Xotamjon Ketmonov jizzaxlik saylovchilarni saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi

14:39, 11 noyabr

Bugun O`zbekiston Respublikasi prezidentligiga O`zbekiston XDPdan ko`rsatilgan nomzod Xotamjon Ketmonovning Jizzax viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Jizzax shahridagi Jizzax maxsus industrial zonasi ma`muriy binosi konferensiyalar zalida bo`lib o`tgan uchrashuv, bir vaqtning o`zida viloyatning barcha tumanlaridagi saylovchilar bilan video-konferensiya shaklida tashkil etildi.

Tadbirni Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi deputati, Jizzax tumani transport va sanoat kasb-hu nar kollejini direktori Quraqboy Ergashev ochdi va olib bordi.

Dastavval, nomzodning ishonchli vakili Nosir Siddiqov so`z olib, Xotamjon Ketmonovning tarjimai holi bilan yig`ilganlarni tanishtirdi.

Shundan so`ng,  so`z O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosari, partiya fraksiyasi rahbari Xotamjon Abdurahmanovich Ketmonovga berildi.

Xotamjon Ketmonov dastlab, Jizzax viloyatida mustaqillik yillaridagi o`zgarishlar va yangilanishlar, viloyatning iqtisodiy salohiyati haqida to`xtalib, 2013 yilda tashkil etilgan  «Jizzax» maxsus industrial zonasi nafaqat   viloyat balki, respublika iqtisodi uchun, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo`lgan mahsulot ishlab chiqarish bo`yicha zamonaviy, yuksak texnologiyali va innovasion ishlab chiqarishlarni barpo etish maqsadidagi eng muhim loyiha ekanligini haqida so`zladi.

Nomzod o`z Saylovoldi dasturi bilan yig`ilganlarni tanishtirar ekan, dastur, avvalo, O`zbekiston Xalq demokratik partiyasining g`oya va dasturiy maqsadlariga, xususan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining Parlamentdagi ko`pchilik – demokratik kuchlar Blokiga nisbatan o`zini muxolifat, deb e`lon qilgani, buning natijasida muxolif fraksiya sifatida ilgari surgan qator g`oyalariga asoslanishini aytdi.

Shundan so`ng asosiy ma`ruza yuzasidan bir qator ishtirokchilar so`zga chiqdilar.

Ular o`z chiqishlarida nomzod dasturida ilgari surilayotgan mamlakatimizning har tomonlama rivojlanishi borasidagi amalga oshirilayotgan strategiyaning muhim ijtimoiy yo`nalishi aholi turmushining sifatini oshirish, jumladan, uy-joylarning ijtimoiy maqbulligini ta`minlash maqsadida, davlat mulkini xususiylashtirishdan olinadigan mablag`larning bir qismini turar-joy fondini shakllantirishga yo`naltirish mexanizmini takomillashtirish masalasini qo`llab-quvvatladilar.

So`zga chiqqanlar, saylovchilarni saylov kuni Xotamjon Ketmonovga ovoz berishga chaqirishdi.

Shundan so`ng savol-javoblarga navbat berildi. Unda saylovchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakillaridan atroflicha javob olish imkoniga ega bo`ldilar.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!