Toshkentda fizika sohasida xalqaro simpozium boshlandi

11:20, 11 noyabr

Toshkentda 10 noyabr kuni «Fundamental va amaliy fizika rivojining yangi tendensiyalari: muammolar, yutuqlar, istiqbollar» mavzuida xalqaro simpozium boshlandi. 

Simpoziumda fizika, astronomiya va astrofizika, energetikaning, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo`llash samaradorligini oshirishning ilmiy asoslari, mahalliy xomashyo manbalari asosida yangi materiallar olish, zamonaviy nanofizika va nanotexnologiyani rivojlantirishning eng muhim masalalari to`rt sho``bada muhokama qilinmoqda. 

Simpoziumning «Nazariy fizika va astrofizika» sho``basida nanorezonatorlar bilan ko`p atomlarning chigallik injeneriyasi, ilgarilanma tez aylanishning kvant dinamikasi, Maydanak observatoriyasidagi astrofizik tadqiqotlar, Somon yo`li galaktikasining paydo bo`lishi, O`zbekiston tog`laridagi xavfli ofatlar kechishi mumkin bo`lgan sohalarni oldindan baholashning yangi usullari kabi masalalar muhokama etilmoqda. 

Eksperimental fizika bizni o`rab turgan olamni mavjud tajribalar asosida yangi usullar bilan o`rganishdir. Agar nazariy fizikada tabiat matematik modellar bilan tekshirilsa, eksperimental fizikada tabiatning o`zi tadqiq etiladi. Xalqaro forumning «Eksperimental fizika» sho``basi dasturidan tezkor neytronlar dozasini o`lchash, lazer diodlarining o`ta fokuslangan nurlanishi va ularning parametrlari, lazer nurlanishining kremniy va germaniy kristallariga ta`siri, biotibbiyotda qo`llash uchun o`ta qisqa to`lqinli kompakt kvant lazerlarni yaratish masalalari, nanotexnologiyaning energetika va sog`liqni saqlashdagi ahamiyati kabi mavzular o`rin olgan. 

Mazkur xalqaro forum bugun jahon fizikasidagi dolzarb fundamental va amaliy masalalarni muhokama qilish bilan birga, o`zbek fizika maktabining mustaqillik davridagi yutuqlarini xalqaro miqyosda yana bir bor keng namoyish etishda yaxshi imkoniyatdir. Bu o`zbek fizika maktabining salohiyatini yanada yuksaltirish, mamlakatimizda ilm-fan va ishlab chiqarish integrasiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!