Yuragimda saqlaganlarim: Unutilgan chaqaloq

10:21, 08 noyabr

Sen bilan tanishuvimiz g`alati kechgan. O`shanda sinfdosh o`rtog`imning to`yi edi. To`ydan oldin bo`ladigan kelin-kuyovning «shahar aylanish» an`anasi uchun tayyorgarlik ko`rayotgandik. Belgilangan mashinalarning u er-bu eriga rangli tasmalar bog`lash bilan bandmiz. Uylanmagan, sho`x, bebosh yigitlar emasmizmi, o`zimizcha kelishib oldik. Yana so`zida qat`iy turmagan yigit uchun «jazo» ham tayinladik. 

— Menga qaralaring, bilasizlar, hozir kelinlarda dugona ko`p. Hammasi ham mashinaga sig`maydi! Keyin kuyovbolaga janjal qiladi, «Mashina kam», deb. Oshnamizga jabr qilmaymiz-da, yaxshisi, eng chiroyli qizlarni olamiz. O`zi egallagan mashinaga xunukroq qizni o`tqizgan yigitning jazosi — qolish! Ya`ni, kelinning qishlog`ida qoldirib kelamiz! — Hammaga eshittirib dedi Komil guppi.

Kelinning uyiga kirib borgach, Komilning haqligiga amin bo`ldim. Rostdan ham kelin dugonalar shu qadar ko`p ediki, bu etmagandek, qarindoshlarining o`spirin qizlari ham kiyinib tayyor bo`lib olgandi. 

— Gapim gap! Kim tog`da qolmoqchi? — kelishuvni eslatdi Komil.

Atrofga qaradim. Tog` baribir go`zal. Xuddi o`zi kabi qalbingga ham viqor va yuksaklik beradi. Men ham ruhan, ham qalban birmuncha yuksalgandek bo`ldim. O`zimcha dedim:

«Biror qizning dilini og`ritib, mashinaga chiqishiga qarshilik qilgandan ko`ra, shu tog`larda qolsam yaxshimasmi? Biror taksiga o`tirib etib olarman!»

Bu paytda boshqa yigitlar o`zlari kelgan mashinalarning yonida turib, qizlarni tanlash bilan ovora edi.

— Go`zal qizlar uchun mashinamiz muntazir! — derdi ular ayyorlik bilan.

Albatta, bu gapdan so`ng qizlarning ular yoniga yo`lashi mushkul. 

—   Mana, eng go`zal qizni sizning mashinangizga o`tkazaman. Bunaqada hozir hamma qolib ketadi! — qizlar orasida biri botirlik bilan dugonalarini mashinalarga taqsimlay boshladi. 

—   O`zingiz ham o`tiring! — Komil unga xushomad qildi.

Komil tilga kirdimi, demak, qizda «nimadir» bor. Shu qiziqish bilan haligi qizni kuzata boshladim. Barchadan bo`ychan va shaddodroq tuyulayotgan qizning sira yuzini ko`rolmasdim. Bir payt men suyanib turgan mashina yoniga ikki dugona etaklab kela boshladi. 

— Shuhrat tog`da qolasan! — Komilning bu gapi «Sening mashinangga o`tiradigan qizlar xunuk» degandek eshitildi. 

Qarasam, haligi qiz bilan kelayotganlarning biri pakana va to`lacha, ikkinchisi qorachadan kelgan, ozg`in. Albatta, ularni parivash deb bo`lmasdi. 

— Mashinaning orqa o`rindig`i bo`sh! Uchalangizga ajrataymi? — dedim boyagi qizning o`zi ham o`tirsa, «tarozi tenglashib» tog`da qolmasligimni bilib.      

— Men o`tirmayman, bir qizaloq bor, o`sha o`tiradi. Kelinning jiyanchasi, — dedi haligi qiz.

Unga bir zum tikilib, maftun bo`lib qoldim. U asarlarda tasvirlangani kabi oppoq, qosh-ko`zi qor-qora, ol labli parivash emasdi. Lekin yuzidagi nimadir o`ziga ohanrabodek tortardi. Menimcha, chaqnoq, porlab turgan katta ko`zlari barchaning aqlini shoshirayotgandi. Tag`in undagi jur`at ham qandaydir joziba berardi o`ziga. Ya`ni, o`tli ko`zlariga hamohang edi bu fazilati.

Xullas, u jasur ko`zlari va so`zlari bilan menga o`z hukmini o`tkazdi. Kelishuvga ko`ra, yigitlarning talabi bilan haydovchi men o`tirishim lozim bo`lgan old o`rindiqqa ham duch kelgan kelin dugonani oldi-yu, jo`nab ketdi. 

«Tog`da qoladigan bo`ldim. Endi sekingina bekatni surishtirib, shaharga yo`l olaveray», deya harakatimni qildim. Bekatda qancha turdim bilmayman, bir payt haligi qiz ham kelayapti. 

—   Siz kelinning dugonasi emasmisiz? — dedim taajjublanib. 

—   Dugonasiman! — qosh chimirdi u.

—   Bormadingizmi shahar aylangani?

