Sarvar Otamuratov Qashqadaryo viloyati respublikada iqtisodiy salohiyati bilan ajralib turishini ta`kidladi

14:28, 15 noyabr

15 noyabr kuni O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratovning Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Uchrashuvda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, mahalla faollari, partiya a`zolari va OAV xodimlari ishtirok etdi.

Uchrashuv Qashqadaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarining saylovchilari bilan onlayn videokonferensiya orqali muloqot tarzida bo`lib o`tdi.

Uchrashuvni xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashidagi O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi guruhi a`zosi Allamurod Keldiev ochib berdi va olib bordi.

Dastlab nomzodning viloyatdagi ishonchli vakili Sayfulla Maxmatmo`minov yig`ilganlarni Sarvar Otamuratov tarjimai holi bilan tanishtirdi. Shundan so`ng nomzod saylovoldi Dasturining asosiy yo`nalishlari yuzasidan nutq so`zladi. 

Nomzod ta`kidlaganidek, saylovoldi Dasturda xalqaro miqyosda e`tirof etilgan va bugungi taraqqiyotimizning hayotiy dasturiga aylangan besh tamoyil asosida amalga oshirilayotgan islohotlar bardavomligini ta`minlash, tarixiy, madaniy, boy ma`naviy-axloqiy qadriyatlar va an`analar asosida jamiyatda yuksak huquqiy va siyosiy madaniyatni mustahkamlash, ma`naviy yuksalishga erishish hamda milliy iqtisodiyotni rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

Dasturda belgilangan maqsad-vazifalar mamlakatimizning barcha hududlari qatori Qashqadaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ham juda muhimdir. Sarvar Otamuratov aytib o`tganidek, Qashqadaryo viloyati respublikada iqtisodiy salohiyati bilan ajralib turadi. Bugungi kunda yurtimizda qazib olinayotgan gazning 64 foizi, neftning 67, gaz kondensatining 87,4 foizi Qashqadaryo viloyati hissasiga to`g`ri kelmoqda. Viloyatdagi Sho`rtan gaz-kimyo majmuasi, “Muborakneftgaz” unitar sho``ba korxonasi, Dehqonobod kaliyli o`g`itlar zavodi, Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi kabi zamonaviy sanoat korxonalari, “Hisorneftgaz”, “Ko`kdumaloqgaz”, “Sho`rtangazmahsulot” singari yirik qo`shma korxonalar iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. 

Uchrashuvda Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov viloyatdagi yirik sanoat korxonalarining eksport salohiyatini oshirish masalalari muhandislik-kommunikasiya va yo`l-transport infratuzilmasiga bog`liq ekanligini ta`kidladi. Shuning uchun dunyo bozoriga yangi yo`llar ochish, O`zbekistonni boshqa davlatlar, mintaqalar bilan bog`laydigan transport kommunikasiyalari barpo etish masalasiga alohida e`tibor qaratdi.

Nomzod engil va ixcham to`qimachilik korxonalarining sonini ko`paytirish, ularga mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishni qo`llab-quvvatlaydi. Davlat kompaniyalari va davlat ulushi ustunlik qiladigan korxonalarning moliya-xo`jalik faoliyati shaffofligini ta`minlash orqali ularning faoliyat samaradorligini oshirish lozim, deb hisoblaydi. Sarvar Otamuratov milliy iqtisodiyot rivoji etuk mutaxassis-kadrlarga bog`liq ekanligini hisobga olgan holda zamonaviy bilim va malakaga ega injener-texnik, moliya-iqtisod, korporativ boshqaruv menejmentlari, axborot texnologiyalari sohasida dasturchilarni tayyorlashni tubdan kuchaytirish va mazkur sohalardagi iste`dodli yoshlarni qo`llab-quvvatlash tarafdori ekanligini bildirdi.

Uchrashuvda nomzod saylovoldi Dasturning boshqa sohalari xususida ham atroflicha to`xtalib o`tdi. Sarvar Otamuratov ilgari surayotgan vazifalar qashqadaryolik saylovchilarda katta qiziqish uyg`otdi. So`zga chiqqan saylovchilar saylovoldi Dastur yuzasidan o`z munosabatlarini bildirdilar. Ular tomonidan bildirilgan fikrlarning xilma-xilligi, saylovchilar va nomzod o`rtasida savol-javob tarzida kechgan muzokaralarning qizg`inligi odamlarning nomzod Dasturiga befarq emasligidan dalolat beradi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!