O`zbekistondagi saylovlar Janubiy koreyaliklar nigohida

15:11, 09 noyabr

Bo`lajak O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi xalqaro jamoatchilik diqqat markazidagi muhim voqealardan biriga aylangan. O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma`lumotlariga ko`ra, xorijiy mamlakatlarda saylovga bag`ishlangan turli tadbirlar, jumladan, brifinglar, anjumanlar, davra suhbatlari hamda seminarlar bo`lib o`tmoqda.

Shunday tadbirlardan biri 4 noyabr kuni Seul shahrida O`zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi ko`magida Xanyang universiteti Osiyo-Tinch okeani tadqiqotlari markazi, Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat institut iva Koreya Milliy tadqiqot fondi bilan birgalikda tashkil etildi.

«O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi: Janubiy Koreya bilan ikki tomonlama munosabatlar istiqbollari» mavzusida o`tkazilgan mazkur seminarda davlat organlari, ishbilarmon doiralar va jamoat tashkilotlari vakillari, shuningdek, Xanyang, Inxa, Koryo, Kukmin singari Koreya universitetlarining etakchi olim va ekspertlari qatnashdi.

Koreya tomoni O`zbekiston taraqqiyotining asosiy yo`nalishlari, ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy islohotlarning borishi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish borasidagi ma`lumotlar bilan tanishtirildi. Bunda O`zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlari va strategik hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan siyosatga kelgusida ham qat`iy amal qilinishiga alohida e`tibor qaratildi. 

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylovning haqqoniyligi, adolatliligi va ochiqligini ta`minlash maqsadida xalqaro kuzatuv institutini amalga keng joriy etayotgani e`tirof etildi. Xususan, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining bo`lajak Prezident sayloviga to`laqonli missiyasini yuborishga qaror qilgani ushbu siyosiy tadbirga katta e`tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.

Koreyalik ekspertlar Janubiy Koreyaning ishbilarmon va akademik doiralari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sosial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarning borishini sinchiklab kuzatib borayotganini ma`lum qildi. Bu borada davlat boshqaruvi tizimining barqarorligi, demokratik institutlarning taraqqiy etgani, qolaversa, respublikaning ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlari yuksak baholandi.

Xanyang universiteti Osiyo-Tinch okeani tadqiqotlari markazi direktori Om Gu Xoning ta`kidlashicha, Janubiy Koreya ekspert-tahlil jamoatchiligi O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning bevaqt vafotidan so`ng mamlakatdagi voqealar rivojishini sinchiklab kuzatib bormoqda. Uning fikricha, ayrim xorijlik ekspertlarning pessimistik prognozlariga qaramay O`zbekistondagi o`tish davri barqaror o`tmoqda, bu o`z navbatida Janubiy Koreya bilan faol hamkorlik davom etayotganida ham namoyon bo`lmoqda. U dekabrda bo`lib o`tadigan saylovdan so`ng ikki mamlakat o`rtasidagi munosabatlar yanada rivojlanishiga ishonch bildirdi.

Koryo universiteti huzuridagi Rossiya va MDH mamlakatlarini o`rganish instituti professori Yun Son Xak O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning mamlakat mustaqilligini mustahkamlash va uning iqtisodiy salohiyatini oshirish borasidagi xizmatlarini yuksak baholadi. Bu borada Ustyurt gaz-kimyo kompleksini qurish bo`yicha Surg`il loyihasi buning amaldagi yorqin dalili sifatida keltirildi. Koreyalik ekspert ushbu loyihaning quyidagi o`ziga xosliklarini keltirib o`tdi:

birinchidan, bu «sahrodagi mo``jiza». O`zbekiston nafaqat ichki bozor uchun, balki xorijda ham katta talabga ega mahsulot ishlab chiqaruvchi ushbu ob`ektni sahroda barpo etdi.

ikkinchidan, bu «moliyaviy mo``jiza». Loyihani amalga oshirish jarayonida koreys kompaniyalarining mablag`larini konsorsiumga birlashtirish vositasida jalb qilishning o`ziga xos moliyalashtirish usulidan foydalanildi. Ekspertning ta`kidlashicha, loyiha xorijlik hamkorlar bilan birgalikda investisiya loyihalarini amalga oshirishda boshqa Janubiy Koreya kompaniyalari uchun namuna bo`lib xizmat qilishi mumkin.

uchinchidan, bu «sanoat mo``jizasi». Koreya sarmoyalari ko`magida O`zbekiston sanoatning mutlaqo yangi tarmoqlarini o`zlashtirib, yangi sanoat sohalarini yaratishga muvaffaq bo`ldi.

