Narimon Umarov uy-joy bozoridagi firibgarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishni qayd etdi

16:50, 10 noyabr

O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarovning 10 noyabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvi ham boshqa hududlardagi singari saylovchilarning yuqori darajadagi faolligi ostida bo`lib o`tdi.

Nomzod bilan uchrashuvda deputatlar, shahardagi korxona va tashkilotlar xodimlari, mahallalar faollari, talaba-yoshlar, “Adolat” SDP a`zolari hamda jurnalistlardan iborat jami 700 nafardan ziyod saylovchi ishtirok etdi.

Uchrashuvni Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti direktori A.Saidov olib bordi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili — Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharq qo`lyozmalari markazi direktori N.Muxammedov poytaxtliklarni Narimon Umarovning tarjimai holi bilan yaqindan tanishtirdi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov nutq so`zladi. U, jumladan, poytaxtimiz bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqamizning yuksak taraqqiy etgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-moliyaviy va ma`naviy-ma`rifiy markazi ekanligi, ayniqsa, istiqlol yillarida Toshkent shahri qudratli sanoat va transport-kommunikasiya tarmoqlari, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmalarni o`zida mujassam etgan yirik megapolisga aylanganligini e`tirof etdi.

Narimon Umarov saylovchilarga “Adolat” sosial-demokratik partiyasi maqsad va vazifalari asosida ishlab chiqilgan Saylovoldi dasturining asosiy yo`nalishlarini bayon qilar ekan, xalqimiz uchun munosib hayot sharoiti yaratishga qaratilgan yangi vazifalarni, marralarni belgilash va ularga erishish borasidagi sa`y-harakatlarni sifat jihatidan yuqori bosqichga ko`tarish asosiy maqsadi ekanligini bildirdi.

U shuningdek, davlat va jamiyat boshqaruvida aholining munosib ishtirokini ta`minlash, siyosiy islohotlarning yanada chuqurlashtirilishi, jamiyatda demokratik qadriyatlarning mustahkamlanishi va rivojlanishi, adolat, inson huquq va erkinliklari ustuvorligi ta`minlanishi uchun bor kuchini safarbar etishga va`da berdi.

N.Umarov poytaxt uy-joy bozorida oldi-sotdi va ijara munosabatlarining faolligi, bu borada turli qonun buzilishi va huquqbuzarlik holatlari uchrab turishi, qolaversa, uy-joy fondining kattaligi, ko`p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholining kommunal to`lovlarga sezuvchanligi kabi Toshkent shahriga xos ayrim ijtimoiy masalalarga saylovchilar e`tiborini qaratib, ularning echimi yuzasidan o`z dasturiy takliflarini ilgari surdi.

Xususan, aholining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib uy-joy sotib olish va qurish uchun ajratilayotgan ipoteka kreditlash jarayonini takomillashtirish va foizlarini optimallashtirish, uy-joy bozoridagi firibgarliklar uchun javobgarlikni va nazoratni kuchaytirish, uy-joy-kommunal kompleksi ishini yanada yaxshilash, aholi uchun belgilanayotgan kommunal to`lovlar miqdorini doimiy nazoratda tutish, bu sohalarda aholiga xizmat ko`rsatadigan muqobil tashkilotlar o`rtasidagi raqobatni oshirishga qaratilgan sa`y-harakatlarni amalga oshirishini qayd etdi.

Shu bilan birga, poytaxtimizda bunyod etilayotgan zamonaviy uy-joylarning loyihasini ishlab chiqishda ularga innovasion, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda muqobil energiya manbalaridan keng foydalanishga e`tibor qaratish lozimligini ta`kidladi.

Nomzod saylovoldi tashviqoti doirasida o`tkazilayotgan uchrashuvlar unga nafaqat o`z dasturini taqdim etish, balki saylovchilarning fikr va intilishlarini yaqindan bilish imkonini berayotganini qayd etdi hamda saylovchilarning ko`plab savollariga javob qaytardi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati U.Samatov, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati O.Abdullaeva, Toshkent moliya instituti dekani U.Radjabov, Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi Chilonzor tuman bo`limi boshlig`i G.Murodova, Toshkent shahar vrachlar malakasini oshirish instituti Oftalmologiya kafedrasi assistenti L.Maqsudova va boshqalar O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning Saylovoldi dasturini qo`llab-quvvatlab so`zga chiqdi va poytaxtimiz aholisini shu yil 4 dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!