Toshkent tibbiyot akademiyasi tomonidan Tibbiyot xodimlari kuniga bag`ishlangan tadbir o`tkazildi

08:18, 12 noyabr

Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston davlat akademik Katta teatrida Toshkent tibbiyot akademiyasi tomonidan tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan madaniy-ma`rifiy tadbir tashkil etildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Sh.Karimov va boshqalar mamlakatimizda aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining bilimi va kasb mahoratini oshirish, ularni har jihatdan qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish borasida olib borilayotgan ishlar o`z samarasini berayotganini ta`kidladi. 

Toshkent tibbiyot akademiyasi sog`liqni saqlashning zamonaviy yo`nalishlari bo`yicha malakali kadrlar tayyorlaydigan nufuzli oliy ta`lim muassasalaridan biridir. Bugungi kunda akademiyaning oltita fakultetida bakalavriyat bosqichida uch yarim mingga yaqin, magistraturada olti yuzdan ziyod talaba ta`lim olmoqda. Olti yuz nafardan ziyod professor-o`qituvchi yoshlarga ta`lim bermoqda. 

Oliy ta`lim muassasasi dunyoning yigirmadan ortiq davlatidagi nufuzli klinikalar, ilm-fan markazlari bilan ta`lim va ilmiy sohalarda hamkorlik qilmoqda. Bu jarayonda yosh o`qituvchi va magistrlarning malakasini oshirish, bilim va tajriba almashish, mamlakatimiz ilm-fani va tibbiyoti yutuqlarini xalqaro miqyosda keng targ`ib etishga alohida e`tibor qaratilayotir. 

– Akademiyamizda talabalarga chuqur bilim berish, o`quv jarayonini ilg`or pedagogik uslublar va zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tashkil etish uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi akademiyaning bolalar kasalliklari kafedrasi dosenti Dilbar Qurbonova. – Kafedralar akademiyamiz klinikalari, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, etakchi shifoxonalar bazasida joylashgani yoshlarning nazariy bilimini amaliyot bilan bog`liq holda boyitib borish imkonini bermoqda. 

Tadbir yakunida Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston davlat akademik Katta teatri ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan «Sadoqat» spektakli namoyish etildi. 

 
 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!