Shavkat Mirziyoev Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

11:50, 12 noyabr

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev 11 noyabr kuni Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Uchrashuvni O`zLiDePning Xorazm viloyati kengashi raisi Sh.Safarboev ochdi. 

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan keng ko`lamli islohotlar samarasi Xorazm viloyatida ham o`z ifodasini topmoqda. Joriy yilning 9 oyida yalpi hududiy mahsulot 5,3 foiz o`sgan. Bunda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 20 foizdan, qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish 7 foizdan ortgani muhim omil bo`ldi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari keng qo`llab-quvvatlanayotgani samarasida ularning viloyat iqtisodiyotidagi ulushi izchil oshib, bugungi kunda 75 foizdan ziyodni tashkil etmoqda. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev o`z saylovoldi dasturi yuzasidan ma`ruza qildi. 

Dasturda davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh etish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlik va izchil o`sish sur`atlarini ta`minlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, mamlakatimizdagi tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan. Unda davlat idoralari faoliyati samaradorligini oshirish, sud hokimiyatining mustaqilligini va odil sudlovni ta`minlash, iqtisodiyotni modernizasiya va diversifikasiya qilish, hududlarni kompleks rivojlantirish, xususiy mulk va tadbirkorlikka yanada keng imkoniyat berish, ozuqabop va eksportbop ekinlarni ko`paytirish, aholi bandligini ta`minlash, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish kabi muhim masalalarga alohida e`tibor qaratilgan. 

Uchrashuv videokonferensiya shaklida o`tdi. Urganch shahri va viloyatning barcha tumanlari markazidan saylovchilar nomzodning dasturi yuzasidan o`z fikrlarini bildirdi. 

Mehnat faxriysi S.Iskandarov, "Davsuvxo`jaliknazorat" davlat inspeksiyasi Xorazm viloyati bo`yicha inspektori K.Ortiqov, Xorazm viloyati hokimining birinchi o`rinbosari Sh.Xo`janiyozova, mehnat faxriysi J.O`tamov, mehnat faxriysi A.Vapaev, Xonqa pedagogika va sport kolleji o`quvchisi Z.Ismoilova va boshqalar dasturda belgilangan vazifalar mamlakatimizni yanada rivojlantirish, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishini ta`kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlari milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillarga to`la mos ravishda o`tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 4 dekabr kuni bo`ladigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!