“Niqob”siz yashash sirlari

12:30, 14 noyabr

Ko`pincha biz atrofimizdagi insonlarga yoqish, ularning ko`nglidagidek bo`lish uchun harakat qilamiz. Yurish-turish, gapirish, hattoki, kiyinish va boshqa-boshqa holatlarda birovlarning fikriga qarab, ish qilish hammasidan oson, qulayroqdek tuyuladi. Lekin unutmang, o`zgalar yo`rig`iga yurgan holda baxtga erishish mushkul. Boshqalarning muhokamasidan qochish evaziga nimalarni yo`qotayotganingiz haqida ham o`ylab ko`ring... Aminmizki, aktyorlik qilmay yashash sizga qulay bo`lishi, shubhasiz!

Parda ortiga nimani yashirmoqchisiz?
Sizni nima o`zingizdan uyalishga majbur qiladi? O`zgalarning ko`zidan nimanidir yashirishni istagan holatdagina inson qobiqqa o`ralib oladi. Parda ortida qolishni xohlagan narsangiz nima ekanligini aniqlab, o`sha mavzuda ochiq gapirishga o`zingizni ruhan tayyorlang! Єanday bo`lsangiz, ommaga o`zingizni ana shunday ko`rsatishga o`rganing. Hayotda aktyorlik qilishga odatlanganlardan odamlar o`zini olib qochishini yodda tuting. Statistikaga ko`ra, tashqi ko`rinishi va turmushida muammosi bor inson atrofdagilar bilan o`zini qiynayotgan mavzuda noliganidan ko`ra, hazil-mutoyiba bilan suhbatlashish yo`lini tanlasa, tinglovchilari va yordam qo`lini cho`zuvchilari ko`p bo`lar ekan.
 
Fahrlanishingizga arziydigan 4 boyligingiz! 
Ism, nasab, kasb va oilangizga nisabatan, albatta, faxr tuyg`usini tuying! Agar ismingiz Єalampirgul Xo`rozova bo`lsa edi, pasportingizni almashtiring degan bo`lardik... Aytishga ham uyaladigan kasbning egasi bo`lsangiz, unda ishingizni o`zgartiring! Agar bu ikki holatga o`xshash vaziyat sizga begona bo`lsa, bas! O`zingiz bilan faxrlaning! Insonning kamchiligi bo`lsa, bu oddiy hol. Lekin ertayu kech faqat ana shu kamchilik haqida o`ylab, uni to`g`irlamaslik, bu — xato! 

Bir kun g`olib, ikkinchi kun esa mag`lub... 
Omadimiz kelib, samoda parvoz qilsak, bu  farahbaxsh onlar yana uzoq davom etishiga chin dildan ishonamiz. Biroq fursat kelib, pastlashga majbur bo`lamiz. Ana shu vaqtda ko`pincha o`zimizga bo`lgan ishonchimiz pasayib, dadillik o`rnini qat`iyatsizlik egallaydi. Chunki yuqori cho`qqilarni zabt etib, atrofdagilar e`tiborini qozongach, mag`lub sifatida namoyon bo`lishdan uyalamiz. Tushkunlik va tanazzul taraqqiyotning ajralmas bo`lagi sanalgani sabab, ularni ochiq yuz bilan qabul qilishga tayyor bo`lish kerak! Masalan, «To`g`ri, men hozir ishsizman. Lekin qo`limdan hamma ish keladi! Bu vaziyatni o`zgartirishni uddalayman va bunga juda oz qoldi!» 
 
Shoshma-shosharlik
O`ta shoshqaloqlik, oila, ro`zg`or tashvishlari, kelinlik va rafiqalik xizmati, kamiga ishdagi muammolarni bir vaqtning o`zida uddalashga intilish ma`lum ma`noda ayolning o`zligini unutishga majbur qiladi. Chunki shoshgan odam qarashlari va odatlarini chetga surib qo`yishiga to`g`ri keladi. Adog`i ko`rinmaydigan marafonda shoshib yugurar ekansiz, ba`zan o`zingizga tin berishni unutmang. To`xtang va ortga o`giriling! Ro`zg`or tashvishlari qachon tugagan? Yoki ishdagi hisobot qanchalik shoshmang, baribir har oyning so`ngida bajarilgan. Shuning uchun bir maromda bo`lishga harakat qiling! Єanchalik shoshma-shosharlik qilsangiz, shu qadar qobiqqa o`ralib ketaverasiz. Masalan, hayotiy muhim masala yuzasidan «Hozir qaror qabul qilishingiz shart! Xo`sh, «ha» yoki «yo`q»?!» deb savolni ko`ndalang qo`yishganida, zudlik bilan javob bergan inson ko`p hollarda ichki dunyosiga to`g`ri kelmaydigan variantni tanlar ekan. Turmushda ham xuddi shunday, shoshib bajarilgan ish ko`ngildagidek natija bermaydi. 

