Kurash bo`yicha yoshlar o`rtasidagi VIII jahon chempionatida o`zbekistonliklar 9 ta oltin medalga sazovor bo`ldi

14:29, 15 noyabr

Hindistonning Kochchi shahrida yigirma yoshgacha bo`lgan yigit-qizlar o`rtasida kurash bo`yicha VIII jahon chempionati o`tkazildi. Nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli qatnashgan polvonlarimiz 9 oltin, 3 kumush va 1 bronza medalni qo`lga kiritdi.  Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Kurash xalqaro assosiasiyasi tomonidan tashkil etilgan chempionatda dunyoning ellikdan ziyod mamlakatidan besh yuzga yaqin sportchi 15 vazn toifasida g`oliblik uchun o`zaro bellashdi. 

Chempionatda barcha raqiblarini mag`lubiyatga uchratgan Ruslan Bo`riev, Shahram Ahadov, Rahmatullo Nuriddinbekov, Husniddin Husanov, Bekmurod Oltiboev, Rahima va Mahliyoxon Yo`ldoshevalar, Muxlisa Abdumalikova, Umidaxon Mirhamidova shohsupaning eng yuqori pog`onasidan joy egalladi. 

Abdulaziz Hamroev, Sadam Ahmetov, Sarvar Ikromov kumush medal bilan taqdirlangan bo`lsa, Ro`zimboy Eshjonov bronza medaliga sazovor bo`ldi. 

Chempionatda O`zbekiston yoshlar terma jamoasi "eng yaxshi jamoa", deb tan olingan bo`lsa, Bekmurod Oltiboev "eng yaxshi kurashchi", deb e`lon qilindi. 

Shuningdek, Kurash xalqaro assosiasiyasining XVI kongressi bo`lib o`tdi. Unda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bag`ishlangan xalqaro turnir tashkil etish haqida O`zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o`rinbosari M.Aliev tomonidan berilgan taklif ishtirokchilar tomonidan ma`qullandi. Mazkur turnir birinchi marta 2017 yil Toshkent shahrida o`tkaziladi. 

AQSh, Shveysariya, Kamerun va Nepal kurash federasiyalari assosiasiyaga a`zolikka qabul qilindi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!