Koryo universiteti professorining so`zlariga qaraganda, Surg`il loyihasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishida O`zbekistonning Birinchi Prezidenti I.Karimovning kuchli siyosiy irodaga ega ekani muhim ahamiyatga ega bo`ldi. Zero, I.Karimov loyihani amalga oshirish davrida Janubiy Koreyaning uchta ma`muriyati – No Mu Xyon, Lim Myon Bak va Pak Kn Xe bilan ishladi.

Yun Son Xakning fikricha, saylovdan so`ng Seul Toshkentning Markaziy Osiyodagi rolini inobatga olgan holda O`zbekistonning yangi rahbariyati bilan ko`p qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun yaqin aloqa o`rnatishga harakat qilishi lozim.

Inxa universiteti professori Son Dong Ki o`z ma`ruzasida axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e`tibor berdi. Uning ta`kidlashicha, bu O`zbekistonning Birinchi Prezidenti I.Karimovning AKTni Janubiy Koreya bilan hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlaridan biri sifatida belgilab bergan uzoqni ko`zlagan siyosati samarasidir. Bunda ekspert Toshkent shahridagi Inxa universiteti filialidagi tajribasi bilan o`rtoqlashdi. Shu boisdan u AKT sohasi bo`yicha ikki davlat hamkorligini yanada rivojlantirish muhim ahamiyatga egaligini ta`kidladi.

Koreyalik boshqa mutaxassislar ham o`z ma`ruzalarida Toshkent bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishi zarurligini qayd etdi. Ularning fikricha, bugungi kunda ikki mamlakat o`rtasida ko`plab yo`nalishlarda manfaatli hamkorlik qilish bo`yicha ijobiy tajriba to`plangan bo`lib, bu kelgusidagi aloqalarni yanada rivojlantirish uchun muhim poydevor hisoblanadi. Mazkur jarayonni chuqurlashtirishda ikki davlat o`rtasida o`ziga xos ko`prik vazifasini o`taydigan O`zbekistonda istiqomat qilayotgan ko`p sonli koreys diasporasi ham jiddiy turtki bo`ladi.

Koreyalik ekspertlar O`zbekistondagi bo`lajak saylov jarayonlariga, xususan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasining barcha bosqichlarida ochiqlik va oshkoralikni, saylovga tayyorgarlik ishlari va uni tashkil etishni umume`tirof etilgan xalqaro standartlar hamda demokratik tamoyillarga muvofiq o`tkazilishini ta`minlashga qaratilgan chora-tadbirlariga katta qiziqish bilan qarayotganini ta`kidladi.

Eslatib o`tamiz, bugungi kunda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegarasida 14 ta saylov okrugi, 9378 ta saylov uchastkasi, shu jumladan, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarida 44 ta saylov uchastkasi tuzildi.

Saylov uchastkalari barcha zarur aloqa, kompyuter va tashkiliy texnika, huquqiy adabiyotlar bilan ta`minlangan, ona va bola, tibbiyot xonalari mavjud. 

21 435 000 saylovchi ro`yxatga olingan, ularning yarmi, ya`ni, 10 825 641 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.

To`rtta siyosiy partiya – «Milliy tiklanish» O`zbekiston demokratik partiyasi, O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O`zbekiston Xalq-demokratik partiyasi va «Adolat» sosial-demokratik partiyasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentiligiga o`z nomzodlarini ko`rsatdi.

Prezident saylovini kuzatib borish uchun O`zbekistonga EXHT DIIHB, MDH Ijroiya kengashi, ShHT, IHT va Butunjahon saylov organlari assosiasiyasi singari nufuzli xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan kuzatuvchilar taklif etilgan. Eslatib o`tamiz, EXHT DIIHB kuzatuvchilar missiyasi 2 noyabr kuni o`z ishini boshladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!