“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining fraksiya yig`ilishida dolzarb masalalar muhokama qilindi

14:19, 09 noyabr

O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Yig`ilishni fraksiya rahbari Sarvar Otamuratov olib bordi. 

Yig`ilishda joriy yilning 28 oktyabr kunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qabul qilingan 2017 yilga mo`ljallangan O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining asosiy parametrlarida hamda soliq va byudjet siyosatida ko`zda tutilgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan parlament nazoratini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Ayniqsa, 2017 yilgi Byudjetnomani palatada ko`rib chiqish jarayonida Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarida ko`zda tutilgan mablag`lardan maqsadli va samarali foydalanishda parlament nazoratini yanada kuchaytirish zarurligi to`g`risida siyosiy partiyalar fraksiyalari, jumladan, “Milliy tiklanish” fraksiyasi tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarga alohida e`tibor qaratildi. 

Chunonchi, iqtisodiyotni modernizasiya qilishni yanada qo`llab-quvvatlash borasida soliq siyosatida ko`zda tutilayotgan chora-tadbirlardan biri sifatida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmlari oshirilishini rag`batlantirish maqsadida 2017 yilda amal qilish muddati tugaydigan alohida soliq imtiyozlarining muddati uzaytirildi. Ana shu tarmoqlarda soliq imtiyozlaridan foydalanish holati, imtiyozlar hisobiga ularning ixtiyorida qolayotgan mablag`larning maqsadli ishlatilishi yuzasidan nazorat tadbirlarini tashkil etish zarurati ta`kidlandi.

Ayni paytda byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirish, mahalliy byudjet daromadlari bazasini mustahkamlash borasida ko`zda tutilgan chora-tadbirlarni joylarda ijrosini nazorat qilish masalasiga alohida to`xtalib o`tildi.

Xususan, o`rta-maxsus ta`lim muassasalarini moliyalashtirishda yagona yondashuvni ta`minlash maqsadida mahalliy hokimiyat organlarining kasb-hunar kollejlarini moliyalashtirish vakolatlarini respublika byudjeti tasarrufiga o`tkazish, bir qator xarajatlarni tuman darajasidan viloyat darajasiga o`tkazilayotganligi borasida amalga oshirilayotgan ishlarni bevosita joylarga chiqib o`rganish va mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida muhokama qilishga urg`u berildi.

Muhokamalarda O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi dasturiy maqsadlari va Saylovoldi platformasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlari parametrlarida ko`zda tutilgan moliyaviy mablag`lardan maqsadli va samarali foydalanishni ta`minlash masalalari  fraksiya a`zolari diqqat markazida bo`ldi.

Yakunda muhokama etilgan masala yuzasidan fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!