Baqbaqa va salqigan qovoqdan xalos bo`lamiz!

10:56, 14 noyabr

Tabiat ayolga husn deb atalmish bebaho sovg`a in`om etgan.  Biz, ayollardan faqatgina tabiatning mana shu tuhfasini sayqallab, uni yillar davomida avaylab saqlash talab etiladi. Tashqi ko`rinishimizdagi ko`nglimiz to`lmagan jihatlarni esa tuzatishning imkoni mavjud. Buning uchun ozgina qunt qilsak bo`lgani!  

Bodom qovoq – go`zallik belgisi
Sharq xalqlarida azal-azaldan bodom qovoq qizlar jozibador sanalgan. Yoshlikda betakror ko`rinadigan bodom qovoqlar 35 yoshdan so`ng ulg`aygani sari salqib, haqiqiy muammoga aylanishi turgan gap. Shu sababdan aksariyat ayollar undan xalos bo`lish yo`llarini izlay boshlaydi. Muammoga echim topish maqsadida eng soddasidan tortib tig` ostigacha bo`lgan barcha usullarni ko`rib chiqish tavsiya etiladi.  

Unutmang, bodom qovoqlik ko`p hollarda nasldan naslga o`tishi ham mumkin. Tashqi ko`rinishdagi bu ajralib turuvchi belgi yosh ulg`aygani sari o`z sohibasiga biroz noqulaylik tug`diradi. Salqigan qovoqlar chehrani charchagan va g`amgin ko`rsatadi. Shu sababdan bu muammo ustida yoshlikdanoq bosh qotirish darkor. 

Qovoq uchun kundalik mashqlar: 
Mashq: ko`zlarni imkon qadar katta ochib besh soniya davomida shu holatda turiladi. So`ng ularni mahkam yumib, yana beshgacha sanaladi.  Mashqni bajarish vaqtida peshona kaft bilan ushlab turiladi, aks holda ajinlar paydo bo`lish xavfi ortadi. 

Mashq: barmoqlar bilan qoshlarni imkon qadar bir-biri tomon yaqinlashtiriladi. Bu mashqni har kuni ikki mahal sakkiz marotaba takrorlash tavsiya etiladi.  

Pardoz bilan kamchiliklarni berkitamiz
Pardoz-andoz bizni yanada go`zallashtirish bilan birga yuzimizdagi kamchiliklarni tuzatish imkoniyatiga ega. Bodom qovoqlarni pardoz vositalari yordamida biroz kichikroq ko`rinishga keltirsa bo`ladi. Buning uchun bir nechta  qoidalarga amal qilsak bo`lgani:   

Muhim qoidalardan birini doim yodda saqlang: bodom qovoqlarni ko`zni ochib turgan holda bo`yash lozim. Odatda ko`pgina ayollar ten va suyuq qalamni ko`zni yumgan holda qovoqqa surtishadi. Bodomqovoq sanamlarga esa bu usul to`g`ri kelmaydi. 

Bu muammodan aziyat chekuvchi go`zallar qoshlariga etarlicha e`tibor qaratishi lozim. Ya`ni qoshlar doim parvarishlangan, ingichka, kamondek egilgan bo`lishi lozim. Aks holda, tartibga keltirilmagan qoshlar qovoqlarni yanada bo`rttirib ko`rsatadi. 

To`q rangli tenlarga ixtiyor bergan afzalroq. Biroq uni butun qovoq bo`ylab emas, faqatgina tashqi burchakka surtish yaxshi samara beradi.     

Kipriklarni ham unutib qo`ymang. Yuzning yuqori qismiga e`tiborni qaratish uchun pastki kipriklar bo`yalmaydi. Yuqori kipriklarga esa qalin qilib tush surtish lozim. 

Yaltiroq tenlar bodom qovoq ayollarning  ashaddiy dushmanidir.  Qaymoqrang, marjonrang va o`ta to`q rangdagi tenlardan foydalanish yuzni  toliqqandek ko`rsatadi. Maslahatimiz, ulardan foydalanishda ehtiyot bo`ling! 

Plasterlarning foydasi tegishi mumkin 
Yoshi katta ayollarga  ajin tushgan va salqib qolgan qovoqlarni berkitishda ko`mak beradigan maxsus plastirlar ham bor. Ularni qovoqqa yopishtirib, ustidan pardoz qilinsa, muammo ko`zga tashlanmasligiga erishiladi.   

Blefaroplastika
Mutaxassislar muammoning oxirgi chorasi sifatida blefaroplastika jarrohlik amaliyotini tavsiya etishmoqda. Bu amaliyot yordamida qovoqdagi ortiqcha yog`, mushak to`qimalari va teri olib tashlanadi. Zamonaviy estetik jarrohlar lazerli blefaroplastika oddiysiga nisbatan samaraliroq ekanligini ta`kidlashmoqda. 

Toshkent shahridagi klinikalardagi o`rtacha narxi 750 ming.

