Poytaxtimizda “Oltin kuz – 2016” mavsumiy liboslar namoyishi boshlandi

15:55, 11 noyabr

Poytaxtimizdagi «Zarqaynar» milliy san`at markazida “Oltin kuz – 2016” kuzgi-qishki liboslar namoyishi boshlandi. 

Toshkent shahridagi Havaskor modelerlar va tikuvchilar uyushmasi tomonidan “Begim parfum gallery”, “7-Studio”, “Bek mega textile” kabi kompaniyalar hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirga liboslar moda va dizayni sohasidagi mutaxassislar, talaba-yoshlar, kollej o`quvchilari, moda ixlosmandlari taklif etildi, deya xabar beradi O`zA. 

“Oltin kuz – 2016” modalar namoyishida yurtimiz va xorijiy moda sanoatining zamonaviy taraqqiyot tamoyil va yo`nalishlari, eksklyuziv liboslar, keng omma uchun mo`ljallangan mahsulotlar yaratishda yangicha yondashuvlar, tekstil va engil sanoatdagi innovasion yangiliklar bilan tanishish mumkin. 

Milliy liboslar markazida kundalik liboslar, modelerlarning eng sara ijod namunalari, hammabop kiyim-kechaklar bolalar, ayollar va erkaklar yo`nalishida namoyish etiladi. Kamalakrang xonatlas, ko`rkam adras, baxmal, nafis shoyi kabi milliy matolarimiz modelerlarning boy va betakror xayolot olami natijasida go`zal liboslar ko`rinishida tomoshabinlar e`tiboriga taqdim qilinadi. 

Modalar namoyishi betakror va rang-barang tadbirlarga boy. Parfyumeriya sohasidagi yangiliklar, moda nashrlarining taqdimotlari, yoshlar ijodining turli yo`nalishlar bo`yicha namoyishi, milliy liboslar ko`rigi, mahorat darslari, atoqli modeler va dizaynerlar bilan uchrashuvlar, konsert va go`zallik ko`rgazmalari shular jumlasidandir. 

Namoyishning ilk kunida yosh modelerlarning «Street Style» uslubidagi liboslar to`plami tadbir ishtirokchilari hukmiga havola etildi. Jo`shqin, zavqli, shu bilan birga qulay, oddiy va tabiiy uslubdagi bu liboslar ko`pchilikda katta taassurot uyg`otdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!