Saylovning xalqaro huquqning umume`tirof etilgan qoidalari asosida o`tishi fuqarolarimizning siyosiy-huquqiy madaniyatiga bog`liq

15:53, 08 noyabr

Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida, shu bilan birga, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg`in hozirlik ko`rilmoqda. Markaziy saylov komissiyasining ma`lumotlariga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazish uchun 9378 ta, shu jumladan, O`zbekiston Respublikasining xorijiy vakolatxonalari huzurida 44 ta saylov uchastkasi tuzildi. 

Saylovning O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlari, saylov bo`yicha xalqaro huquqning umume`tirof etilgan qoidalari asosida o`tishi ko`p jihatdan fuqarolarimizning siyosiy-huquqiy madaniyatiga, ularning faolligi va fuqarolik burchini chuqur anglashiga bog`liq. Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqarma boshlig`i, Huquqiy targ`ibot va ma`rifat sohasida davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo`yicha idoralararo kengash kotibi Alijon OChILOV bilan suhbatlashdik.

— Saylovchilarimizning siyosiy-huquqiy madaniyati yuksak bo`lsa, ular ushbu siyosiy jarayonda ongli ravishda yondashadi, o`z ovozi davlatning va jamiyatimiz hayoti, mamlakatimiz kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini tushunib etadi, — deydi Alijon Ochilov. — Shu maqsadni ro`yobga chiqarish uchun 2016 yilning 7 oktyabrida Markaziy saylov komissiyasi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo`yicha o`tkaziladigan tadbirlar dasturini tasdiqlagan edi. Mazkur dasturda aholi o`rtasida milliy saylov tizimi, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonun, ushbu qonunga keyingi yillarda kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalar, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining saylov masalalarini tartibga soluvchi qarorlari mazmun-mohiyati hamda saylovchilarning bu boradagi huquq va erkinliklarini keng tushuntirish ishlarini olib borishga qaratilgan chora-tadbirlar ko`zda tutilgani bilan ahamiyatlidir.

Shu kunlarda ushbu dasturda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, saylovga oid ommabop risola va flaerlar tayyorlanib, tarqatildi. “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonun hamda “O`zbekiston Respublikasining saylov to`g`risidagi qonunlari” to`plami chop etilib, joylarga etkazildi.

— Saylovchilarning saylovga oid bilimlarini yuksaltirishda aholi o`rtasida o`tkaziladigan targ`ibot tadbirlarining ham o`rni beqiyos. Bu bo`yicha qilinayotgan ishlar haqida to`xtalib o`tsangiz?

— Hisob-kitoblarga ko`ra, hozirga qadar joylarda o`n ikki mingga yaqin huquqiy targ`ibot tadbiri o`tkazildi. Tadbirlarning aksariyati mamlakatimizning chekka va borish qiyin bo`lgan hududlarida tashkil etilayotgan bo`lib, ular uchrashuv, davra suhbati va seminar shaklida amalga oshirilayotgani uchun ham saylovchilar bilan yuzma-yuz suhbatlashilayapti. 

Shu bilan birga, ushbu tadbirlarning ahamiyatli jihati shundaki, ularda qatnashayotgan saylovchilar o`zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassis va huquqshunoslardan javob olishmoqda. Bu, o`z navbatida, saylov kuni saylovchilar tomonidan qonunbuzilish holatlari sodir etilishining oldini oladi. Masalan, shu yilning 21 oktyabrida Toshkent shahrida Markaziy saylov komissiyasi hamda Adliya vazirligi hamkorligida saylov qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik mavzusiga bag`ishlangan amaliy seminar o`tkazilgani ham yuqoridagi maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

— Ushbu muhim siyosiy tadbirni yuqori saviyada o`tkazishda ommaviy axborot vositalarining ham o`ziga xos o`rni bor, albatta. Saylovga tayyogarlik ko`rish jarayonida OAV imkoniyatlaridan qay darajada foydalanilmoqda?

— Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari tomonidan bu safargi saylov jarayonini yoritishga bo`lgan qiziqish kuchli ekanini alohida ta`kidlash kerak. Buni hozirga qadar Markaziy saylov komissiyasi mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 500 nafardan ortiq vakili, okrug saylov komissiyalari qariyb 560 nafar mahalliy jurnalistni akkreditasiyadan o`tkazgani ham tasdiqlab turibdi.

“O`zbekiston” teleradiokanalida haftaning shanba kunlari “Saylov — demokratiya ko`zgusi” nomli ko`rsatuv o`zbek va rus tillarida, “Markaziy saylov komissiyasi xabarlari” nomli ko`rsatuv esa haftaning chorshanba, payshanba va juma kunlari o`zbek, rus va ingliz tillarida namoyish etilmoqda.

