Mistika: Ajal ostonasidan qaytargan farishta

10:44, 14 noyabr

Bu voqea ancha yillar ilgari sodir bo`lgan, uni menga tanish ayol gapirib bergandi.

Institutda o`qib yurgan kezlarim kursdoshim bilan sevishib, ahdu-paymon qildik. Bizning muhabbatimizga ota-onalarimiz qarshilik qilmadi va talabalik paytimizdayoq, to`yimiz bo`lib o`tdi. Ikkalamiz ham baxtdan sarmast, ettinchi osmonda uchib yurardik. Erim bilan institutni bitirmaguncha farzand ko`rmaslikka kelishgandik. Agar bolalik bo`lsak, o`qishimiz qolib ketadi, deb o`ylardik.  Yoshligimdan baquvvat va sog`lom qiz bo`lib, kasal bo`lib yotganimni eslay olmasdim. To`ydan keyin shamollab, tumov bo`lib qoldim. Bunga e`tibor bermay, kasallikni oyoqda o`tkazdim. Aksiga olib, shu oddiygina tumov ham qayta-qayta bezovta qildi. O`zimni juda yomon his qilgach, kasalxonaga bordim. Tahlil natijalaridan sariq kasallikka chalinganim ma`lum bo`ldi. Buni ustiga homiladorligim ham aniq bo`lgach, bira to`la dahshatga tushdim. Bir tarafdan kasallik, ikkinchi tarafdan boshqorong`ilik qiynadi, ko`nglim aynib, og`zimga olgan narsani qayt qilardim. Davolovchi vrach  homilani olib tashlash kerakligini, bu ahvolda uni dunyoga keltirolmasligimni aytdi. Bundan avvaliga qo`rqib ketdim, ammo boshqa yo`l yo`qligini anglagach, uning gaplariga ko`nishdan boshqa ilojim qolmadi. Vrachlar ertasi kuniga homilamni olib tashlashni rejalashtirishdi.

O`sha kuni tunda tush ko`rdim. Tushimda avtomashinalar tezlikda harakat qilayotgan baland ko`prik ustida ketayotganmishman. Bexosdan yo`l chetida yolg`iz, sovuqdan junjikib turgan,  jingalak sochli qizaloqqa ko`zim tushdi. Shu payt birdan kuchli shamol ko`tarildi, qizchani xavfsiz joyga olish uchun yordamga shoshildim. U esa mendan qo`rqib o`zini ko`prikdan pastga otdi. Dahshatdan qichqirib yubordim.

Uyg`onganimda qora terga botib, yuragim ko`krak qafasimni yorib chiqay derdi. Ertasi kuni narkoz olgandan keyin yana o`sha qizcha tushimga kirdi. U yonimda turib, tinimsiz ko`z yosh to`kar, har zamonda boshimni silab qo`yardi. Tuzalishimga juda uzoq vaqt ketdi. Dardlarim bilan bo`lib, qizchani unutdim, endi uni tushlarimda ko`rmasdim. Bu haqda onamga gapirib berganimda, demak homilang qiz bola bo`lgan ekan dedi.

Oradan yillar o`tdi, institutni bitirdim, yoshim ham 30 ga borib qoldi. Ilgari farzand ko`rishni istamagan bo`lsak, endi erim bilan faqat shu mavzuda gaplashardik.  Kunlarning birida qilgan iltijolarim tufaylimi yoki Xudoning rahmi keldimi homiladorligim aniq bo`ldi. Bundan erim ham men ham juda xursand bo`ldik. Erim meni eru ko`kka ishonmas, og`zimdan chiqqan narsani muhayyo qilardi. Yoshim o`ttizga borib qolgani uchunmi, oy-kunim yaqinlashgani sari meni vahima bosardi. Shunday qilib, to`qqiz oyni ming bir tahlikada o`tkazdim, to`lg`oq boshlanishi bilan erim meni tug`ruqxonaga olib bordi.  

Tug`ruq juda og`ir kechdi, ko`p qon yo`qotganimdan holsizlanib, hushimdan ketdim. Tushimmi yo o`ngimmi anglolmay qoldim. Katta yo`lning yoqasida turgan emishman, yo`lning narigi betida bir paytlar tushimda ko`rgan qizaloq turardi.  Uni yana uchratganimdan xursand bo`lib, yo`lning narigi tarafiga intildim. Qalbimni g`alati shodlik chulg`adi. Qizaloqqa etishga qanchalik intilmay, oyoqlarim o`zimga bo`ysunmas, ming chiranganim bilan joyimga mixlanganday turardim.

— Qayting, buyoqqa kelmang! Orqaga qayting, hali kelishingizga vaqt bor! — deb qichqirdi qizcha. 

Uning ovozini aniq eshitdim.

– Yo`q, oldingga borgim kelyapti, to`xta, ketma! – deb baqirdim unga javoban.

Birdaniga qizchaning yonida o`ziga o`xshab ketadigan o`g`il bola paydo bo`ldi. Negadir “o`layapman” shekilli degan o`yga bordim.

– Yo`q, siz hali uzoq yashaysiz...

Tanamni parmalayotgan kuchli og`riqdan qichqirib yubordim, shu payt chaqaloq ingasi yangradi. Ko`zim yarq etib ochildi, ko`kragimda dunyoga kelgan o`g`lim yotardi. Vrachlar ham xursandligidan baqirib yuborishdi, ahvolim og`irligidan ular mendan umidlarini uzishgan ekan. Ammo so`nggi daqiqalarda mo``jiza ro`y berdi.  O`g`lim bilan men narigi dunyodan qaytib kelgandik. 

Shundan beri insonlarni himoya qiluvchi qandaydir g`ayritabiiy kuchlar borligiga ishonaman...

Ayolning so`zlarini oqqa ko`chiruvchi 
Lola Shoimova

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!