—   Mashinalarda joy qolmadi! Siz kimsiz?

—   Men kuyovjo`ra edim. 

—   Ie, nega unda ketmadingiz?

—   Qizlarga joy berib, o`zim qoldim, — dedim kulib.

—   Men ham, — dedi u chiroyli jilmayib. 

—   Birga ketarkanmiz-da unda! — dedim bu qiz bilan birga borsam, Komilning holini ko`z oldimga keltirib. 

—   Yo`g`-a, uyga ketayapman. Endi qaerga boraman? Hamma ketib bo`ldi.

—   Men boraman, mana. Bormasangiz kelin xafa bo`ladi-ku! Olib ketaman sizni ham. 

—   Mashina keladimi?

—   Yo`q. Taksida ketamiz. Qaerga borishlarini bilaman. Borgach, mashina chaqirtiraman.

Shunday qilib, taqdir bizning yo`llarimizni ham, boshlarimizni ham qovushtirdi. Sendek qizga uylanayotganimga to`yim kuni ham ishonmaganman. O`rtamizda sof va mangu muhabbat uyg`onganiga shubha qilmasam ham baribir ishongim kelmasdi. Sen endigina o`n sakkizga qadam qo`yganing uchun bolalikning nuqsi hali ko`zlaringni ham, o`zingni ham tark etmagani har onda sezilib turardi. Bolalarcha qaysarliging, sho`xliging, o`qinqaroqliging meni mahliyo etardi. 

Ishonasanmi, shifokor sening farzand kutayotganingni aytganida negadir yuragimni birinchi shodlik emas, hadik egallagan. Buni hali sening o`zing bola ekanligingga yo`ygandim. Lekin bolamiz bo`lishini eshitgan lahzadan boshlab bosilding. Vazmin, mulohazakor bo`lib qolding. Ba`zida odam ham shunchalar tez o`zgarishi mumkinmi, deb hayratga tushardim.

Ana shunday kunlarning birida seni tergadim:

—   Issiqroq kiyinib yur, kasal bo`lib qolasan!

—   Kasal bo`lishdan qo`rqmayman! 

—   Bilaman, lekin sen hozir bolani ham o`ylashing kerak!

—   Siz qo`rqasizmi, kasal bo`lishdan? — qiziquvchanligingdan zavqlandim.

—   Ha, qo`rqaman! Ayniqsa, sening kasal bo`lishingdan qo`rqaman!

—   Men kasal bo`lib yotishdan qo`rqmayman! O`limdan qo`rqaman! — deding negadir.

—   Men esa o`limdan qo`rqmayman! Kasal bo`lish dahshat! O`lsang, hammasidan birdan qutulasan, kasal bo`lish, biror joying og`rishi azob-ku! — o`z fikrimni bildirdim.

—   Men... menimcha esa kasal bo`lish qo`rqinchli emas. Yaqinlaringiz yugurib-elib bo`lsa ham tuzatib oladi. Lekin o`lsa... Men o`lishdan juda qo`rqaman. O`lsam, bir o`zim qolaman-da, yana qabr ham qorong`i bo`ladi. Qorong`ida yolg`iz qolish...

—   Har baloni gapirma, — uning gaplari ko`nglimga tegdi.

O`shanda darhol bu suhbatni unutib yuborgandim. Lekin tug`ish uchun shifoxonaga borganimizda...

—   O`lib qolaman! Ayting, biror nima qilishsin! — bir kunlik darddan keyin ham ko`zing yoriy demas, sen esa shunday deya yig`laganing-yig`lagan edi.

—   Bu menga erkalik qilayapti, boshqa baqirishiga chiday olmayman! — onamga shunday deya tug`ruqxonadan uzoqlashdim. 

Bir soatlar o`tganidan so`ng onam qo`ng`iroq qilib, shifokorlar o`zing tug`a olmasliging sabab operasiya qilishmoqchiligini va rozilik berganini aytdi.

Uchib keldim, go`yo. Kelganimda sen allaqachon jarrohlik stolida ekansan. 

—   «Bola katta, bachadon zo`riqayapti», deyishgach, rozilik berdim, — dedi onam menga ko`zi tushishi bilan. — Juda holdan toydi. Qiynaldi-ya, bolam bechora...

Yuragimning urishidan ham unda paydo bo`lgan g`ulg`ula tinchimni olgandi. Bejizga emaskan, birdan do`xtirlar sening ko`p qon yo`qotganing bois ahvoling og`irlashganini aytishdi. O`sha ondan boshlab, seni hayotga qaytarish uchun kurash boshlandi. 

«Men o`lishdan juda qo`rqaman...» Mana shu gaping qulog`im ostida jaranglayvergani sari o`zimni qo`yarga joy topolmasdim. Bir zumda bor qarindosh va do`st-yorni chaqirganimni bilmay qoldim. Senga qon zarur edi. Shifoxona oldidan bir qadam jilmasam ham sening holing haqida aniq bilmasdim. Jonlashtirish bo`limida eding. Yoningga qo`yishmasdi. Eshitganimiz esa «Ahvoli og`ir, bu yog`i Xudodan...»

