Xatamjon Ketmonov camarqandlik saylovchilar bilan uchrashdi

15:26, 14 noyabr

2016 yil 14 noyabr kuniO`zbekiston Respublikasi prezidentligiga O`zbekiston XDPdan ko`rsatilgan nomzod Xatamjon Ketmonov Camarqand viloyatida saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuv,Samarqand viloyat hokimligining majlislar zalida bo`lib o`tdi. Onlayn video-konferensiya shaklida tashkil etilgan uchrashuvda, viloyatning barcha tumanlaridagi saylovchilar tadbirning bevosita ishtirokchisi bo`ldilar.

Tadbirni, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdug`appor Qirg`izboev ochdi va olib bordi.

Dastlab, nomzodning ishonchli vakili Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sahobiddin Arziqulov, Xatamjon Ketmonovning tarjimai holi bilan yig`ilganlarni tanishtirdi.

Shundan so`ng,  so`z O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosari, partiya fraksiyasi rahbari Xatamjon Abdurahmanovich Ketmonovga berildi.

Xatamjon Ketmonov dastavval, salkam 3000 yillik tarixga ega bo`lgan,ro`yi zamin sayqali, dunyo sivilizasiyasining yirik markazlaridan biri hamisha navqiron Samarqand haqida so`zlar ekan, zaminida azaldan fan va marifat, diniy va dunyoviy ilm rivojlangan Samarqand shahri  2001 yili “Madaniyatlar chorrahasi bo`lgan shahar” sifatida YuNESKO Butunjahon madaniy merosi ob`ektlari ro`yxatiga kiritilgani barchamiz uchun yuksak faxr va iftixor ekanligini ta`kidladi.

Shuningdek, mustaqillik yillarida yanada obod va ko`rkam go`shaga aylangan, yaratuvchanlik va bunyodkorlik  ajdodlaridan meros bu zaminning mehnatkash va  fidoyi xalqi haqida to`xtalib,betakror nonlari, zargarlik, kashtachilik buyumlari, avtomobillari va  gilamlari bilan Samarqandni dunyoga mashhur qilib kelayotgan, viloyatdagi mislsiz o`zgarish va yutuqlarning asl sababchisi qo`li gul, tinib tinchimaydigan, o`z hayotini halol mehnati va aql zakovati bilan bezaydigan Samarqand ahli ekanini e`tirof etdi. O`z tarixi va qadriyatlarini hurmat qilib, shunga uyg`un holda zamonaviy g`oya va tashabbuslarni ilgari surib, yurt taraqqiyotiga hissa qo`shib kelayotgan bunday odamlarning, albatta, siyosiy ongi va tafakkuri ham yuksak bo`lishiga ishonch bildirdi. Bu esa fuqarolarning hohish irodasini ifoda etuvchi  saylovlar jarayonida muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta`kidladi.

Shundan so`ng nomzod, o`z Saylovoldi dasturi bilan yig`ilganlarni tanishtirdi. 

Jumladan, nomzod o`z dasturida ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar va xizmatlar narxini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazorati samaradorligini yanada oshirish orqali narxlar va tariflarning o`sishi inflyasiya darajasidan yuqori bo`lmasligini ta`minlash, uy-joylarning ijtimoiy maqbulligini ta`minlash maqsadida, davlat mulkini xususiylashtirishdan olinadigan mablag`larning bir qismini turar joy fondini shakllantirishga yo`naltirish mexanizmini takomillashtirish masalalariga e`tiborni kuchaytirish haqida to`xtaldi.

Shuningdek, mamlakatimizda avtotransport vositalarining ko`payib borayotganligi natijasida yo`llar, katta shaharlarning ko`chalarida tirbandliklar vujudga kelishiga barham berish maqsadida tegishli infratuzilmani doimiy takomillashtirib borish, piyodalar yo`laklarini kapital ta`mirlash, ekologik toza, sog`lom turmush tarziga zamin yaratuvchi veloyo`laklarni qurish zarurligini ta`kidladi.

Nomzod dasturi bilan saylovchilarni tanishtirar ekan, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlash, mazkur ustuvorlikka amal qilgan holda, etakchi ijtimoiy sohalarning tijoratlashuvini cheklash, jamiyatning barcha a`zolarining ishonchli ijtimoiy kafolatlari ta`minlanishi masalalarida biznes mas`uliyatini oshirish lozimligi va bu vazifani ro`yobga chiqarishda “Kuchli ijtimoiy himoya – asosiy maqsadimiz!” shioriga tayanilishi haqida so`z bordi.

Shundan so`ng asosiy ma`ruza yuzasidan bir qator ishtirokchilar so`zga chiqdilar.

Ular o`z chiqishlarida nomzod dasturida ilgari surilayotgan nogiron bolalarni zarur maxsus adabiyot va qo`llanmalar bilan ta`minlashni o`z ichiga oladigan inklyuziv ta`lim tizimini yanada rivojlantirish va soha o`qituvchilariga imtiyozlar berish, jismoniy imkoniyatlari cheklangan (nogiron) talabalarning oliy o`quv yurtlarida ta`lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, pedagogik ma`lumotga ega, lekin bola tarbiyasi bilan mashg`ul bo`lgani bois vaqtincha ishlamaydigan ayollarning oilaviy maktabgacha ta`lim tarbiyachisi sifatidagi uy mehnatini tashkil etishning qonuniy asoslarini yaratish masalasini qo`llab-quvvatladilar. 

Bundan tashqari, saylovchilar, nomzod Saylovoldi dasturida fuqarolar huquqlarini himoya qilishning sud mexanizmlari ommabopligini kengaytirish va mazkur masalalarda sud nazoratini kuchaytirish hisobiga sud qarorlari ijrosi sifatini oshirish bo`yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, sudlarda ishlarni ko`rib chiqish jarayoniga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng tatbiq etish. Fuqarolarning sudga murojaat qilishi va sud hujjatlarini olishining elektron tizimini keng joriy qilish bo`yicha berilgan takliflarni ijobiy baholadilar.

Shundan so`ng savol-javoblarga navbat berildi. Unda saylovchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakillaridan atroflicha javob olish imkoniga ega bo`ldilar.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!