“O`zekspomarkaz”da Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi boshlandi(Foto)

10:59, 09 noyabr

Yarmarkada mamlakatimizning meva-sabzavot mahsulotlari etishtirish, qayta ishlash, eksport qilishga ixtisoslashgan kompaniyalari ishtirok etmoqda, deb yozadi O`zA. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2016 yil 1 iyundagi Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini tashkil etish va uni har yili o`tkazib turish chora-tadbirlari to`g`risidagi qaroriga asosan «O`zbekoziqovqatxolding», «O`zvinosanoat-xolding» xolding kompaniyalari, «O`zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi, «O`zagroeksport» tashqi savdo kompaniyasi va «Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi direksiyasi» mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan mazkur yarmarkada mamlakatimizning meva-sabzavot mahsulotlari etishtirish, qayta ishlash, eksport qilishga ixtisoslashgan kompaniyalari ishtirok etmoqda. 

Forumda AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Latviya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Eron, Afg`oniston, Qozog`iston kabi o`ttizdan ziyod mamlakat qayta ishlash va savdo kompaniyalari, savdo tashkilotlari, savdo-sanoat palatalari, qishloq xo`jaligi yo`nalishidagi vazirlik va idoralar, logistika kompaniyalari vakillari ham qatnashmoqda. 

Birinchi Prezidentimizning 2006 yil 11 yanvardagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasini isloh qilish bo`yicha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori qishloq xo`jaligida bozor munosabatlarini joriy etish va fermerlik harakatining yanada rivojlanishi uchun keng yo`l ochib berdi. Natijada intensiv texnologiyalar muntazam joriy qilinib, sifatli va mo`l hosil etishtirilmoqda.

Istiqlolgacha respublikamizning don, kartoshka, go`sht, sut va boshqa asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo`lgan ehtiyoji import hisobidan qoplanar edi. Sohaga qaratilayotgan e`tibor samarasida endilikda xalqimizning kundalik iste`mol tovarlariga talabi mamlakatimizda etishtirilgan mahsulotlar hisobidan to`liq ta`minlanmoqda. 

Xalqaro mutaxassislarning e`tiroficha, yurtimizda etishtirilayotgan meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari sarxilligi, xushta`mligi, eng asosiysi, foydali va to`yimliligi bilan mintaqa va jahon bozorida juda xaridorgir. Shuning uchun ham saxovatli o`zbek zaminida etishtiriladigan meva va sabzavotlar yuqori nufuzga ega bo`lgan tovar belgisiga aylanib, bu mahsulotlarni sotib oladigan mamlakatlarda ular yuksak raqobatbardoshligi bilan ajralib turadi. O`zbekiston o`rik, olxo`ri, uzum, yong`oq va boshqa ko`plab qishloq xo`jaligi mahsulotlarini eksportga chiqarish hajmi bo`yicha dunyoda etakchi o`nta davlatdan biridir. 

Joriy yilning 12-15 iyul kunlari poytaxtimizda bo`lib o`tgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi ham buning yorqin isbotidir. “O`zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi ma`lumotlariga ko`ra, yarmarka yakunlari bo`yicha qiymati 2 milliard dollardan ziyod meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo`yicha 270 shartnoma imzolangan. Eksport qilinadigan mahsulotlarning 27 foizini sabzavot, 25 foizini uzum, 20 foizini meva, 17,6 foizini quritilgan va qayta ishlangan mahsulotlar, 8,4 foizini dukkakli mahsulotlar, 2 foizini qovun tashkil qilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!