“Turkiston” saroyida Vladimir Sverdlov-Ashkenazining konserti bo`lib o`tdi

11:26, 11 noyabr

Mashhur kompozitor Pyotr Chaykovskiyning birinchi konsertidan zavqlanmagan odamni topish qiyin bo`lsa kerak. O`zbekiston milliy simfonik orkestri jo`rligida V.Sverdlov-Ashkenazining konserti munosabati bilan “Turkiston” saroyi muxlislarga gavjum bo`ldi

Qirq yillik oilaviy an`anani davom ettirib kelayotgan musiqachilar sulolasining kenja vakili shu kunlari O`zbekistonda ijodiy safarda. Taniqli pianinochi va bastakor Vladimir Sverdlov-Ashkenazi Rossiya, Belgiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Avstriya kabi ko`plab mamlakatlarda konsert namoyish qilgan, bir qator xalqaro mukofotlar sovrindori. Uning sonatalari, pianino bobidagi mahorati etakchi munaqqidlar, soha mutaxassislari tomonidan yuqori baholanadi. 

Poytaxtimizdagi "Turkiston" saroyida bo`lib o`tgan konsertda L.Betxovenning 7-simfoniyasi, P.Chaykovskiyning fortepyano va orkestr uchun yozgan 1-konserti yangradi. 

Konsertga xalqaro tanlovlar g`olibi Aziz Shohakimov dirijyorlik qildi, orkestr badiiy rahbari – O`zbekiston xalq artisti Ismoil Jalilov. 

Odamzod shod kunida ham, g`amga botganida ham musiqaga yuzlanadi. Musiqaning sehrli kuchi shundaki, u bir paytning o`zida tinglovchini shirin g`amga botirib, yana undan forig` etadi. Ikki soatlik konsert davomida o`zbek musiqa ixlosmandlari o`sha ko`yga tushdi. Quvondi, o`yga toldi, zavqlandi... 

“Oltin kuz” xalqaro san`at festivali doirasida tashkil etilgan konsert o`zbek tomoshabinlariga unutilmas tuhfa bo`ldi. Vladimir Sverdlov-Ashkenazi O`zbekistonda nozik didli, musiqani teran his etuvchi muxlislari borligidan minnatdorligini bildirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!