“O`qishimni qishloq xo`jalik liseyidan huquq kollejiga ko`chirmoqchiman...”

12:36, 11 noyabr

Maktabni a`lo baholarda o`qidim va turli olimpiadalarda ham g`olib bo`lganman. 9-sinfni tugatib, harbiy liseyga hujjat topshirdim, ammo kam ball to`plabman. Hujjatlarimni esa Qishloq xo`jalik liseyiga yuborishibdi.  Hozir ikkinchi kursda o`qiyman. Ammo men  huquq yo`nalishiga qiziqaman va kelajakda ham shu soha mutaxassisi bo`lish niyatidaman. Shuning uchun o`qishimni Huquq kollejiga ko`chirmoqchi edim. Buning uchun qaerga murojaat qilishim kerak va qanday tartibda amalga oshiriladi?

Shahzodbek Habibullaev, Samarqand viloyati Paxtachi tumani

X.Zikrillaev, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi O`rta maxsus kasb-hunar ta`limi markazi direktorining birinchi o`rinbosari:

— O`zbekiston Respublikasi o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari o`quvchilarining o`qishini bir ta`lim muassasasidan boshqasiga ko`chirish Vazirlar Mahkamasining Qarori bilan tasdiqlangan "O`zbekiston Respublikasi o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari o`quvchilari o`qishini ko`chirish, qayta tiklash va o`qishdan chetlashtirish tartibi to`g`risida"gi Nizom asosida amalga oshiriladi.

Mazkur Nizomning 9-bandiga ko`ra o`quvchilarni ko`chirish va qayta tiklash to`g`risidagi barcha arizalar bevosita o`quvchilar o`qiyotgan akademik lisey yoki kasb-hunar kollejida qabul qilinishi hamda ariza va uning ilovalari tegishli o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasasi tomonidan hududiy boshqarmaga, hududiy boshqarma tomonidan esa 1 avgustga qadar Oliy va o`rta maxsus ta`limi vazirligining O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markaziga yuborilishi kerak.

Nizomning 10-bandiga asosan o`quvchilarning o`qishini ko`chirish yoki qayta tiklashda o`quv rejalari va dasturlarga fanlar bo`yicha farqlarni yoki qarzlarni topshirish tartibi va muddatlari hamda o`quvchilarni o`qitish kursi o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasasi direktori tomonidan belgilanishi lozim.

Shuningdek, o`quvchilar o`qishini bir o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasasidan boshqasiga ko`chirishda o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi hududiy boshqarmasiga asosan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

•  o`quvchining yozma arizasi, o`quvchi voyaga etmagan bo`lsa uning ota-onasidan birining yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslarning arizasi;

•    ta`lim muassasasining nomi, mutaxassislik, kurs, gurux, ko`rsatilgan holda ta`lim muassasasining gerbli muhri bilan tasdiqlangan reyting daftarcha nusxasi;

•    o`quvchi pasporti nusxasi, voyaga etmagani sababli pasporti bo`lmaganda tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma hamda ota-onasi yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslarning doimiy yashash joyi ko`rsatilgan pasporti nusxasi.
O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi tomonidan ruxsat beriladigan o`qishni ko`chirishga oid arizalar Markazda tashkil etiladigan Ishchi guruh tomonidan ko`rib chiqiladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!