O`zbekistondagi saylov jarayoni xorijlik ekspertlar nigohida

17:13, 11 noyabr

O`zbekiston Respublikasi TIV matbuot xizmatining axborotiga ko`ra O`zbekistonda bo`lib o`tadigan prezident sayloviga tayyorgarlik ko`rish jarayoni, milliy saylov tizimi, nomzodlarning tarjimai hollari va dasturlari, shuningdek respublikamizda olib borilayotgan keng ko`lamli ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy islohotlar bilan xalqaro hamjamiyatni tanishtirish maqsadida mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari tomonidan xorijlik hamkorlar bilan birgalikda turli tadbirlar, jumladan brifinglar, konferensiyalar, davra suhbatlari va seminarlar o`tkazilmoqda.

O`zbekistonga taklif etilgan xalqaro kuzatuvchilar bunday tadbirlarda ishtirok etmoqdalar. Ular respublikada bo`lajak saylovni tashkil etish bo`yicha ko`rilayotgan keng ko`lamli ishlarni, davlat boshqaruvi tizimi barqarorligini, demokratik institutlar va jarayonlar rivojlanganligini e`tirof etmoqdalar. Shu bilan birga xalqaro kuzatuvchilar O`zbekiston uchun muhim bo`lgan siyosiy tadbirda ishtirok etish ularga saylov tizimini yanada demokratlashtirish va takomillashtirish sohasidagi islohotlar olib borish borasidagi O`zbekiston tajribasi bilan tanishish imkonini berishini qayd etmoqdalar.

Xususan, Germaniya-O`zbekiston ishbilarmonlar kengashi a`zosi, «CLAAS» kompaniyasining mustaqil konsultanti Udo Folker bo`lajak saylov nafaqat O`zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo siyosiy hayotidagi muhim voqea ekanligini, chunki O`zbekiston mintaqa barqarorligini saqlovchi asosiy davlat ekanligini qayd etdi. U joriy yilning 4 dekabr kuni prezident saylovi xalqaro standartlar va demokratik prinsiplarga muvofiq o`tishiga ishonchi komilligini, bo`lajak tadbirni yuqori tashkiliy saviyada o`tkazish uchun O`zbekiston barcha imkoniyatlarga ega ekanligini aytib o`tdi. Uning fikricha, davlat mustaqilligi yillarida O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I. Karimov rahbarligi ostida bosib o`tilgan taraqqiyot yo`lini inobatga olgan holda xalq to`g`ri qaror qabul qiladi, bu esa mamlakatni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

O`z navbatida, Germaniya-O`zbekiston do`stlik jamiyatining vise-prezidenti Dieter Brandenburger quyidagilarni bildirdi: “O`zbekistonda 2014 yil bo`lib o`tgan oxirgi parlament saylovida saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonini shaxsan o`zim kuzatib bordim va unda ishtirok etish tajribasidan kelib chiqib, shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, O`zbekistonda prezident saylovi yuksak saviyada o`tkaziladi, chunki saylovchilarning konstitusiyaviy huquqlarini ro`yobga chiqarish maqsadida nomzodlarga, siyosiy partiyalarga, uchastka saylov komissiyalariga barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Saylov uchastkalari zarur asbob-uskunalar, inventar, atributka va xodimlar bilan ta`minlangan. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga taklif qilinishim men uchun katta sharafdir».

O`z navbatida, Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi (ShIFA) partiya qo`mitasi kotibi Yuy Sinxue, ShIFA partiya qo`mitasi huzuridagi Targ`ibot departamenti direktori Li Ixay hamda Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti qoshidagi Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlar markazi direktori o`rinbosari Yan Bo quyidagilarni ta`kidladilar: 

“Respublikada aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga, tadbirkorlar faoliyatini engillashtirishga, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishga va tadbirkorlik muhitini yaxshilashga, shuningdek davlatning biznesga aralashuvini imkon qadar kamaytirishga qaratilgan o`zgarishlar yuz bermoqda.