Ayollarni  5-10 yoshga kattaroq ko`rsatuvchi azaliy muammolardan biri bu — baqbaqadir. U nafaqat to`ladan kelgan xonimlarda, balki ozg`in sanamlarda ham uchrashi mumkin.  Baqbaqadan xalos bo`lishning bir qancha usullari mavjud. Agar undan qutulishga jiddiy kirishgan bo`lsangiz, ishni ortiqcha vaznni yo`qotishdan boshlang. Taomnomangizga kletchatkaga boy maxsulotlarni kiriting. 
 
Baqbaqaga qarshi mashqlar
Mashqlarni ko`zgu qarshisida yolg`izlikda bajargan ma`qul.

1–mashq  
Og`izni imkon qadar kattaroq ochib, iyak oldinga qarab itariladi. Asta sekinlik bilan og`iz  yopiladi. Bu mashqni bir kunda yigirma martadan takror bajarilsa, nafaqat baqbaqalardan xalos bo`lish mumkin, balki iyak va bo`yinda paydo bo`layotgan  mayda ajinlarni yo`qotishga ham  erishiladi.  

2–mashq 
Stulga o`tirib, tirsak stol ustiga qo`yiladi. So`ng bosh barmoqni iyakka  qo`yib, ko`rsatkichini esa quloq orqasiga olib boriladi. Asta-sekin og`iz ochib yopiladi. Mashqni ilk bajarishda, bu ishni besh marotaba, keyingi safarlarida esa yigirma marta qilish mumkin.  

3–mashq  
Bo`yinni oldinga cho`zib, mushaklarga bosim bergan holda barcha unli harflarni birma-bir talaffuz qiling. Іar bir unli harfni talaffuz qilganingizdan keyin mushaklarni bo`shashtiring. Mashqni kuniga 10 martadan takrorlasangiz natijasi sizni uzoq kuttirmaydi. 

Pardoz qiling!
Baqbaqalarni ko`zdan berkitish uchun sharfga o`ranib yurish shart emas. Aksincha bu aksessuar ko`pchilikning e`tiborni tortish xususiyatiga ega. Demak, kundalik pardozdan asosiy maqsad – baqbaqalarni yashirish. Yodingizda bo`lsin, yuzdagi ortiqcha muammolarni to`q rangli tonal krem yordamida bartaraf qilsa ham bo`ladi.  Demak, baqbaqaning ustiga to`q rangli tonal krem surtib, engakka teri rangidagi, engakning eng quyi qismiga esa ochroq rangdagi upa surtib, ayyorlik qilish mumkin. Pardoz natijasida yuz shakli o`zgarib, e`tiborni baqbaqadan chalg`itadi.

Taqinchoqlar-chi? 
Er yuzida bitta ayol qolsa ham zargarga ish topiladi deyishadi. Biroq bo`ynida muammosi bor ayollarga katta hajmli taqinchoqlardan voz kechishlarini tavsiya qilamiz.  

Mineral tuzlar
Baqbaqadan xalos bo`lishda mineral tuzlardan unumli foydalanish samara beradi. Buning uchun bir piyola gazlanmagan mineral suvda bir osh qoshiq dengiz tuzini eritiladi. Paxmoq sochiqni shu suvda namlantirib, ikki uchidan tutiladi.  So`ng nam sochiq bilan engakni asta shapatilanadi.  Bu mashqni har kuni ikki mahal bajarilsa, chamasi ikki oylarda natijani sezish mumkin.

Ozonoterapiya
Yuqorida sanalgan chora-tadbirlar ko`ngildagidek natija keltirmasa, kelgusi qadamni keskinroq qo`yishga to`g`ri keladi. Ozonaterapiya jiddiy esttetik muolajalardan biri sanaladi. Baqbaqa ustiga ozon va kislorodli suyuqlikni igna yordamida yuborish bilan kechadigan ushbu muolaja engaklardagi yog`larni eritish xususiyati tufayli samarali hisoblanadi. Biroq jarayon og`riqli kechgani sabab ko`pchilik bu usulga rozi bo`lavermaydi. Toshkent shahridagi estetik klinikalardagi  bu muolajaning bir marotabalik o`rtacha narxi 30 ming so`mni tashkil etadi.  

Lazerli liposaksiya
Umumiy anesteziyani talab qiluvchi muolaja sanaladi. Shu bois, ayol bu amaliyotga kirishishdan avval bir qancha shifokorlar ko`rigidan o`tishi lozim. Bu jarrohlik amaliyotida shifokor baqbaqa sohasida mikroskopik kesik hosil qilib, teri ostiga yog`larni erituvchi maxsus dori jo`natadi. So`ng lazer nuri yordamida yog`ni eritib, 1 mm hajmli ingichka ignalar yordamida tortib olinadi. Qulayligi esa birgina muolajaning o`zi kifoya. Kamchiligi esa o`ta qimmatligida.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!