Bundan tashqari, mavzuga oid ko`rsatuvlar O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi va “UzreportTV” tomonidan ham tayyorlanib, efirga uzatilmoqda. Shuningdek, assosiasiyaga a`zo nodavlat radiostansiyalar saylovchilar huquqiy madaniyati va huquqiy ongini yuksaltirishga qaratilgan 85 ta radio-viktorina va savol-javob o`tkazdi.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o`tkazilayotgan majlis va brifinglar haqidagi 350 dan ortiq intervyu, xabar, foto va videomaterial www.elections.uz rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan.

Xorijiy mamlakatlarda ham O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoniga bo`lgan qiziqish kundan-kunga ortib bormoqda. Buni chet ellardagi ommaviy axborot vositalarida 793 dan ortiq maqola va material e`lon qilingani ham tasdiqlab turibdi.

— Ko`p millatli va elatli xalqmiz. Targ`ibot tadbirlarini o`tkazishda  yuqoridagi jihatlar ham hisobga olinayapti?

— Darhaqiqat, mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oiladek yashab kelishmoqda. Shuni hisobga olib, “Yagona oilada — V seme edinoy” shiori ostida O`zbekiston fuqarolari millati, dinidan qat`i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekanini, millatlararo totuvlik jamiyatdagi barqarorlikning bosh omili bo`layotganini tushuntirishga qaratilgan uchrashuv, OAVda chiqishlar ham tashkil etilmoqda.

Masalan, O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasida har haftaning juma kunlari “Didar”, “Ranginkamon, “Nao`pir”, “Chinsen” (qozoq, tojik, qoraqalpoq va koreys tillarida), chorshanba kunlari (oyda ikki marotaba) “Yagona oilada”, “O`zbekiston — umumiy uyimiz” ko`rsatuvlari, seshanba kunlari esa milliy-madaniy markazlar faoliyati xaqida radioeshittirishlar efirga uzatilmoqda.

— Dasturda xotin-qizlar, nuroniylar, imkoniyati cheklangan shaxslar, yoshlar, shu jumladan, birinchi marotaba ovoz beruvchi fuqarolar o`rtasida samarali targ`ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish belgilangan. Mazkur yo`nalishdagi ishlar haqida ham qisqacha to`xtalib o`tsangiz.

— Dastur asosida xotin-qizlar, nuroniylar, imkoniyati cheklangan shaxslar, yoshlar, shu jumladan, birinchi marotaba ovoz beruvchi fuqarolar o`rtasida ham targ`ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, saylovda birinchi marta qatnashayotgan yigit-qizlarning saylovga oid bilimlarini yuksaltirish masalasiga bu boradagi ustuvor vazifalardan biri sifatida e`tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda oliy, o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalaridagi axborot va murabbiylik soatlarida, ma`naviyat kunlarida o`quvchi va talabalarga saylovga oid qonun hujjatlari, saylovda ovoz berish qoidalari tushuntirilmoqda. 

Oliy va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari uchun Prezident saylovining huquqiy asoslarini o`rganish yuzasidan 4 soatga mo`ljallangan maxsus kurs o`quv dasturi tayyorlandi. U asosida 1637 ta ta`lim muassasasidagi o`quv dasturlariga “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tashkil etish va o`tkazishning tashkiliy-huquqiy asoslari” mavzusida mashg`ulotlar olib borilmoqda.

Shu o`rinda Mudofaa vazirligi tizimida olib borilayotgan ishlar haqida haqida ham to`xtalib o`tsam. Mamlakatimizdagi harbiy okrug, garnizon ofiserlar uylari, harbiy qism va muassasalarda saylov burchaklari tashkil etilib, shaxsiy tarkib ishtirokida o`quv-uslubiy seminarlar, o`quv mashg`ulotlari uyushtirilmoqda. Ushbu tadbirlar “Vatanparvar” gazetasi va “Yoshlar” teleradiokanalida namoyish etiladigan shu nomdagi ko`rsatuvda keng yoritilmoqda. 

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o`rganish markazi tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida saylovchilarning ijtimoiy faolligini o`rganish bo`yicha sosiologik tadqiqotlar, saylovchilarning huquqiy madaniyati darajasini o`rganish bo`yicha esa so`rovlar o`tkazilmoqda.

Yuqoridagi dastur asosida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligida yoshlar uchun “Mening ovozim — Vatanim kelajagi”, aholining saylov jarayonidan xabardorlik darajasini yanada oshirish uchun “Men shaxsan o`zim ovoz beraman”; “Bizning oilamizda har birimiz o`z ovozimizga egamiz”, “Saylovchilar ro`yxatida bormisiz?” kabi aksiyalar ham o`tkazilmoqda.

Bir so`z bilan aytganda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo`yicha o`tkaziladigan tadbirlar dasturi doirasida amalga oshirilayotgan sa`y-harakatlar, yuqorida ta`kidlanganidek, Prezident saylovining Konstitusiya va qonunlarimiz, saylov bo`yicha xalqaro huquqning umume`tirof etilgan qoidalari asosida o`tishiga xizmat qiladi.

Ma`murjon PARPIEV suhbatlashdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!