O`zbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlari boshlandi

09:41, 09 noyabr

O`zbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlari boshlandi. Shu munosabat bilan Turkmaniston madaniyat vaziri o`rinbosari A.Shomurodov rahbarligida bir guruh san`at va madaniyat namoyandalari mamlakatimizda mehmon bo`lib turibdi.

Festivaldan ko`zlangan asosiy maqsad, xalqlarimiz o`rtasidagi adabiy, musiqiy, madaniy hamkorlikni, birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishdan iborat, deydi A.Shomurodov. 

Adabiy-musiqiy tadbirda tomoshabinlar turkmanistonlik qardoshlarimizning boy musiqiy merosi namunalaridan bahramand bo`ldi. 

Konsert “Dehiston” raqs ansamblining milliy raqs dasturi bilan boshlandi. Turkmaniston xalq artistlari Paraxat Shiximov, Kakadurdi Tojimov, Kakageldi Choriev, Shaguli Allaberdiev va Akjagul Annanova ijrosidagi turkman milliy kuy-qo`shiqlari o`zbek tinglovchilariga manzur bo`ldi. Konsertda “Sohibjamol”, “Maralim”, “Sumbar kuyi” kabi turkman xalq qo`shiqlari, “Go`ro`g`li”, “Tohir va Zuhra” dostonlaridan parchalar tomoshabinlar e`tiboriga havola etildi. 

Turkman milliy kuy-qo`shiqlari kuylandi. 

Shu kuni O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligida Turkmaniston delegasiyasi bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. 

Festival davomida O`zbekiston Tasviriy san`at galereyasida turkmanistonlik musavvirlar, haykaltaroshlar, usta-hunarmandlarning ijod namunalari ko`rgazmasi, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada ikki mamlakat shoir va yozuvchilarining ijodiy uchrashuvlari, Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida turkman kinofilmlari namoyishi tashkil etiladi. 

Turkmaniston delegasiyasi Toshkentning diqqatga sazovor joylari – Temuriylar tarixi davlat muzeyi va «O`zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyi bilan tanishishi, «Hazrati Imom» majmuasini ziyorat qilishi ko`zda tutilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!