlash lozimligi haqida to`xtaldi.

Shundan so`ng asosiy ma`ruza yuzasidan bir qator ishtirokchilar so`zga chiqdilar. 

Ular o`z chiqishlarida nomzod dasturida ilgari surilayotgan tijorat banklarining investisiyaviy loyihalarni moliyalashtirishdagi ishtirokini yanada kengaytirish, xo`jalik yurituvchi sub`ektlarni kreditlash tizimini soddalashtirish, makroiqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, foiz stavkalarini minimal darajada belgilash, muammoli qarzlar yuzaga kelishiga yo`l qo`ymaslik va bank xizmatlari sifatini yaxshilash orqali ularning investisiyaviy faolligini kuchaytirish, turli mahsulot etkazuvchilarga o`zaro erkin raqobatlashishiga imkon beradigan ochiq va oshkora elektron savdolar yo`nalishini kengaytirish orqali davlat xaridlarini amalga oshirish tizimini takomillashtirish zarurligi to`g`risidagi fikrlarini alohida qo`llab-quvvatladilar.

Shundan so`ng savol-javoblarga navbat berildi. Unda saylovchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakillaridan atroflicha javob olish imkoniga ega bo`ldilar.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!