Parhezdan keyin yana semirib ketmaslik uchun qanday ovqatlanish kerak?

11:30, 09 noyabr

Mana, nihoyat tutgan perhezingiz natija berdi: qomatingiz orzu qilarli darajaga etdi. Biroq ortiqcha vazn bilan kurash hali tugagani yo`q. Endi me`yorni saqlab qolish uchun harakat qilish lozim. Chunki shu kungacha iste`mol qilishimiz lozim bo`lgan oziqaviy quvvatni organizm qaerdan bo`lsa ham tiklab olishga intiladi. 

Nazoratni pasaytirmang!
Dieta — ovqatlanishdagi turli befoyda odatlarimizni o`zgartirish uchun yaxshi imkoniyat. Chunki undan keyin oshqozonimizga tushayotgan egulik miqdori kamayadi va o`z vaqtida ovqatlanishga odatlanamiz. Natijada esa oshqozon kichrayadi. Agar yana avvalgi ko`rinishingizga qaytishni istamasangiz, tanovul qilayotgan eguligingiz miqdorini nazorat qilishdan to`xtamang.

Tavsiya. Tuz va shakar miqdorini imkon qadar kamaytiring. Taomga tuz o`rniga turli ziravorlardan ishlatsangiz, salomatligingiz uchun ham foydali. 

Yoz mavsumida taomnomamizdan turli ko`katlar va sabzavotlar joy egallay boshlaydi. Demak, endi turli yog` mahsulotlari va shirinliklarni cheklash ayni muddao. 

Shoshilmang!
Cheklovlar ortda qoldi, deb, ishtahamizni nazorat  qilishni susaytiramiz, nimani qanday istemol qilish haqida kamroq bosh qotiramiz. Televizor qarshisida ovqatlanamiz, muzlatkichdan ko`zimizga nimaiki «issiq» ko`rinsa, barini olib, dasturxonga qo`yamiz. Natija esa barchaga ma`lum. Inson tez ovqatlanganda qorin to`yganligi haqidagi ma`lumot miyaga kechroq etib boradi. Yaxshi chaynalmagan egulik esa dard ustiga chipqondek gap. 

Tavsiya. Sekin-sekin, har bir bo`lakni yaxshilab chaynab esangiz, oshqoziningizga yordam bergan bo`lasiz. Bu esa o`z navbatida erishgan natijangizni uzoq vaqt ushlab qolishga ko`maklashadi. 

Dasturxondan «Yana bir bo`lak bo`lganda edi...» degan o`y bilan turishni tavsiya qilamiz. Shunda kundan-kunga kamroq taom tanovul qilayotganingizga o`zingiz ham amin bo`lasiz. 

Aldanmang!
Dietadan keyin cheklov qo`yilgan har bir mahsulotga boshqacha mehr bilan qaray boshlaymiz. O`sha paytlarda ishtahamizni qitiqlab turgan egulikni endi bemalol eyish mumkin. Biroq ochko`zlik qilmang! Inson ong osti kelgusidagi och qolishlarning g`amini eb, turli yog`larni g`amlab qo`yish xususiyatiga ega. 

Tavsiya. Ne-ne mashaqqatlar bilan erishgan natijangizni chippakka chiqmasligi uchun xamirli va yog`li taomlar, shuningdek, shirinliklar bilan oshqoziningizni qiynoqqa solmang. 

Och qolmang! 
Tanovul qilish mumkin bo`gan mahsulotlar ro`yxati tobora kengayib borayapti. Shuning uchun uzoqroq vaqt ovqat emasligimiz ham mumkin. Biroq biz oshqozinimizdan aqlliroqmiz. Demak, ochiqishni  kutib o`tirgandan foyda yo`q, chunki inson och qolganda foydalisidan ko`ra to`yimli egulikka ixtiyor beradi. 

Tavsiya. Nonushta yoki tushlikdan ikki soat o`tgach, meva tanovul qilishga odatlaning. Juda bo`lmasa, bir bo`lak achchiq shokolad va qaynoq choy bilan ham qorinni aldab turish mumkin. 

Me`yorni unutmang!
Muzqaymoq, shokolad yoki go`shtdan o`zingizni butunlay chegaralab qo`ymang, axir ularni yaxshi ko`rasiz-ku. Bunday serkalloriya eguliklarni iste`mol qilganda me`yorga amal qiling. Ba`zi-ba`zida ularni o`zingizga sovg`a tariqasida taqdim etishingiz mumkin.

Tavsiya. Masalan, hafta davomida har kuni ertalab mashq qilsangiz, erishgan natijangiz uchun yakshanbada o`zingizni bir dona shirinlik bilan siylang. Bir afta davomida uyingizga etishga ikki bekat qolganda avtobusdan tushib, piyoda yurganingiz uchun  dam olish kuni mayonezli salat yoki pissa bilan o`zingizni xushnud eting.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!