Sarvar Otamuratov saylovoldi Dasturida sayyohlik infratuzilmasining yanada rivojlanishini ta`minlash kabi vazifalar belgilanganligini e`tirof etdi

16:40, 10 noyabr

10 noyabr kuni O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratovning Buxoro viloyati saylovchilari va jamoatchiligi bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi. 

Uchrashuvda turli sohalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, mahalla faollari, partiya a`zolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.

Uchrashuv Buxoro viloyatining barcha tuman va shaharlarining saylovchilari bilan onlayn videokonferensiya orqali muloqot tarzida bo`lib o`tdi. 

Dastlab nomzodning ishonchli vakili Saidjon Hamroev  yig`ilganlarni Sarvar Otamuratov tarjimai holi bilan tanishtirdi. Shundan so`ng  nomzod saylovoldi Dasturining asosiy yo`nalishlarini bayon etdi. 

Dasturda, eng avvalo, ma`naviy-ma`rifiy sohaga alohida e`tibor berilganligini ta`kidlar ekan, nomzod «O`z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo`q» tamoyili asosida xalqimiz tarixini xolis va tizimli o`rganish, bu borada o`zbek xalqining tarixiy o`tmishi va bugungi kunini baholashda bir yoqlama yondashuvlarga, noxolislikka yo`l qo`ymaslik, O`zbekiston tarixini buzib, soxtalashtirib talqin etilishiga qarshi kurashish lozimligi xususida gapirdi. 

S.Otamuratov madaniy meros ob`ektlarini to`liq xatlovdan o`tkazib, hisobga olish ishlarini takomillashtirish, muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros ob`ekti belgilariga ega bo`lgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarini to`liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish masalalariga e`tibor qaratar ekan, ushbu holat Buxoro viloyati uchun ham dolzarb ahamiyatga ega ekanligini aytib o`tdi.

Ma`lumki, O`zbekiston, xususan Buxoro viloyati ko`p asrlik tarixga va nodir madaniy-tarixiy merosga ega. Bularning hammasi mamlakatimizda ulkan salohiyati hozircha to`liq ishga solinmagan turizm industriyasini rivojlantirish va yurtimizni jahon turizm markazlaridan biriga aylantirish imkonini beradi. 

Nomzod mazkur masala Buxoro viloyatida ham dolzarbligini e`tirof etgan holda turizm viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirishda muhim o`rin tutishini aytib o`tdi. Turizm respublikamizning barcha hududlari qatori Buxoroda ham bugungi kunda muhim bo`lib turgan qo`shimcha ish o`rinlarini yaratish, iqtisodiy faol aholining bandligini oshirish, aholi farovonligini yuksaltirish hamda infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qilishini ta`kidladi. 

Shundan kelib chiqqan holda, Sarvar Otamuratov o`z saylovoldi Dasturida sayyohlik infratuzilmasining yanada rivojlanishini, sayyohlar uchun mo`ljallangan ob`ektlarning har tomonlama maqbul bo`lishini, transport va mehmonxona xizmatlari hamda sayyohlik logistikasini takomillashtirishni, sayyohlik industriyasi bilan bog`liq xizmatlarning turli sohalariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishni ta`minlash kabi vazifalarning belgilanganligini alohida e`tirof etdi.

Nomzod qayd etganidek, tarix qa`riga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga asoslanib, Buxoro tarixini yanada mukammal, xolisona tadqiq etish, yosh qadimshunos kadrlar tayyorlash muhim va dolzarb masala sanaladi. Ayniqsa, shaharning ilk bunyod etilgan davri bilan bog`liq masala keyingi yillarda qizg`in munozaralarga sabab bo`layotir. “Sharif shahar” ilk bunyod etilgan davrni yangi ilmiy-texnik yutuqlardan foydalanib qaytadan ko`rib chiqish bo`yicha ilmiy ishlarni davom ettirish bugungi kunning muhim vazifasidir. 

Shu o`rinda hayotimizda mavjud yana bir muammoga e`tibor qaratishni istayman, dedi nomzod uchrashuvda. U ham bo`lsa – ayrim hollarda bo`lsada, voyaga etmaganlar o`rtasida turmush qurish holatlari hali-hamon uchrab turganligidir. Erta turmush va erta tug`ruqlarning oldini olish borasida aniq va ta`sirchan choralar ko`rish, bu boradagi targ`ibot-tashviqot ishlari, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholida erta nikohga nisbatan murosasizlik tuyg`usini shakllantirishimiz lozim.

Oila va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yosh oilalarga g`amxo`rlikni oshirish bo`yicha keng ko`lamli ishlarni izchil davom ettirish maqsadida qonunchiligimizni yanada takomillashtiramiz. Zero, buyuk ajdodlarga barkamol avlod munosib, deb ta`kidladi Sarvar Otamuratov.

Uchrashuvda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod barkamol avlod tarbiyasi haqida gapirar ekan, yoshlarning ma`naviy kamoloti bilan bir qatorda ularning jismonan etukligiga ham alohida e`tibor qaratish zururligini ta`kidladi. Yaqinda olimpiadachilarimiz va paralimpiadachilarimiz erishgan olamshumul g`alabalar butun xalqimiz va millatimizning g`ururini osmon barobar ko`tarib, fuqarolarimiz qalbida cheksiz faxr-iftixor tuyg`ularini uyg`otganini yodga oldi. Ular orasida to`rt nafar buxorolik olimpiada chempioni va sovrindorlari Shaxobiddin Zoirov, Shaxram G`iyosov, Rishod Sobirovlarning ham borligi buxoroliklar va xalqimizning faxri ekanligini aytib o`tdi. 

Ammo bu natijalar, Sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Pahlavon Mahmud singari buyuk ajdodlarning avlodi bo`lgan yoshlarimiz uchun hali kam ekanligini ta`kidladi. Shuning uchun o`z Dasturida “Dunyoda hech bir narsa mamlakatni, millatni sportchalik dunyoga tez tanitmaydi, mashhur qila olmaydi” tamoyili asosida sportning barcha turlari, ayniqsa olimpiada o`yinlari dasturidan o`rin olgan hamda milliy turlarini har tomonlama qo`llab-quvatlash etakchi vazifa sifatida belgilanganligini aytib o`tdi.

Bunda, nomzod, “Farzandlari sog`lom va barkamol yurt qudratli bo`lur” shiori ostida mamlakatimizda keng quloch yoygan va umummilliy vazifaga aylangan bolalar sportini har tomonlama rivojlantirish darkor, deb hisoblaydi.

Uchrashuvda Sarvar Otamuratov Dasturning boshqa sohalariga ham batafsil to`xtalib o`tdi. Dasturda belgilangan vazifalar saylovchilarda katta qiziqish uyg`otdi.

Nomzodning Dasturini qo`llab-quvvatlab Buxoro davlat universiteti rektori A. To`laganov, “O`zbekturizm” milliy kompaniyasi Buxoro mintaqaviy bo`limi boshqaruvchisi o`rinbosari B. Idiev, Madaniy meros obe`ktlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi Buxoro va Navoiy viloyatlari bo`yicha mintaqalararo inspeksiyasi boshlig`i A. Muhamedov va boshqalar so`zga chiqdilar.

Uchrashuv so`ngida Sarvar Otamuratov ishtirokchilarning barcha savollariga javob berdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!