Narimon Umarov munosib hayot darajasiga erishish uchun keng va teng imkoniyatlar yaratilgan davlat qurish uchun kurashishini ma`lum qildi

16:11, 09 noyabr

O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov saylovoldi tashviqoti doirasidagi navbatdagi uchrashuvini 9 noyabr kuni Buxoro viloyati saylovchilari bilan o`tkazdi.

Ochiq va jonli muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda asosiy uchrashuv joyi hamda tuman, shaharlardan jami 2600 nafardan ortiq saylovchilar, jumladan, keng jamoatchilik vakillari, tadbirkorlar, mahallalar faollari, partiya a`zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Uchrashuvni O`zbekiston “Adolat” SDP Buxoro viloyati Kengashi raisi o`rinbosari D.Hamdamova olib bordi. Narimon Umarovning ishonchli vakili – xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi deputati, viloyat partiya Kengashi raisi A.Tursunov yig`ilganlarni Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi bilan yaqindan tanishtirdi.

Narimon Umarov buxorolik saylovchilarga murojaat qilar ekan, bu tabarruk zamin muqaddas Islom dini quvvat olgan Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshbandiydek din peshvolarini, Abu Ali ibn Sinodek etuk mutafakkir va olimlarni etishtirib bergan yurt sifatida butun dunyoga mashhur ekanligini e`tirof etdi. Istiqlol yillarida navqiron Buxoro shahrining ko`rki va go`zalligi yanada ortgani, bugungi kunda shahar nafaqat o`zining betakror obidalari, ming yillarga borib taqaladigan madaniyati bilan balki zamonaviy mehmonxonalari, ta`lim muassasalari, sport komplekslari, teatr va madaniyat saroylari, go`zal bog`lari-yu, favvoralari bilan bu erga tashrif buyurgan sayyohlarni mahliyo etayotgani haqidagi iliq fikrlar saylovchilarni xushnud etdi.

Uchrashuv ishtirokchilari, ayniqsa, Prezidentlikka nomzodning o`z Saylovoldi dasturida belgilagan ustuvor g`oya va vazifalar haqidagi ma`ruzasini katta qiziqish bilan tingladilar.

N.Umarov bundan keyin ham “Ijtimoiy tenglik – teng huquq va teng mas`uliyat demakdir” degan tamoyiliga tayangan holda fuqarolarning siyosiy, huquqiy va ijtimoiy tengligi, har bir fuqaro qobiliyati va malakasidan kelib chiqqan holda mehnat qilishi kafolatlanadigan, mehnatining miqdori va sifatidan kelib chiqqan holda munosib ish haqi va hayot darajasiga erishishi uchun keng va teng imkoniyatlar yaratilgan ijtimoiy davlat qurish uchun kurashishini ma`lum qildi.

Ayniqsa, nomzod tomonidan ilgari surilgan aholining barcha ijtimoiy qatlamlari o`z vaqtida, muntazam, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishini ta`minlash g`oyasi uchrashuv ishtirokchilarida katta qiziqish uyg`otdi.

Jumladan, Narimon Umarov Buxoro viloyatining tabiiy iqlim sharoitini, er va suv resurslarining sho`rlanish darajasi yuqoriligini inobatga olgan holda hududda tibbiy xizmat darajasi va sifatini yanada oshirish zarurligiga e`tibor qaratdi. 

Shu bilan birga, maktab va maktabgacha ta`lim muassasalarida bolalarni tibbiy xizmatlar bilan ta`minlash tizimini kuchaytirish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi, qalbakilashtirilgan va sifatsiz dori vositalari sotilishining oldini olish masalalari Prezidentlikka nomzodning e`tibori markazida bo`lishi alohida qayd etildi.

Shuningdek, N.Umarovning bugungi kunda aholi o`rtasida talab oshib borayotgan tibbiy muolajalarga, xususan, transplantologiyaga, ekstrakorporal urug`lantirish va boshqa zamonaviy tibbiy xizmatlarga ruxsat berish tarafdori ekanligi, qolaversa, xorijning etuk tibbiyot markazlari bilan hamkorlik o`rnatish, chet el vrachlarini O`zbekistonning tibbiy muassasalarida jarrohlik operasiyalari o`tkazish amaliyotini kengaytirish, ularni doimiy asosda ishga taklif qilish orqali milliy mutaxassislarimizning malakasini oshirishga doir takliflari saylovchilar tomonidan to`la qo`llab-quvvatlandi.

Prezidentlikka nomzod uchrashuv ishtirokchilarining o`z Saylovoldi dasturi, hududni va umuman, respublikani rivojlantirishga doir ko`plab savollariga javob qaytardi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Q.Djuraev, Buxoro davlat tibbiyot instituti kafedra mudiri I.Abdulxakov, viloyat statistika boshqarmasi boshlig`i B.Giyasov, Buxoro shahar 39-son umumta`lim maktabi o`qituvchisi Sh.Madieva, O`zbekiston “Adolat” SDP Vobkent tuman Kengashi raisi M.Homidov va boshqalar so`zga.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!