Keyingi yildan boshlab barcha turdagi tekshiruvlarning bekor qilinishi kichik va o`rta biznesning soniga va ularning yalpi ichki mahsulotga qo`shadigan hissasiga ta`sir qilishi muqarrar. Shu bilan bir qatorda iqtisodiy sohadagi bir qator islohotlar, jumladan investisiya muhitini yaxshilashni va investisiyalarni jalb etishni kuchaytirishni nazarda tutuvchi yangi erkin iqtisodiy zonalar yaratish rejalari shu jumladan Xitoy tomonidan ham istiqbolli tarmoqlarga yirik investisiyalar kiritilishiga olib keladi.

Biz O`zbekiston boshlagan yo`lidan qaytmasligiga, islohotlar doimiy xususiyat kasb etayotganligiga hamda pirovard maqsad insonparvar demokratik huquqiy davlatni va noyob mahalla instituti muhim rol o`ynaydigan kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilganligiga yana bir bor amin bo`ldik. Eng asosiysi, islohotlarni amalga oshirishda O`zbekistonda MDHda birinchilardan bo`lib qabul qilingan Konstitusiya normalari va moddalari o`zgartirilmayotir”.

Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti partiya qo`mitasi kotibi Szyan Fen va Sharqiy Xitoy siyosatshunoslik va huquq universiteti prorektori Lin Yanpin bo`lib o`tajak siyosiy tadbirda aholisi bir milliarddan ortiq mamlakatning 13 nafar kuzatuvchisi qatorida ishtirok etish katta sharafdir deb ta`kidladi. Uning so`zlariga ko`ra delegasiyaning barcha a`zolari siyosiy partiyalardan ko`rsatilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan tanishib chiqdilar. Siyosiy partiyalar dasturlari O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I. Karimovning O`zbekistonni qaror toptirish jarayoniga qo`shgan ulkan hissasini inobatga olgan holda u tomonidan boshlab berilgan islohotlar yo`lini yanada rivojlantirish va davom ettirish bo`yicha takliflar bilan to`lib toshgan. O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I. Karimov sharafoti bilan respublika jahon hamjamiyatida munosib o`rin egalladi, u tufayli yirik geosiyosiy davlatlar mamlakat nuqtai nazari bilan hisoblashmoqda.

Xitoylik ekspertlar qishloqda turmush darajasini yaxshilashga, umuman aholini ish bilan ta`minlashni oshirishga, agrar sektorni rivojlantirishga, iqtisodiyotning muhim sektorlariga investisiyalarni jalb qilishga qaratilgan va respublikani rivojlantirishga yangilik kiritishni aks ettiruvchi saylovoldi dasturlariga yuqori baho berdilar. Misol uchun narxlarning davlat tomonidan tartibga solinishini takomillashtirish orqali kommunal xizmatlar qiymatini maqbullashtirish, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning rolini mustahkamlash, eng kam iste`mol savatchasi standartlarini aniqlashning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish shular jumlasidandir.

Sharqiy Xitoy siyosatshunoslik va huquq universiteti prorektori Lin Yanpin ham O`zbekistonda qabul qilingan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmon yuzasidan fikr bildirdi. Uning so`zlariga ko`ra ushbu hujjat mazkur sohadagi davlat siyosatining yangi bosqichga ko`tarilishini anglatadi. Sudlarga imkon qadar mustaqillik berish, ko`plab jinoyatlarni qamoqda jazolanmaydigan jazolar toifasiga kiritish – bularning barchasi sud-huquq tizimini erkinlashtirish tomon tashlangan muhim qadamdir. Bu O`zbekistonning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga intilayotganidan dalolat beradi. Ekspertning ta`kidlashicha, sud byurokratiyasining kamaytirilishi shubhali shaxslarni qamoqda saqlash muddatini kamaytirish, qamoqda saqlash o`rniga muqobil variant sifatida uy qamog`ini qo`llash rejasi huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar tomonidan ham yuqori baholanadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!