«Nega ketdim? Nega uni erkalik qilayapti, deb o`yladim? Axir xayot va mamot o`rtasida turgandi-ku! Nima uchun yolg`iz qoldirdim? Unga dalda bermadim...»

O`zimdan shu qadar nafratlanar, nadomat yog`ida shunchalar qovrilardimki, cheku chegarasi yo`q.

Uch kun shu alfozda o`tdi. Shifoxona hovlisida tong ottirdik, manzilimiz dorixona va jonlantirish bo`limi oralig`i bo`ldi. Nihoyat, uchinchi kuni shifokor meni chaqirdi:

—   O`ziga kelolmay qiynalayapti. Yoniga kiring, gapiring...

«Seni uch kun ko`rmadim. Uch kun yolg`iz ajal bilan olishding. Eng qo`rqqan narsang qarshisida o`zingni qoldirdim...» Shu o`ylar og`ushida xonaga qadam bosdim. Karavotda yotgan jussang sezilmas, qon qochgan yuzing choyshabdan farq qilmasdi. 

—   Men keldim... Kechir... Yolg`iz qoldirganim uchun uchun kechir... — muzdek qo`llaringni ushlab, yig`lab yubordim. Yuzlaringni silarkanman, hiqqilab dedim: — Ko`zlaringni och. Yoningdaman!

Shu onda mo``jiza yuz berdi. Xudoyimning rahmi kelib, sening uzun kipriklaring qimirladi.

—   Och, ko`zlaringni och! — ikki qo`llab yuzlaringni silay boshladim.

Nihoyat o`sha chaqnoq, meni maftun etgan ko`zlaringni ochding. Ochishing bilan tilga kirding:

—   Bola... Bolamiz qani?

O`zimni yo`qotib qo`ydim.

Tavba, axir biz tug`ruqxonaga farzandli bo`lish uchun kelgandik. Qani, bola? Nega hech kim menga bola haqida gapirmadi? 

—   U sog`-omonmi? — o`zingga kelib-kelmay bolangni o`ylaganing meni lol qoldirdi. 

Onalik tuyg`usi shunday bo`larkan-da!

—   Xavotir olma, yaxshi. Sen yotib tur, men hozir! — otilib xonadan chiqdim-u, duch kelgan hamshiradan so`radim: — Bizning bolamiz qani? Xotinim so`rayapti?

—   Qanaqa bola? — hayron bo`ldi u. — Bu er jonlantirish bo`limi-ku!

Tug`ruqxona tomon chopdim. Men ko`rishi bilan qaynonam so`roqqa tutdi:

—   Yaxshimi? Menam kirsam bo`ladimi? Nima dedi do`xtir?

—   Yaxshi. Ko`zini ochdi. Chaqaloqni so`radi. Chaqaloq qaerda? — qizarib ketdim. 

—   Xudoga shukr. Chaqaloq yaxshi. Boya ko`rib chiqqqandim. Ikkinchi qavatga chiqing.

«O`g`ilmikan, qizmikan? Nega sira bola haqida o`ylamadim? Tavba, uch kundan buyon esimga kelmadimi?»

Endi farzandim oldidagi burchimni unutganim uchun ichimni it tirnay boshladi. Qanaqa odamman, o`zi?

Hamshira etovida bolam yotgan xonaga kirdim. Barcha chaqaloqlar o`z onalari yonida bo`lgani uchun bizning o`g`limiz katta xonada bir o`zi yotgan ekan. Shirin uxlardi, u. Qarab boshqacha bo`lib ketdim. Uyqusida og`zini bir tomonga qiyshaytirib jilmayib ham qo`ydi. 

—   Onasining ahvolini biladigandek jim yotdi bolangiz. Biram shirin-a? — dedi hamshira havas bilan boqib.

—   Uni unutib qo`yibman, — dedim bolamni avaylab qo`lga olarkanman.

—   Onasi bilan bo`lib qolgansiz-da! Qo`rqitdi-ku! O`ziga keldimi xotiningiz? Lekin buvilari chaqaloqdan xabar olib turdi.

—   Buvilari ham ona-da! Hech narsani unutishmaydi. Onasi ham ko`zini ocha solib uni so`radi. Men bo`lsa... 

Chaqaloqqa tikilib, o`zimni ko`rgandek bo`ldim. Sen o`lim bilan olishib, menga o`zimni hadya qilibsan, azizam. Men esa mana shu ilohiy hadyangni unutibman-a?

—   Meni kechir, o`g`lim. Sinovlar oldida juda no`noqlik qildim. Onangni og`ir lahzalarda tashlab ketdim, seni unutdim. Kechir! Endi seni ham, onangni ham yolg`iz qo`ymayman! Do`xtir opa, o`g`limni onasining yoniga olib ketayapman!

—   Voy! — shoshib qoldi hamshira. — Qiziqmisiz? Qo`ying, bolani! Mumkin emas. Onasi o`ziga kelgan bo`lsa, onasini olib kelamiz!

—   E-e-e, shunaqami? — bir zumda meni qamrab turgan zulmat va g`am tarqab ketganidan shodlandim. 

KAMINA yozib oldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!