2017 yilda Cho`lpon tavalludining 120 yilligi nishonlanadi

15:52, 15 noyabr

2017 yilda uning 120 yilligi nishonlanadi. 

O`zbek adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri Abdulhamid Sulaymon o`g`li Cho`lpon 1897 yilda Andijonning «Qatorterak» mahallasida ziyoli oilasida dunyoga kelgan. Onasi uy bekasi bo`lgan. Otasi Sulaymonqul mulla Muhammad Yunus o`g`li (1874-1929) dehqonchilik, hunarmandchilik, bazzozlik bilan shug`ullangan.

Cho`lpon avval eski maktabda, so`ngra esa Andijon va Toshkentdagi obro`li madrasalarda tahsil olib, turk, arab, fors tillarini mukammal o`zlashtiradi. Sharq ijtimoiy-siyosiy qarashlaridan oziqlanadi. Firdavsiy, Sa`diy, Hofiz, Dehlaviy, Nizomiy, Umar Xayyom, Alisher Navoiy, Abdulla To`qay kabi buyuk so`z san`atkorlari ijodini mehr bilan o`rganadi. Shu bilan birga, Andijondagi rus-tuzem maktabida rus tilini chuqur o`zlashtirishi natijasida jahon adabiyoti durdonalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo`ladi. Ayni chog`da Turkistonda 1905 yillarda kamol topa boshlagan ma`rifatparvarlik yo`nalishi ta`sirida shakllana boradi. Mahmudxo`ja Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi atoqli ma`rifat targ`ibotchilari va tashkilotchilariga ergashadi, ma`rifatchi adib bo`lib shakllanadi.

Cho`lponning ijodi 1913-1914 yillardan boshlangan bo`lib, u avval «Qalandar», «Mirzaqalandar», «Andijonlik» va nihoyat Cho`lpon (Tong yulduzi) taxalluslari bilan ijod qila boshladi. U ham shoir, ham nosir, ham dramaturg sifatida xalqimiz adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa qo`shdi. Uning dastlabki asarlari «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg`ona» kabi mahalliy ro`znomalarda, shuningdek, Orenburgda chiqadigan «Sho`ro» nomli oynomada ham nashr etiladi. Xususan, Cho`lponning «Ishtirokiyun», «Qizil bayroq», «Turkiston» hamda «Buxoro axbori» kabi ro`znomalardagi faoliyati ham uning ijodiy shakllanishida mahorat maktabi bo`lib xizmat etdi.

Cho`lpon etuk lirik shoirgina emas, yirik nosir sifatida o`nlab publisistik maqolalar, ocherk va hikoyalar, «Qor qo`ynida lola», «Yov» qissalari va «Kecha va kunduz» (1938) kabi ajoyib romanining birinchi («Kecha») qismini nashr ettirgan iste`dodli adib hamdir.

U dramaturg sifatida ham salmoqli ijod qilgan. Uning «Xalil farang», «Cho`rining isyoni» kabi kichik pesalari, «O`rtoq Qarshiboev», «Mushtumzo`r» kabi etuk dramalari hamda ko`p vaqt sahnadan tushmagan «Yorqinoy» pesalari mashhur bo`lgan. Shuningdek, rus yozuvchisi V.Yan bilan hamkorlikda «Hujum» dramasini yaratgan.

Cho`lpon adabiy tanqid sohasida «Sho`ro hukumati va sadoi nafisa», «Adabiyot nedur?» kabi mazmunli maqolalar ham yaratgan. Shuningdek, Cho`lpon mohir tarjimon sifatida M.Gorkiyning «Ona», A.S.Pushkinning «Dubrovskiy» qissasi va «Boris Godunov» kabi pesalarini hamda V.Shekspirnnng mashhur «Hamlet»ini o`zbekchaga o`girgan.

Cho`lpon ham Fitrat va Abdulla Qodiriy kabi qatag`onlik siyosati qurboni bo`lgan. U 1937 yilning 14 iyulida qamoqqa olinib, 1938 yilning 4 oktyabrida otib tashlangan. 1956 yilda oqlanib, 1991 yildagina birinchi bor «Yana oldim sozimni» nomi bilan eng yaxshi she`riy asarlari to`plam holida nashr etildi. Keyingi bir jildlik kitobidan uning kengaytirilgan tarjimai holi, (prof. O.Sharafiddinov) «Kecha va kunduz» romani o`rin olgan.

Hozirgi kunda Cho`lpon nomida nashriyot, ko`cha, mahalla, kutubxona va maktablar bor. Uning Fozila (1906), Foiqa (1903) ismli qizlari va nabiralari Namanganda yashaydi. Unga 1991 yil 25 sentyabrda «Yana oldim sozimni» kitobi uchun Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berildi. 2016 yilda andijonlik yozuvchi Nabi Jaloliddin Cho`lpon hayoti va ijodiga bag`ishlangan ikki kitobli tarixiy romanni yozib tugatdi.

Abdulhamid Sulaymon o`g`li Cho`lpon istiqlol uchun jon fido qilgan, mustamlakachilarga nafratini oshkora izhor etgan jasur hamda o`zbek adabiyoti tarixida yagona iste`dod sohibi bo`lgan shoir edi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!