Hayotiy vaziyatlar 
O`ylab ko`ring, qaysi holatlarda yuzingizga «niqob» taqib olishni judayam istab qolasiz? Javob topishga kirishganingizdan so`ng ko`p o`tmay, qaysi odamlar, joylar va holatlarda «rol» o`ynayotganingizni aniqlab olasiz. Endi esa o`zligingizni unutishga majburlayotgan bu «omil»lar qarshisida biroz bo`shashishga, o`ralgan qobig`ingizdan chiqishga o`zingizga izn bering. Negaki, ruhiy holatingizni sizdan boshqasi o`zgartirolmaydi. Sizga bosim o`tkazishganida, zo`riqmaslikka odatlaning. 

Lug`atingiz soddaroq bo`lsin
Rasmiy ohang va tilda so`zlashmagan ma`qul. Fikrlaringizni ifodalashda soddaroq bo`ling! Murakkab so`zlash donolikning belgisi bo`lmaydi, aksincha tushunish uchun nutqni soddalashtirish aqllilarning ishi. Oddiy misol: qaynonangiz bilan suhbatda uch qavat jimjimador so`zlarga o`ralgan gapingizdan ko`ra samimiy bir og`iz so`zingiz mehrning yana bir karra oshishiga sabab bo`ladi. 
 
Tinglashni o`rganing!
Bas, etar! Bugundan boshlab atrofdagilarda yaxshi taassurot qoldirish uchun tinmay gapirish odatingizni «tinglash va tushunish» maqsadi bilan almashtiring. «Tushunish» majburiyati sizni ko`p ham tashvishga va asablar taranglashish holatiga solmasin. Suhbatdoshingiz dunyoqarashingizga qarshi nuqtai-nazarda bo`lsa, «tushunish, bu — fikr yoki qarashga to`liq qo`shilish, uni tasdiqlash degani emas»ligini  unutmang. Ana shunda o`zligingizni yana bir karra yo`qolishidan asragan bo`lasiz.
 
Savol berishga uyalmang! 
Olamda va atrofimizdagi insonlarning hayotida ro`y berayotgan voqealar bilan qiziqish, ruhshunoslarning ta`kidlashicha, samimiylikning belgilaridan biri sanalar ekan. Demak, o`zligingizni izlash jarayonida ekansiz, siz ham suhbat davomida ko`proq savol berishdan cho`chimang. Hamsuhbatingiz gapirayotgan mavzu sizga tushunarsiz bo`lsa, aniqlik kiritishga iymanib o`tirmaslikni maslahat beramiz. Birorta gapni anglamay,  o`zini tushungandek ko`rsatgandan ko`ra, gapning mohiyatini anglashga harakat qilayotganingizni bildirgan yaxshi emasmi? 

O`zingizni boringizcha seving!
So`zda emas, balki amalda bu ishni qila olasizmi? Yaqinlaringizga qanday mehribon bo`lsangiz, o`zingizga ham ana shunday e`tibor bering. Albatta, boshlanishiga bu jarayon biroz qiyin kechishi mumkin. O`zingizga bo`lgan muhabbatni hammaga oshkor etishingiz shart emas. Upa-elik, atir, ro`molcha va gul kabi kichik sovg`alarni sevimli o`zingizga hadya qilishga odatlaning. Bo`y barobar ko`zgu qarshisida turib, o`zingizni qomatingiz va yuzingiz boricha go`zal ekanligini baland ovozda ayting. 

Ko`zga qarab, so`zlash aslo hurmatsizlik emas!
Tanish yoki notanish, katta yoki kichik bo`lsin odamlarning ko`ziga qarab so`zlashni o`rganing. Tabiatan insonda kim unga uzoq tikilib turgan bo`lsa, o`shaning fikriga qo`shilish va bo`ysunish hislati mavjud ekan. Bu ma`lumotni suiste`mol qilmaslikni maslahat bergan bo`lardik, negaki odamlar bilan suhbatingiz xuddi ikki bokschining ringdagi uchrashuviga o`xshab qolishi hech gap emas. Lekin bir fikr tugatilmagunga qadar ko`zni olib qochmaslikka harakat qiling. 

Samimiy bo`lish uchun mashq!  
Bir qancha maslahatlarni o`qib chiqdingiz, ana endi ayting-chi, nima uchun boringizcha ko`rinish sizga mushkul? Chunki siz har doim o`zgalarga yoqishni istaysiz! Siz boshqalarning fikri asiriga aylanib qolmadingizmi? Bu asirlikdan chiqib ketish uchun ruhshunoslar tomonidan ishlab chiqilgan bir qancha mashqlar bor. Ulardan eng samaralisi — odamlar siz haqingizda fikr bildirishlari uchun atayin biror narsa yoki holatni yuzaga keltirish. Masalan, odatdagidan boshqacha turmak, libos kiyib yoki bir kun ovqatga tuz solmay pishirib ko`ring-chi, nima bo`lar ekan?! Ana shunda oilangiz a`zolari, qaynona-qaynotangiz, turmush o`rtog`ingiz va hamkasblar tomonidan turli-tuman gap, hattoki salbiy fikrlarni eshitishga ham o`rganasiz. Tanqid ham o`zligingizning bir bo`lagi ekanligini unutmang. 

Asosiysi, o`zingizni seving, ana o`shanda atrofdagilarga qanchalar sevimli ekanligingizni anglay boshlaysiz...
Ruhshunos, psixologiya fanlari nomzodi, dosent Sohibjamol JO`RAEVA bergan tavsiyalar asosida tayyorlandi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!